Joriy yilning 23-24 iyun kunlari Qo‘qon shahrida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi turizm masalalari vazirlarining VI va Turizm bo‘yicha ishchi guruhning XV yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Turkiya, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Ozarbayjon va O‘zbekistonning turizm masalalari bo‘yicha vazirlari ishtirok etdi.
Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi turk dunyosi mamlakatlari muloqoti va hamkorligini rivojlantirish uchun tashkil etilgan xalqaro platformadir. Mazkur Kengash xalqaro hukumatlararo tashkilot bo‘lib, faoliyatining asosi turkiy tilli mamlakatlar o‘rtasida do‘stlik va qo‘shnichilikni mustahkamlash, hududda va jahonda tinchlikni saqlash, xavfsizlik va o‘zaro ishonchni mustahkamlashga qaratilgan. O‘zbekiston ko‘plab sohalar qatorida tashkilotga a’zo davlatlarda turizm sohasini rivojlantirish, «Zamonaviy Buyuk Ipak yo‘li» sayyohlik dasturini amalga oshirishda faol ishtirok etib kelmoqda. Mazkur yo‘nalishdagi xayrli tashabbuslarning ro‘yobga oshirilishi O‘zbekiston turistik jozibadorligini yanada oshishiga va turkiy davlatlar o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarining mustahkamlanishiga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Mamlakatimizda ilk bor tashkil etilgan tadbirda so‘zga chiqqan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi (Turkiy kengash) Bosh kotibi Bag‘dat Amreyev, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov va boshqalar turizm sohasidagi hamkorlik istiqbollari haqida so‘z yuritdi.
Yig‘ilishda Kengashga a’zo davlatlarda turizm sohasining pandemiyadan keyingi tiklanishi, «Tabarruk ziyorat» loyihasini amalga oshirish, Qo‘qon shahrini «Zamonaviy ipak yo‘li» dasturiga kiritish hamda a’zo davlatlarning yirik shaharlari o‘rtasida xalqaro aviareyslarni tiklash masalalari muhokama etildi. Manfaatli hamkorlik borasida bir qator taklif va tashabbuslar aytib o‘tildi.
[gallery-2917]
Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov yig‘ilishda ko‘plab takliflarni ilgari surdi. Jumladan, u davlatlar o‘rtasida transport logistikani rivojlantirish, madaniy meros ob’ektlarini asrash jamg‘armasini tashkil etish, Turkiy davlatlarning yagona madaniy va turizm tadbirlari taqvimini yaratish, Boburiylar sulolasi boshlangan qadimgi Axsikent qal’asi hududida “Turkiy ovoz” qo‘shiq va kuy festivalini tashkil etishni taklif qildi. O‘zbekiston tomoni Turkiy dunyo va xalqlarining rivojlanishida o‘zining alohida o‘rniga ega, Ipak yo‘li ravnaqiga muhim hissa qo‘shgan Qo‘qon shahrini Turkiy kengashning ilk turizm poytaxti sifatida qo‘llab- quvvatlashni bildirdi.
Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi a’zo mamlakatlarining Turizm masalalari bo‘yicha vazirlarining oltinchi yig‘ilishi uchun aynan Qo‘qon shahri tanlangani bejiz emas, albatta. Ikki ming yillik shonli tarixga ega bu shahar Turkiy dunyoning madaniyat, san’at, ilm-fan, adabiyot, din, savdo-sotiq, hunarmandchilik markazlaridan biri sanaladi. Qo‘qon hududida turkiy xalqlarning urug‘ va qabilalari, jumladan, mang‘it, qalmoq, uyg‘ur, qoraqalpoq, qipchoqlar va boshqalar hamjihatlikda hayot kechirgan. Shahar ilm-ma’rifatning o‘chog‘i, 20-asr boshlarida turkiy tilda so‘zlashuvchi millatlarni birlashtirish yo‘lida tuzilgan “Turkiston muxtoriyati”ning siyosiy markazi hamda jadidlar harakati yetakchilari faoliyat olib borgan maskan hisoblanadi.
Shuningdek, shahar o‘z davrida (18-19 asrlarda) adabiy markaz bo‘lib, bu yerda ko‘plab shoir va shoiralar, jumladan, Gulxaniy, Maxmur, G‘oziy, Muqimiy, Furqat hamda Anbar Otin, Ziynat, Nodira, Uvaysiy kabi ulug‘ ijodkorlar faoliyat olib borgan. Ularning asarlari asosan turkiy tilda yaratilib, o‘z zamonida turkiy xalqlar ulardan bahramand bo‘lgan.
Qo‘qon shahrida o‘tkazilgan mazkur yig‘ilish Turkiy davlatlarning nafaqat turizm, balki madaniyat, ilm-fan, yoshlar va boshqa muhim sohalardagi aloqalarini yangi darajaga olib chiqishiga xizmat qiladi.
