Ozarbayjonning Xonkendi shahridagi Qorabog‘ universitetida Turkiy davlatlarning VII yozgi turkologiya maktabi ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Marosimda Turkiy tillar akademiyasi prezidenti Shahin Mustafoyev, Qorabog‘ universiteti rektori Shahin Bayramov, Turkiya Fanlar akademiyasi prezidenti Muzaffer Sheker hamda akademik va ta’lim jamoatchiligi vakillari ishtirok etdi.
Turkiy dunyo yosh olimlari ishtirokida bo‘lib o‘tgan o‘quv yig‘inida Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Turkiya, Shimoliy Kipr Turk Respublikasi, Eron, Mo‘g‘uliston va Shimoliy Makedoniyadan 35 yoshgacha bo‘lgan 30 nafar doktorant va stajyor-tadqiqotchilar qatnashdi. Yurtimiz yosh tarixchi olimlaridan O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti stajyor-tadqiqotchisi Farida Sultonova ham ishtrok etdi.
Yosh tadqiqotchining ta’kidlashicha, ma’ruza jarayonlarida turkiy davlatlardan tashrif buyurgan tengdoshlarining birligimiz uchun intilishi, do‘stona, samimiy va ilmiy muhitni birga yaratish uchun harakatlari barchaga birdek manzur bo‘lgan.
Tadbirda shuningdek, Ozarbayjon, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekistondan tashrif buyurgan, dunyo miqyosida tanilgan nufuzli olim va ekspertlar, xususan, o‘zbekistonlik turkolog olimlar G‘aybulla Boboyorov va Feruza Jumaniyozova tomonidan mahorat darslari o‘tildi.
Qorabog‘ universitetida o‘tkazilgan Yozgi maktab – turkologiya sohasida yosh olimlar ilmiy salohiyatini mustahkamlash, ishtirokchilar o‘rtasida bilim va tajriba almashishga ko‘maklashish, zamonaviy ilmiy yondashuvlar va amaliy tadqiqot usullarini o‘zlashtirish uchun imkoniyat bo‘ldi.
Jumladan, ishtirokchilar turkiy davlatlar tarixi, arxeologiyasi, turkiy xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro aloqalar, san’at va falsafa, shuningdek, turkiy lahjalar, adabiyotlar bilan bog‘liq mavzularda ta’lim oldilar. Turkologiya yozgi maktabi nafaqat bilim almashish maydoni, balki yosh olimlar o‘rtasida do‘stona aloqalarni mustahkamlash, ularning birlashishida muhim vosita bo‘lib xizmat qildi.Dasturda ma’ruza va seminarlardan tashqari musiqiy va badiiy chiqishlar, shuningdek, Xonkendi va Shusha shahriga tashriflar ham o‘rin olgan bo‘lib, ishtirokchilarga mintaqaning tarixiy va madaniy merosi bilan bevosita tanishish imkoniyatini yaratdi.
A.RUSTAMOV, O‘zA