Joriy yilning 8-12 noyabr kunlari Turkiyada “Korkut Ata” turkiy tilli davlatlar xalqaro kinofestivali bo‘lib o‘tdi.
Mazkur kinofestivalda Rashid Malikovning Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan suratga olingan "Tutqunlik" filmi hay’at azolarining maxsus mukofoti bilan taqdirlandi. Ali Hamroyevning "Xalq jasorati" filmi esa hujjatli kino yo‘nalishida ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Shuningdek, Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqovga “O‘zbek kino san’ati rivoji uchun” maxsus mukofoti topshirildi.
Kinofestival hay’at raisi Mesud Uchakan o‘zbek filmlaridagi gumanistik g‘oyalarni olqishlashdi.

- O‘zbek filmlarining gumanizm g‘oyalarini ilgari surishi bizga juda yoqdi. “Mehr” operatsiyasi haqida suratga olingan "Tutqunlik" filmi alohida olqishga loyiq. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining urush kechayotgan yerlardan o‘z fuqarolarini qaytarish bo‘yicha ko‘rsatgan tashabbusini alohida e’tirof etgan bo‘lardim. Bu ulkan insoniylik va gumanistik loyihadir-dedi Mesud Uchakan.

-Mazkur mukofot so‘nggi 5 yil davomida O‘zbekistonda olib borilayotgan kino islohotlariga katta baho deb bilaman. Mazkur islohotlar bevosita hurmatli prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bilan bog‘liq. Ularning barchasi Prezidentimiz tashabbuslari natijasidir. Mazkur mukofot o‘zbek kinoijodkorlarinikidir. Chunki buni ortida juda katta jamoa va hamjihatlikdagi mehnat turipti. Ularga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman", deya ta’kidladi O‘zbekiston kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov.
Turkiya madaniyat va turizm vaziri Ahmet Demirkan hamkorlikni alohida qayd etdi.

- Endilikda biz O‘zbekiston Kinematografiya agentligi bilan aloqalarni o‘rnatamiz, hamkorlikda xalqaro kinoloyihalar ishlaymiz. O‘ylaymanki, bu hamkorligimiz katta natijalar beradi,- dedi u.
Shuningdek festival davomida o‘zbek kinosi kuni o‘tkazilib, "Tutqunlik", "Xalq jasorati" filmlaridan tashqari Jahongir Axmedovning "Ilhaq" kartinasi premerasi bo‘lib o‘tdi. Shu bilan birga, Turkiya telekanallarida o‘zbek filmlari namoyishi etildi.
Kinofestival davomida o‘zbek delegatsiyasi tomondan turli kompaniyalar bilan hamkorlik kelishuvlariga erishildi.
Kinofestivalning taqdirlash marosimida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov ham ishtirok etdi. So‘ngra turkiyalik hamkasbi bilan duet kuyladi. Ularning chiqishi tashrif buyurganlarda yorqin taassurot qoldirdi va olqishlarga sazovor bo‘ldi.
O‘zbekiston kinematografiya agentligi Axborot xizmati