Qo‘qon shahri Turkiy kengashning ilk turizm poytaxti deb e’lon qilinib, shahar hokimi Ma’rufjon Usmonovga ramziy kalit topshirildi. Endilikda shaharning sayyohlik salohiyati mazkur davlatlarda keng targ‘ib qilinadi. Jahon hunarmandlar shahri – Ho‘qandi latif turizm shahriga aylanadi.
– Turk dunyosi konsepsiyasi qadimgi tarixiy, siyosiy, ijtimoiy, madaniy, geografik va etnologik o‘lchovlari bilan davom etmoqda, – deydi Turkiya madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy. – Qardosh Qozog‘iston, O‘zbekiston, Ozarbayjon va Qirg‘iziston davlatlari bilan umumiy til, umumiy xotira va umumiy madaniyatga ega bo‘lish ikki tomonlama va mintaqaviy aloqalarni mustahkamlashga olib keldi. Turkiya Markaziy Osiyo davlatlariga yagona millatning turli davlatlari sifatida qaradi, tashqi siyosatimiz mintaqada ko‘p qirrali va tashabbuskor munosabatni namoyish etdi. Bizning Turkiy tilli davlatlar bilan aloqalarimiz Turkiyaning azaliy qarashlari bo‘lib, so‘nggi 20 yillik global siyosatda bu qarash muhim o‘rin egalladi. Darhaqiqat, mamlakatlararo turizm salohiyatini oshirish, uni yanada rivojlantirish dolzarb masala hisoblanadi. Yurtimizda pandemiya davrida ham turistik salohiyatga alohida e’tibor qaratildi. Bu borada ishlab chiqilgan «Xavfsiz turizm» dasturi muhim tashabbus bo‘ldi. Kengashga a’zo davlatlar o‘rtasida umumiy maqsadlarga erishish uchun hukumatlar va xususiy sektor o‘rtasida elektron aloqalarni rivojlantirish zarur. Sayohat qilishdagi to‘siqlarni minimallashtirish va xavfsiz muhitda xalqaro sayyohlik harakatlarini rag‘batlantirish kerak. Bu kabi birgalikda sa’y- harakatlarimiz turizmning rivoji uchun juda ham muhim ahamiyatga ega.
Jome’ majmuasida bo‘lib o‘tgan yig‘ilish yakunida Kengashga a’zo davlatlar o‘rtasida turizm sohasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Mehmonlar Qo‘qon universitetida ham bo‘lib, uning faoliyati bilan tanishdi. Universitet maydonida namoyish etilgan Qo‘qonning milliy va zamonaviy hunarmandchiligiga oid namunalar ko‘rgazmasi hamda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga a’zo davlatlarning o‘ziga xos madaniyati va urf-odatlari aks ettirilgan burchaklar mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Tashrif davomida kitob mutolaasi targ‘ibotiga bag‘ishlangan, kengashga a’zo davlatlarning buyuk adiblari nomlari aks etgan “Tafakkur gulshani” monumentiga asos qo‘yilib, nufuzli mehmonlar ishtirokida ramziy lenta kesildi. Qo‘qon shahrida o‘tkazilgan muhim tarixiy anjuman – Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga a’zo davlatlarning turizm masalalari bo‘yicha vazirlarining VI yig‘ilishi munosabati bilan kelajak avlodlar uchun noma bitilib, kapsulaga joylandi.
Turkiy tilli davlatlar Turizm masalalari bo‘yicha vazirlari bilan oliy ta’lim istiqbollari bo‘yicha hamkorlik masalalarida suhbatlashildi. Turkiy tilli davlatlar oliy ta’lim muassasalari bilan talabalar, professor-o‘qituvchilar almashinuvini tashkil etish, ilmiy tadqiqotlar olib borish va xalqaro ma’lumotlar bazasi ro‘yxatidan joy olgan jurnallarda ilmiy maqolalar chop etishda hamkorlik qilish borasida fikr almashildi. Shuningdek, Qo‘qon universitetida turkiy davlatlar fuqarolari uchun alohida imtiyozlar taqdim etilishi, yozgi maktablarda talabalarning maxsus dastur asosida o‘qishlarini tashkil etish imkoniyati mavjudligi haqida ma’lumotlar berildi.
Hamkor davlatlar vakillariga ehtirom ramzi sifatida universitet hududiga turkiy davlatlar bayroqlari o‘rnatildi va mehmonlarga Qo‘qon tarixiga bag‘ishlab yozilgan bebaho asarlar va esdalik sovg‘alari tuhfa etildi.
Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi turizm masalalari vazirlari O‘rda maydonida tashkil etilgan konsert dasturida ishtirok etdi.
M.Sulaymonov, M.Qodirov(surat), O‘zA