Turkiy tilli davlatlar vazirlari pandemiya bilan bogʻliq vaziyatni muhokama qilmoqda
Istanbulda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi sogʻliqni saqlash sohasida muvofiqlashtiruvchi ilmiy qoʻmitasi yigʻilishining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.
Istanbulda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi sogʻliqni saqlash sohasida muvofiqlashtiruvchi ilmiy qoʻmitasi yigʻilishining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.
Turkiya, Vengriya, Ozarboyjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston sogʻliqni saqlash vazirlari qatnashayotgan yigʻilishda yurtimizdan Sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov boshchiligidagi delegatsiya ham ishtirok etmoqda. Shuningdek, mazkur tadbirga JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosi rahbari Xans Klyuge ham tashrif buyurgan.
Marosimni Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining Bosh kotibi Bagʻdat Amreyev ochib berdi.
Tadbirda Alisher Shadmanov soʻzga chiqib, yurtimizda koronavirusga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar va bunda xalqaro jamoatchilik, jumladan, Turkiya bilan tizimli hamkorlik aloqalari yoʻlga qoʻyilganini alohida taʼkidladi.
JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosi rahbari Xans Klyuge va Turkiya Sogʻliqni saqlash vaziri Faxruddin Qovja oʻz nutqlarida Oʻzbekistonning pandemiyani jilovlash borasidagi harakatlariga ijobiy baho berib, qisqa fursatlarda kasallikka chalingan bemorlarni davolashga ixtisoslashtirilgan shifoxonalar qurib bitkazilgani, “COVID-19”ga gumon qilinganlarni saralash va taqsimlash tizimi yaxshi yoʻlga qoʻyilgani, virusga qarshi qoʻllanilayotgan qator dori vositalari va tibbiy buyumlar mamlakatning oʻzida ishlab chiqarilayotgani Oʻzbekistonning salohiyatidan darak berishini eʼtirof etishdi.
Ushbu muhim yigʻilishning asosiy mavzusi — shu kecha-kunduzda dunyoning eng dolzarb muammosi boʻlib turgan koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishda mintaqalararo hamkorlik, yangi virus boʻyicha toʻplangan tajribalar bilan oʻrtoqlashish, qardosh xalqlar sogʻliqni saqlash tizimlari oʻrtasida shu va boshqa masalalarda keng koʻlamli hamkorlikni rivojlantirish masalalalaridir.
Ushbu ilmiy anjuman kun tartibida:
koronavirus infeksiyasini tashxislash va davolash;
ogʻir ahvoldagi bemorlarni parvarishlash;
virusga qarshi kurashayotgan tibbiyot xodimlarining xavfsizligini taʼminlash;
epidemiologik vaziyatni boshqarishda elektron tizimlarni joriy qilish;
“COVID-19”ga qarshi vaksinatsiya jarayonlarida birgalikda harakat qilish kabi masalalar muhokama qilinadi.
Sogʻliqni saqlash vazirligi
Matbuot kotibi.