O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida “Turkiy tilli davlatlarning falsafasi, madaniyati, aloqalari: tarix, bugun va kelajak” mavzusida VI xalqaro simpozium o‘tkazildi.
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan simpoziumda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Rossiya Federatsiyasi, Turkiya, Shvetsiya, Malayziya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston universitetlaridan yetakchi olimlar, professor-o‘qituvchilar, doktorantlar, mustaqil tadqiqotchilar, magistr va talabalar ishtirok etdi.
Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vakillik organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, din va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining o‘rinbosari Matluba Qahhorova, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi Ahmadali Asqarov, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi akademigi Nurislom To‘xliyev, Istanbul universiteti ijtimoiy siyosat fanlari doktori Kemal Yavuz Ataman tabrik so‘zlari bilan ochib berishdi.

Anjuman ijtimoiy fanlar, falsafa, tarix, siyosatshunoslik va madaniyatshunoslik sohalaridagi dolzarb masalalarni qamrab oldi.
Mazkur ilm muhokamasini o‘tkazishdan maqsad turkiy tilli davlatlar falsafasi, madaniyati, hamkorligi va xavfsizligi masalalari shuningdek, turdosh fan yo‘nalishlarida turkiy tilli davlatlar integratsiyasi omillari hamda qonuniyatlarini o‘rganish sohasida to‘plangan tajribani umumlashtirishdan iborat.
Simpozium davomida turkiy tilli davlatlar falsafasi, madaniyati, integratsiyasi va hamkorligini rivojlantirishning ijtimoiy, siyosiy jihatlarining nazariy-metodologik masalalariga oid tahlillar o‘rganildi. Turkiy tilli davlatlar falsafasi, madaniyati tarixi bo‘yicha ma’lumotlar almashildi. Turkiy tilli davlatlar integratsiyasi va hamkorligini rivojlantirishning ijtimoiy, madaniy, siyosiy jihatlari muhokama qilindi.

– Islom dinining Hijoz zaminidan Movarounnahrga yoyilishi va turkiy xalqlarning musulmon bo‘lishi tarix oqimini hamda jamiyatlarning tuzilishini tubdan o‘zgartirdi, – dedi Istanbul universiteti ijtimoiy siyosat fanlari doktori Kemal Yavuz Ataman. – Bu davrlarda buyuk olimlar, so‘fiylar yetishib chiqqan, bebaho asarlar yaratilgan. Turkiy xalqlar islom tamaddunining yuksalishiga boshchilik qilib, butun dunyoga o‘z ta’sirini ko‘rsatdilar. Bugungi kunda esa davlatlar va millatlar global markazlarning hukmronligi ostida qoldi. Siyosiy, iqtisodiy va texnologik monopoliyalar shakllanib, insoniy, milliy va diniy qadriyatlar zaiflashdi. Tabiiy boyliklar va resurslar talanmoqda, barcha narsa manfaat asosiga qurilmoqda, insoniyatning kelajagi xavf ostida qolmoqda. Shunday davrda turkiy xalqlarning birdamligi har qachongidan-da muhim. O‘ylaymanki, bugungi simpozium o‘tmishda yashab o‘tgan ajdodlarimizning ilmiy merosini o‘rganishga, ularni bugungi kundagi mushtarak maqsadlarimiz sari tatbiq etishga zamin bo‘ladi.
Simpoziumda “Turkiy falsafiy tafakkurda inson va tabiat uyg‘unligi: tarixiy ildizlar va zamonaviy talqinlar”, “Turkiy xalqlar davlatchiligi va huquq tarixi hamda ularning zamonaviy huquq tizimlar rivojidagi o‘rni”, “Turkiy davlatlar integratsiyasi: geosiyosiy jarayonlar va yangi istiqbollar”, “Buyuk Ipak yo‘li va turkiy xalqlar o‘rtasidagi tarixiy aloqalar” hamda “Turkiy xalqlarning islom sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasi” kabi mavzulardagi masalalar muhokama qilindi.

– Bugungi jahon siyosiy jarayoni xalqaro hamjamiyatni yanada jipslashish, murakkab vaziyatlar bilan bog‘liq muammolarga birgalikda samarali yechim topishga undamoqda, – dedi Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti professori, falsafa fanlari doktori Ismoil Saifnazarov. – Zamonaviy global masalalar – ayrim mintaqalardagi notinchlik, turli ziddiyatlar avj olishi, moliyaviy-iqtisodiy tanglik, global energetika va oziq-ovqat inqirozi, ekologiyaning jahon iqtisodiyotiga ta’siri, inflyatsiya bosimi ortishi, milliy iqtisodiyotlar zaiflashib borayotgani xalqaro munosabatlardagi institutsional o‘zgarishlarni kun tartibiga olib chiqdi. Bunday sharoitda, shubhasiz, xalqaro va mintaqaviy institutlar roli ortmoqda. Turkiy davlatlar tashkiloti mintaqada o‘ziga xos muhim hamkorlik modeliga aylanib borayotgani xalqaro hamjamiyat tomonidan ham munosib e’tirof etilmoqda. Ushbu platforma qisqa vaqt ichida aniq strategik maqsadlarni amalga oshirish imkoniga ega tuzilma sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Turkiy davlatlar tashkilotining o‘ziga xosligi yana shundaki, barcha a’zo davlatlarda siyosiy barqarorlik ta’minlangan va o‘zaro do‘stona munosabatlar o‘rnatilgan. Bu xalqaro amaliyotda kamdan kam uchraydigan holat, ya’ni birlashish qarama-qarshiliklarni bartaraf etish emas, balki manfaatlarning tabiiy uyg‘unligi va tarixiy yaqinlik asosida qurilishi mumkin.

Xalqaro hamjamiyat bilan ishonchni mustahkamlash qobiliyati tashkilotning uzoq muddatli va barqaror taraqqiyot maqsadiga muvofiq, mintaqaviy hamkorlikka hissa qo‘shishida hal qiluvchi ahamiyatga ega. Ta’kidlash joiz, O‘zbekiston raisligi davrida tashkilotning “Turkiy dunyo nigohi – 2040” konsepsiyasi qabul qilingani e’tiborga molik masalalardan biridir.
Asosiy munozaralardan so‘ng simpozium ishi panel sessiyalari bilan davom etdi. Simpoziumda so‘zga chiqqanlar tomonidan turkiy tilli davlatlar falsafasi, madaniyati, tarixining yangi qirralari, turkiy tilli davlatlar integratsiyasi va hamkorligini rivojlantirishning ijtimoiy, siyosiy jihatlariga ta’sir etuvchi omillar, turkiy tilli davlatlarning hamkorlik aloqalari tarixi va buguni hamda turkiy tilli davlatlar hamkorligini rivojlantirishning ijtimoiy, madaniy va siyosiy jihatlari, istiqbollari haqida fikr bildirildi.
Anjuman doirasida 100 dan ziyod maqola tezislari to‘plandi, ular orasidan eng dolzarb masalalarga bag‘ishlangan tezislar saralandi.
Simpozium yakunida O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi hududida joylashgan tarixiy qadamjolarga sayohat tashkil etildi.
N.Usmonova, O‘zA