Poytaxtimiz Toshkentda Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar tahliliy markazlarining xalqaro anjumani bo‘lib o‘tgani to‘g‘risida xabar bergan edik.
O‘zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Vengriya 16 ta milliy tahlil markazlaridan vakillar ishtirok etgan ushbu anjumanda savdo-iqtisodiy munosabatlarning bugungi holati tahlil qilinib, kelgusi rejalar belgilab olindi.
Qayd etilganidek, turkiy mamlakatlar aholisining umumiy soni 175 milliondan oshadi. Ularning ichki bozori hajmi esa xarid qobiliyati paritetida 5,6 trillion dollardan ko‘p. Turkiy davlatlar tashkilotining yalpi ichki mahsuloti 2024 yilda 2,1 trillion dollardan oshdi. 2024 yil oxiriga kelib, TDTga a’zo mamlakatlar o‘rtasidagi ichki savdo ularning umumiy tovar aylanmasining qariyb 7 foizini tashkil etdi va o‘tgan yili bu ko‘rsatkich 850 milliard dollarga yetdi.
Shu bilan birga, bir necha yil oldin bu ulush atigi 3 foizni tashkil etgan. Bu ijobiy dinamikani ko‘rsatadi. Bundan tashqari, turkiy davlatlar birgalikda dunyoda uchinchi yirik energiya yetkazib beruvchi bo‘lib, mintaqaga qo‘shimcha strategik afzalliklar beradi. TDT davlatlarining energiya resurslari 19,9 trillion kubometr tabiiy gaz, 38,2 milliard barrel neft va 42 milliard tonna ko‘mirning tasdiqlangan zaxiralarini o‘z ichiga oladi.
Anjuman ishtirokchilari institutsional va logistik to‘siqlarni bartaraf etish, infratuzilmani rivojlantirish, savdoni raqamlashtirish va kooperatsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shma salohiyatni ro‘yobga chiqarishda birgalikdagi sa’y-harakatlar zarurligini ta’kidladi. O‘zbekiston TDTning faol ishtirokchisi sifatida raqobatbardosh sanoat bazasi, o‘sib borayotgan eksport salohiyati va barqaror makroiqtisodiy siyosatni taklif etib, iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirishga tayyorligini tasdiqladi.
Anjumanda Turkiy tillar akademiyasi, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi, Yevroosiyo tadqiqot instituti, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi huzuridagi Raqobat siyosati va iste’molchilar huquqlari tadqiqotlari markazi, Iqtisodiy tadqiqotlar instituti hamda Xo‘ja Ahmad Yassaviy nomidagi Xalqaro Turk-Qozoq universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumlari imzolandi. Ushbu hamkorlik shartnomalari integratsiyani chuqurlashtirish va o‘zaro savdoni yanada kengaytirishga xizmat qiladi.
Mohigul Qosimova, O‘zA