Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Turkiy tilli yoshlar Qo‘qonda jam bo‘ldi
10:04 / 2023-07-12

Ko‘hna va navqiron Qo‘qon shahrida “Turkiy tilli yoshlar” xalqaro festivali boshlandi.

Madaniyat va turizm vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Farg‘ona viloyati hokimligi, tomonidan Xalqaro Turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOY bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda yurtimizning barcha hududlaridan, shuningdek, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkiyadan 200 nafardan ziyod faol yoshlar va talabalar ishtirok etmoqda.  

Mehmonlar temir yo‘l bekatida tantanali kutib olindi. Bugungi kunda turkiy xalqlar o‘rtasida savdo-iqtisodiy, madaniy va ijtimoiy, ilmiy-texnikaviy sohalarda o‘zaro munosabatlar rivojlanib bormoqda. Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar doirasidagi tadbirlarning ko‘lami ham kengaydi. Prezidentimizning 2022 yil 29 iyulda qabul qilingan “Turkiy davlatlar bilan turizm sohasidagi hamkorlikni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori muhim ahamiyatga ega. Mazkur qarorga muvofiq, Turkiy dunyo doirasida “Tabarruk ziyorat” turizm konsepsiyasi amalga oshirilmoqda.  

[gallery-12744]

Yoshlar yurtning kelajagini, uning ertangi taqdirini hal qiluvchi katta kuchdir, ularni ilm-fanga faol jalb qilish muhim ahamiyatga ega. Hozirda Turkiy Davlatlar Tashkilotiga a’zo mamlakatlar hududida 68 milliondan sal ko‘proq yoshlar istiqomat qiladi, bu esa tashkilotga a’zo mamlakatlar aholisining taxminan 40 foizini tashkil qiladi. Turkiy tilli yoshlar o‘rtasida turli anjumanlar, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarning o‘tkazilishi do‘stlik va hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.  

Qo‘qon universiteti ochiq maydonida “Turkiy tilli yoshlar” xalqaro festivalining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat hokimining o‘rinbosari Xurshidjon Ahmedov, turkiy davlatlar yoshlarini festival bilan muborakbod etib, har bir ishtirokchini faollikka chorladi. Mazkur tadbir yosh avlodning xalqlarimiz tarixi va milliy-madaniy merosga mehrini oshirish, Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar bilan turizm sohasidagi hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish, yoshlarning turizm sohasidagi istiqbolli g‘oyalari va loyihalarini amalga oshirishdan iborat ekanligi qayd etildi.  

Bayram kechasida ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar, go‘zal raqslar qardosh xalq vakillarini yanada jipslashtirdi. 15 iyulga qadar davom etadigan festival doirasida kitobxonlik kuni, milliy va etnosport turlari bo‘yicha sport musobaqalari, madaniy-ko‘ngilochar tadbirlar, yoshlar uchun biznesni tashkil qilish, hunarmandchilik mahsulotlarini tayyorlash bo‘yicha davra suhbatlari, yoshlar bilan taniqli teatr va kino ijodkorlarining ijodiy muloqotlari tashkil etiladi. Turkiy tilli yoshlarning “Do‘stlik” kechasi, Qo‘qon shahridagi diqqatga sazovor joylarga sayohat, milliy hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi, Rishtondagi xalqaro kulolchilik markazi hamda Uchko‘prik tumanidagi “Mehrigiyo” kichik korxonasi lavanda bog‘lariga tashrif ham ishtirokchi yoshlarga o‘ziga xos kayfiyat ulashadi.  

M.Sulaymonov,  

M.Qodirov olgan surat