Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Turkiy dunyoning taraqqiyoti va iqtisodiy o‘sishiga sabab bo‘lguvchi omillar kengaymoqda 
09:07 / 2022-12-28

Turkiy Davlatlar Tashkiloti Samarqand sammiti o‘z ishini ijobiy yakunlaganiga ham mana bir oydan oshiq vaqt o‘tdi. Ushbu pozitiv ruhda o‘tgan sammit yakuniga ko‘ra, o‘nga yaqin hujjat imzolandi. Mazkur qarorlarning barchasi ijtimoiy-iqtisodiy integratsiya bugungi kunda nechog‘li zarur ekanligini eslatibgina qolmay, balki unga amalda kirishilganligidan darak bermoqda.

Qarorlarda Turkiy dunyoning iqtisodiy o‘sishida hamkorlikni asosiy lokomotiv deya e’tirof etish va shu yo‘l bilan tashkilotga a’zo hamda kuzatuvchi davlatlar aholisining turmushi farovonligini ta’minlashga urg‘u berilganligi aks etgan.

Barcha manfaatdor hamkorlarning global madaniyatlararo muloqoti uchun asos yaratishga yo‘naltirilgan «Umumiy xavfsizlik va farovonlik yo‘lida Samarqand birdamligi tashabbusi»ning ilgari surilishi sammitning asosiy natijalaridan biri bo‘ldi.

Mazkur hujjatlarda, xususan, Turkiy davlatlar tashkilotining transport bog‘liqligi dasturi va soddalashtirilgan bojxona yo‘laklarini shakllantirish to‘g‘risidagi bitim, savdo strategiyasi bo‘yicha muhim kelishuvlar imzolandi.

Shu o‘rinda TDTga a’zo mamlakatlarining bugungi iqtisodiy ko‘rsatkichlariga e’tibor bersak. Ushbu davlatlar yalpi ichki mahsuloti (YAIM) 1,2 trillion dollardan ko‘p. Bu jahon YAIMning salkam 1,5 foizini yoki Osiyo YAIMning 5,5 foizini tashkil etmoqda. Biz yuqorida ta’kidlagan bu faktlar bir qarashda kishida yomon taassurot qoldirmaydi albatta.

Xo‘sh, bu ko‘rsatkichlarni oshirish borasida yana qanday istiqbolli yo‘nalishlarda faollik ko‘rsatish kerakki, bu TDTning bir-birini inkor etmaydigan ikki asosiy prinsipi ijtimoiy-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish va yagona umumiy bo‘linmas xavfsizlik konsepsiyaga zid o‘laroq deya tavsiflanmasligi lozim.

Nazarimizda, tashkilot doirasida erishilgan natijalarni xaspo‘shlamasdan, yutuqlarni inkor etmagan holda yanada yuksalish uchun ba’zi bir real imkoniyatlar aniqroq aytsak, mavjud tarixiy-jug‘rofiy sharoitdan foydalanilsa, nur ustiga a’lo nur bo‘lur edi. Biz bu o‘rinda bo‘linmas, umumiy xavfsizlik va yagona xavfsiz transport koridorini mustahkamlash doirasida G‘arb bilan Sharqni bog‘lovchi umumiy transport logistikasini yanada rivojlantirish zaruriyatiga e’tiborni qaratmoqchimiz. Mantiqan qaraladigan bo‘lsa, ayni pallada dunyo bozoriga chiqariladigan mahsulotlar uchun xavfsiz yo‘laklar tashkil etish jahon geostrategiyasida birlamchi masalalaridan, deya e’tirof etilmoqda. Bejizga TDT transport va logistika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga ustuvor ahamiyat berayotgani yo‘q. Ushbu masala mamlakatlarning transport o‘zaro bog‘liqligini ta’minlash barcha sa’y-harakatlarining markazida turadi. Shu sabab, Trans-Kaspiy yoki Trans-Kavkaz deb aytiladigan xalqaro yo‘lakni Sharq va G‘arb o‘rtasidagi eng qisqa, xavfsiz va raqobatbardosh transport aloqasiga aylantirish masalasi tashkilot kun tartibida turibdi. TDT ayni jarayonda faolligini oshirish va yanada keng imkoniyatlarga ega bo‘lish uchun keyingi sammitda ushbu integratsion arealga Markaziy Osiyo mintaqasidagi Tojikistonni hamda dunyoning yetakchi G‘arb davlatlari va AQSH ta’rificha, Markaziy Osiyoning ajralmas bir bo‘lagi deya ataladigan Afg‘oniston kuzatuvchi maqomida taklif qilinsa, umummaqsadga xilof ish tutmagan bo‘lar edi.

