Keyingi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan turkiy tilli xalqlar o‘rtasidagi madaniy-ma’rifiy, adabiy aloqalarni rivojlantirish yo‘lida misli ko‘rilmagan ishlar qilindi. Bu esa qardosh xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlashda muhim omil bo‘lmoqda.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida Butunjahon turkiy tillar kuni munosabati bilan “Turkiy tillar birligi – bir ildiz, bir til, bir madaniyat” mavzusida ma’rifiy anjuman o‘tkazildi.
Tadbir Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, “Vatandoshlar” jamoat fondi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Oliy Majlis huzuridagi fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi va “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati hamkorligida tashkil etildi.

Anjumanda adabiyotshunos olimlar, shoir va yozuvchilar, yosh tadqiqotchilar hamda xorijdan tashrif buyurgan vatandoshlar ishtirok etdi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Isajon Sulton, "Ma’rifat" targ‘ibotchilar jamiyati raisi Baxtiyor Husanov, O‘zbekiston xalq shoiri Mahmud Toir va boshqalar turkiy tilli xalqlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash masalalariga katta e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
–Prezidentimiz tashabbusi bilan turkiy tilli xalqlar hamkorligini mustahkamlashning yangi bosqichiga asos solindi, – dedi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid. – Bu esa adabiy hamkorlik, so‘z san’ati, madaniyat, ma’rifat rivojida juda muhim.

Joriy yilning noyabr oyida Samarqandda bo‘lib o‘tgan YUNESKO Bosh konferensiyasida 15 dekabr – Butunjahon turkiy tillar kuni deb e’lon qilingan. Xalqaro hamjamiyat ushbu kunni insoniyatning umumiy merosini boyitadigan til xilma-xilligini tan olish yo‘lidagi muhim qadam deb hisobladi.
Mazkur loyiha turkiy xalqlarni asrlar davomida birlashtirib kelgan umumiy til, adabiy meros va madaniy qadriyatlarni keng targ‘ib etish, turkiy ziyolilar, shoir va yozuvchilar ilmiy-ijodiy merosini ommalashtirish, shuningdek, yosh avlodda turkiy tillar va madaniyatga nisbatan qiziqish va hurmat tuyg‘usini kuchaytirish maqsadida o‘tkazildi.
Tadbir davomida “Vatandoshlar” jamoat fondi tashabbusi bilan “Ezgu amal” loyihasi doirasida tojikistonlik va qozog‘istonlik vatandoshlar qalamiga mansub “Turkiston farzandiman”, “Hayrat suratlari” va “Qalb tug‘yoni” kitoblari hamda “Vatandosh” jurnali taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar yangi nashrlarning mazmun-mohiyati, adabiy, ma’naviy va ijtimoiy ahamiyati haqida iliq fikrlar bildirdi.
“Vatandoshlar” jamoat fondi va Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bilan hamkorlikda 2025 yilda samarali ishlar amalga oshirildi. AQSHda istiqomat qilayotgan fuqarolar uchun “Ma’naviyat festivali” o‘tkazildi. Qolaversa, xorijda istiqomat qiluvchi vatandoshlar uchun o‘zbek tili kurslari, ma’rifat soatlari tashkil etilishi reja qilingan.
Maqsad xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalarni yanada mustahkamlash, mamlakatda bo‘layotgan islohot va o‘zgarishlardan ularni ham boxabar qilib turishdan iborat.
Ma’rifiy tadbirda "Vatandan so‘zlar" loyihasiga start berildi va bunda “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati ekspertlari tomonidan saralangan 10 mingga yaqin badiiy kitoblar xorijda istiqomat qiluvchi vatandoshlarimizga yuborildi.
Kelgusi yilda ham hamkor tashkilotlar bilan birgalikda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, mart oyida “Markaziy Osiyo ovozi” – “Markaziy Osiyo ovozi” – “Voice of Central Asia” konsert dasturi tashkil etildi. Loyihaning maqsadi Markaziy Osiyo davlatlarida istiqomat qilib, o‘zbek tilida ijod qilayotgan yosh iste’dod egalarini ma’naviy qo‘llab-quvvatlashdan iborat.
N.Usmonova,
O‘zA