Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Turkiy kengash davlatlari va Rossiya universitetlari o‘rtasida videokonferensiya to‘g‘risida
16:06 / 2020-11-22

Sharq adabiyotining qadimiy va bebaho durdonasi - "Qutadg‘u bilig" dostoniining 950 yilligiga bag‘ishlab, 27-28 noyabr kunlari Turkiy Kengash mamlakatlari va Rossiya universitetlari ishtirokida Xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tadi (https://online.pubhtml5.com/jcpd/iunm/).

Anjuman Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti - TURKSOY, Turkiyaning Istanbul, Marmara, Anqara, Xajettepe universitetlari, Etvosh Lorand nomidagi Budapesht universiteti, Boku davlat universiteti, M.Avezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston universiteti, K.Karasayev nomidagi Bishkek davlat universiteti, Qozon Federal universiteti hamda Sankt-Peterburg davlat universiteti tomonidan tashkil qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi 2019 yil Turkiy kengashga a’zo bo‘ldi. Bu mamlakatimizning Turkiy kengash tarkibidagi davlatlar bilan barcha jabhalar, shu jumladan, ilm-fan, ta’lim va madaniyat sohalaridagi hamkorligi ko‘lamini kengaytirish imkonini berdi. Zero, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev doimo turkiy xalqlarni ma’naviy qadriyatlar, hamkorlik rishtalari, til o‘xshashligi va boshqa ko‘plab mushtarak jihatlar uzviy bog‘lab turishini ta’kidlab kelgan.

Turkiy kengash davlatlari va Rossiya universitetlari bilan yanada yaqinlashish, aloqalarni mustahkamlash maqsadida biz “Jahon turkologiyasining buyuk obidasi “Qutadg‘u bilig” va uni o‘rganishning dolzarb masalalari” mavzusidagi Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazish tashabbusini ilgari surdik. Hamkasblarimiz, hamkorlar bu tashabbusni qo‘llab-quvvatladi.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/pFN9_Cs3CcM" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>

Ulug‘ mutafakkir Yusuf Xos Hojib “Qutadg‘u bilig” dostonini hijriy 462  (milodiy 1069/1070 yillar) yili yozib tugallagan. O‘n uch ming misradan ortiq mazkur asar masnaviy janrida yozilgan.

Qadimgi turkiy yozma adabiyotning bebaho yodgorligi bo‘lmish “Qutadg‘u bilig” (“Saodatga eltuvchi bilim”) – ajdodlarimizning komil inson haqidagi qarashlari, davlat va jamiyat boshqaruvi tizimi, bilim o‘rganishning ahamiyati, axloq va madaniyat masalalari, falsafiy tushunchalar, o‘g‘il-qiz tarbiyasi, kishining odobi, fazilatlari to‘g‘risidagi kuzatuvlarini jamlagan noyob asar. Bu kitob ta’sirida turkiy adabiyotdagina emas, butun musulmon, sharq adabiyotida ko‘plab asarlar yaratilgan. 

Dunyo olimlarining doimiy e’tiborida bo‘lib kelgan “Qutadg‘u bilig” ning ilmiy tarjimalari, asarga oid tadqiqotlar o‘zbek, turk, rus, qozoq, qirg‘iz, ozarbayjon, turkman, uyg‘ur, ingliz, nemis tillarida nashr etilgan. 2019 yil YUNESKO tomonidan xalqaro “Qutadg‘u bilig yili” deb e’lon qilindi.

Turkologiya bo‘yicha yirik ilmiy markazlarga aylangan Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti va mazkur konferensiyani tashkil etishda hamkorlik qilgan ta’lim muassasalari ham ayni mavzuda qator jiddiy ishlarni amalga oshirishmoqda.

Bu galgi yirik xalqaro anjumanda O‘zbekiston, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Vengriya, Rossiya, Tojikiston, Hindiston, AQSH, Misr hamda Eronning 36 oliy ta’lim dargohidan 50 dan ziyod ma’ruzachi ishtirok etishi rejalashtirilgan. Konferensiyada “Qutadg‘u bilig”ning jahonshumul ahamiyati, asarning manbashunoslik va matnshunoslik asosidagi tadqiqi, g‘oyasi, poetikasi, tili, uslubiy xususiyatlari, qolaversa, Yusuf Xos Hojib merosi va sharq sivilizatsiyasi, falsafiy fikrlar taraqqiyoti singari muhim va dolzarb masalalar ko‘tariladi. Dunyo olimlari ishtirokida mumtoz merosni o‘rganuvchi mutaxassislar yangi avlodini tarbiyalash, adib asarlarini o‘rganishda jahon sharqshunosligi oldida turgan dolzarb vazifalarni belgilash va amalga oshirish, bu yo‘ldagi tadqiqotlarni chuqurlashtirishga xizmat qiladi.

Qudratulla Omonov, Elyor Maxmudov,

Konferensiya tashkiliy qo‘mitasi hamraislari, TDSHU prorektorlari