Albatta, ushbu taklif qo‘shimcha bir necha savollarni o‘rtaga chiqarishi mumkin. Bulardan birinchisi, etnolingvistik jihatdir. Biroq qiziq bir jihat borki, bugunga kelib, bu tashkilot o‘z prinsipini mafkuraviy (xususan, ko‘pchilik iddao qilayotganidek panturkizm g‘oyalaridan) qarashlardan ko‘ra ko‘proq integratsion loyihalarga moslayotganini ko‘rishimiz mumkin. Albatta, umumiy tarix, madaniyat bu yo‘nalishda muhim poydevor ekanligidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Lekin a’zolar yaxshi anglashyaptiki, bugungi global dunyoda faoliyat istiqbolini jo‘n bir g‘oyalar atrofiga qurib bo‘lmaydi.

Endi turkiy integratsiyaning xaritadagi joylashuviga nazar solsak, turkiy dunyo va turkiy mamlakatlar Yevroosiyoning o‘rta zonasida joylashganini ko‘ramiz. Ajdodlarimiz butun tarix mobaynida xalqlar va mamlakatlarni bir-biri bilan bog‘lashdek missiyani bajarib kelgan. Buyuk ipak yo‘li turkiy mamlakatlar orqali o‘tgan, turkiy imperiyalar G‘arbiy Yevropa bilan Xitoyni, Shimol bilan Janubni o‘zaro birlashtirib turgan.

Hech shubhasizki, ushbu tavsifga Tojikiston va Afg‘onistonning shimolida doimo istiqomat qilib kelgan xalqlar ham daxldordir. Bu ikki mamlakat umumiy tarix va madaniyat nuqtai nazaridan mintaqa xalqlarining ajralmas bir qismi. Qolaversa, ular nafaqat tarix, balki madaniy-ma’rifiy mozaika, qadriyatlar silsilasi jihatdan ham bizga yaqindir va yana agar a’zolik faqat tilga asoslanadigan bo‘lsa, bugun tashkilotning faol kuzatuvchisi bo‘lmish venger do‘stlarimiz tili ham turkiy emas, fin-ugor tillari oilasiga mansubligini hisobga olish kerak bo‘ladi.

Albatta, ularning etnogenezi asosini buyuk ajdodlarimiz xunlar tashkil qilishlaridan biz hamisha faxrlanamiz. Qolaversa, qo‘shni ikki mamlakat etnik qatlamida hozirda ham turkiy tilda so‘zlashuvchilar talaygina. Bir so‘z bilan ifodalasak, Tojikiston va Afg‘oniston ushbu tashkilotga taklif etilsa, birinchidan, mintaqada tinchlikni asrash masalasida TDTning ta’sir doirasi kengayishi ehtimoli oshar edi. Ayniqsa, so‘nggi yillarda avj olayotgan tojik-qirg‘iz hamda tojik-afg‘on munosabatlarining keskinlashuvi fonida bu nihoyatda muhimdir.

Ikkinchidan, esa hozirda va istiqbolda ham mintaqamiz hamda ushbu tashkilotga a’zo barcha mamlakatlar uchun birdek foydali Trans-kavkaz va Termiz-Mozori Sharif-Qobul-Peshovar transport yo‘lagidan unumli foydalanish imkoniyatini yanada oshirar edi. Bu esa hech bir ortiqcha izohsiz ma’lumki, TDTda ishlab chiqarilgan turli segmentlarga taalluqli mahsulotlar, eng asosiysi esa yoqilg‘i-energetika resurslarining jahon iste’mol bozoriga yangi muqobil yo‘llar bilan yetkazishni yengillashtirish ehtimoli yuqori.

Bu esa o‘z navbatida eksport va import mahsulotlarining narxlari shakllanishida ijobiy ahamiyat kasb etadi. Vaholanki, ushbu transport logistikasidan to‘liq foydalanish yo‘lga qo‘yilsa, TDT a’zolari rivojlangan Yevropa mamlakatlariga mahsulotlarini aylanma yo‘llarsiz tez fursatlarda yetkazib bera olish imkoniyati bilan cheklanib qolmay, ayni chog‘da katta iste’mol bozoriga, ya’ni ba’zi raqamlarga qaralsa, bir yarim milliard kishilik (15 00 000 000 Pokiston va Hindiston ko‘proq nazarda tutilmoqda) Janubiy Osiyo mintaqasiga qisqa yo‘l orqali chiqish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Yangi a’zo davlatlar hisobiga kengayish esa mohiyatan yangilikka bunyodkorlikka yo‘g‘rilgan «Samarqand ruhi»ni mujassamlashtirgan, amaliy hamkorlik va o‘zaro tushunish g‘oyalarini ifodalovchi xalqaro hamkorlikning mutlaqo yangi shaklini ilgari surish, deya ta’riflansa, ne ajab.

Holbuki, o‘tgan yilgi Istanbul sammitida ham yangi istiqbolli ratsional loyihalar doimo yoqlanishi e’tirof etilgan edi. Ba’zi manbalarga tayanilsa, o‘n beshga yaqin davlat ayni chog‘da ushbu tashkilot bilan turlicha formatlarda hamkorlik qilish istagini bildirgan. Bu, demak, TDTning jahon siyosiy maydonidagi nufuzi oshib borayotganidan darakdir!



Xushvaqt Abdullayev, siyosiy sharhlovchi