Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Turkiy davlatlar umumiy axborot makonini barpo etmoqda
15:40 / 2025-11-07

Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida Turkiy davlatlar axborot agentliklari alyansining ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Turkiyaning “Anadolu” agentligi bosh direktori o‘rinbosari – bosh muharriri Yusuf Ozhan, Ozarbayjonning “AzerTAJ” davlat axborot agentligi boshqaruvi a’zosi Fuad Gadilli, Qirg‘izistonning “Kabar” Milliy axborot agentligi departamenti direktori Nurjan Kasmaliyeva, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (O‘zA) bosh muharriri Javlonbek Azizov, Vengriyaning “MTI” axborot agentligi kontent bo‘yicha direktori Ishtvan Zoltan Tot, shuningdek Turkiy davlatlar axborot agentliklari alyansi (ATNA) bosh kotibi Elshon Shohbolayev, Qozog‘istonning “Qazcontent” mediakompaniyasi boshqaruvi raisi Ayna Zadabek va boshqalar ishtirok etdi.

Yig‘ilish avvalida E.Shohbolayev yig‘ilganlarni kun tartibi bilan tanishtirdi. 

Shundan so‘ng Alyans faoliyatini yanada rivojlantirish, uning xalqaro maydondagi imijini yuksaltirish, a’zo agentliklar o‘rtasida tajriba almashish ko‘lamini kengaytirish, ko‘p va ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Tadbir doirasida Turkiy davlatlar axborot agentliklari alyansining logotipi tasdiqlandi. Shuningdek, tashkilotning rasmiy veb-sayti taqdimoti o‘tkazilib, ijtimoiy tarmoqlarda rasmiy sahifalar ochish masalasi ko‘rib chiqildi. Ishtirokchilar tomonidan Vengriyaning MTI agentligini Alyansga kuzatuvchi maqomida qabul qilish taklifi bir ovozdan ma’qullandi.

Uchrashuvda 2025-2027 yillar uchun Alyans rahbariyati ham saylandi. Ikki yillik boshqaruv rasman Turkiyadan Qozog‘istonga o‘tib, endi tuzilmaga “Qazcontent” AJ raislik qiladigan bo‘ldi. “Anadolu” va “AzerTAJ” vakillari vitse-prezident etib saylandi. ATNA Bosh kotibi Elshon Shohbolayevning vakolati muddati bir yilga uzaytirildi.

“Qazcontent” AJ boshqaruvi raisi Ayna Zadabek Alyans doirasida raislikni qabul qilish jamoasi uchun sharaf va shu bilan birga ulkan mas’uliyat ekanini ta’kidladi.

– ATNA nafaqat Qozog‘iston, balki tashkilotga a’zo barcha mamlakatlar uchun muhim birlashma hisoblanadi, – dedi A.Zadabek. – “Qazcontent” vakolat muddati davrida yangi loyiha va tashabbuslar, o‘quv dasturlari va ijodiy tanlovlarni yo‘lga qo‘yish, shuningdek tuzilmaga boshqa davlatlardan yangi kuzatuvchi va hamkorlarni jalb etishga alohida e’tibor qaratadi.

“Anadolu” vakili Yusuf Ozhan o‘tgan davr mobaynida agentliklar o‘rtasidagi aloqalar mustahkamlanib, turkiy jurnalistikaning xalqaro maydondagi nufuzi tobora ortayotganini alohida qayd etdi.

“AzerTAJ” boshqaruvi a’zosi Fuad Gadilli o‘z chiqishida uyushmaning asosiy maqsadlaridan biri turkiy dunyoni xalqaro axborot maydonida to‘g‘ri va xolis namoyon etish ekaniga urg‘u berdi.

– Afsuski, bugun global media makonda ma’lumotni buzib ko‘rsatish yoki noxolis axborot tarqatish holati tez-tez uchrayapti, – dedi u. – Bunday amaliyotga qarshi hissiyotga berilib emas, balki aniq faktga tayanish, sifatli jurnalistik mahsulot taqdim etish va xalqaro standartga to‘liq rioya qilish orqali professional tarzda kurashishimiz kerak.

“Kabar” agentligi vakili Nurjan Kasmaliyeva ATNA turkiy davlatlar OAVning umumiy, ishonchli ovozi sifatida dezinformatsiyaga qarshi kurashish hamda jamiyatlar o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlash uchun o‘ziga xos ko‘prikka aylanishi lozimligini ta’kidladi.

Yig‘ilishda O‘zA bosh muharriri Javlonbek Azizov ham so‘zga chiqib, Alyans nisbatan qisqa vaqtda salmoqli natijalarga erishgani, shu bilan birga ijodiy hamda texnologik hamkorlik ko‘lamini yanada kengaytirish uchun agentliklar hali ulkan salohiyatga ega ekanligini qayd etdi.

– Ishonchim komilki, bugungi yig‘ilish tashkilot rivojida yangi, muhim sahifa ochadi, – dedi J.Azizov. – Bundan buyon ham mudom jipslikda harakat qilib va bir-birimizni qo‘llab-quvvatlab, turkiy dunyoning xalqaro maydondagi ovozi yanada ishonchli, baland yangrashiga erishamiz.

MTI vakili Ishtvan Zoltan Tot hozirgi raqamli davr o‘zaro hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochayotganiga e’tibor qaratib, milliy axborot agentliklari xodimlari sifatida ma’lumotni to‘plash, tekshirish va jamiyatga to‘laqonli yetkazish barchamizning asosiy vazifamiz bo‘lib qolishini eslatdi.

Tadbir yakunida kelgusi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari belgilangan Qo‘shma deklaratsiya qabul qilindi. Turkiy davlatlar axborot agentliklari alyansining navbatdagi yig‘ilishini Ozarbayjonda o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

O‘zA