Toshkent shahrida Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar yoshlar va sport masalalari bo‘yicha vazirlarining 9-yig‘ilishi doirasida ekspertlar anjumani bo‘lib o‘tmoqda.
Bugun, 16 oktyabr kuni Sport vazirligida Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlarning ekspertlar anjumani o‘z faoliyatini boshladi.

O‘zbekiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya davlatlarining yoshlar va sport masalalariga mas’ul vazirlik va idoralarning xalqaro hamkorlik bo‘yicha mutasaddilari ishtirok etayotgan yig‘ilishlar davomida ishtirokchi mamlakatlar o‘rtasida sport va yoshlar siyosati sohasida hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, uzoq muddatli kelishuvlarga erishish, yirik sport tadbirlari, shuningdek yoshlar uchun yangicha loyihalar tashkil etish, istiqbolli loyihalarni hayotga tatbiq etish kabi muhim masalalar muhokama qilinadi.
Turkiy davlatlar tashkiloti yoshlar va sport yo‘nalishiga mas’ul vazirlarning 9-yig‘ilishi 17 oktyabrga qadar davom etadi.


T.Ro‘ziyev, O‘zA