Xalqaro Turkiy akademiya va Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) kotibiyati bilan hamkorlikda Qozog‘iston Respublikasining Ostona shahrida «Turkiy dunyoda iqtisodiy hamkorlik va integratsiya» mavzusida seminar tashkil etildi.
Unda Xalqaro Turkiy akademiya, Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi, Qozog‘iston milliy iqtisodiyot vazirligi, Turkiy davlatlar Oqsoqollari kengashi, Turkiy davlatlar tashkiloti kotibiyati, Ozarbayjon, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Vengriya, Turkiy davlatlarning Qozog‘istondagi elchi hamda diplomatik vakillari ishtirok etdi.
Seminar mobaynida Qirg‘iziston, Turkiya, Ozarbayjon, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Vengriya davlatlarining tegishli iqtisodiy tadqiqot markazlari va idoralarining vakillari tomonidan davlatlar o‘rta muddatli rivojlantirish strategiyalarining taqdimoti o‘tkazildi, ma’ruzalar qilindi.

"Seminarda "O‘zbekiston Respublikasining 2022-2026 yillarda rivojlantirish strategiyasi" nomli ma’ruza bilan ishtirok etdim, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi bosh ilmiy xodimi F.Nasriddinov. – Suhbatlar, taqdimotlar davomida mutaxassislar tomonidan "Turk dunyosi qarashlari-2040" (Turkic World Vision 2040) strategiyasini amalga oshirish yuzasidan Turkiy davlatlar iqtisodiy tadqiqot markazlarining o‘zaro hamkorlik tarmog‘ini (network) tashkil etish taklif etildi. Shuningdek, TDTga a’zo davlatlar o‘rtasidagi iqtisodiy sheriklik salohiyatini rivojlantirish to‘g‘risida fikr almashildi. Kelgusida ushbu yo‘nalishdagi iqtisodiy tadqiqotlar bo‘yicha aloqalarni yanada kengaytirish yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi.
Ma’lumot uchun, Turkiy davlatlar tashkiloti (ilgari Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi yoki Turkiy kengash deb atalgan) Naxichevan shahrida (Ozarbayjon) tashkil etilgan bo‘lib, 2009 yil 3 oktyabrda Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkiya o‘rtasida imzolangan Naxichevan bitimi ushbu tashkilot faoliyatiga asos solgan.
2018 yil sentyabr oyida Cho‘lponota shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy kengash sammitida Vengriya kuzatuvchi maqomiga ega bo‘ldi, shundan so‘ng Budapeshtda tashkilotning Yevropa vakolatxonasi ochildi. 2019 yil oktyabr oyida Boku shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy kengashning VII sammitida O‘zbekiston Turkiy kengashning to‘laqonli a’zosi bo‘ldi. Turkmaniston 2021 yilda kuzatuvchi davlat sifatida tashkilot bilan hamkorlik qila boshladi.
2021 yil noyabr oyida Istanbulda bo‘lib o‘tgan Turkiy kengash yetakchilarining VIII sammitida ushbu kengash Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) deb qayta nomlandi. Shuningdek, Istanbul sammitida «Turkiy dunyo nigohi – 2040» strategik hujjati qabul qilingan bo‘lib, unda tashkilot mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlikning kelgusi yigirma yil uchun ustuvor yo‘nalishlari, jumladan, tashkilotga a’zo davlatlar o‘rtasida tovarlar, kapital, xizmatlar, texnologiyalar va ishchi kuchining erkin harakatlanishiga erishish belgilangan.
2022 yil 11 noyabr kuni Samarqand shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida Turkiy davlatlar tashkiloti davlat rahbarlarining «Turkiy sivilizatsiyaning yangi davri: umumiy taraqqiyot va farovonlik sari» mavzusidagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda tashkilotga a’zo davlatlar – Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya prezidentlari, shuningdek, kuzatuvchi mamlakatlar – Turkmaniston va Vengriya yetakchilari ishtirok etdi. Bu O‘zbekiston tomonidan dunyoning turli integratsiya tuzilmalari va mintaqalari bilan faol hamkorlik qilgan holda jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuv bo‘yicha amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar samaradorligining yaqqol tasdig‘idir.
O‘zA