Joriy yil 27-28 oktyabr kunlari Toshkent shahrida Turkiy davlatlar tashkiloti transport vazirlari majlisi bo‘lib o‘tadi.
Bu haqida O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi ma’lum qilmoqda.
Vazirlik bergan ma’lumotlarga ko‘ra, majlisda tashkilotga a’zo davlatlar vakillari o‘zaro hamkorlikda xalqaro yuk tashuvlari jarayonlarini yanada rivojlantirish, mintaqaning tranzit salohiyatini oshirish, shuningdek, muqobil transport yo‘nalishlarini rivojlantirish bilan bog‘liq masalalarni muhokama qiladi.
Tadbir doirasida Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar temir yo‘l ma’muriyatlarining birinchi uchrashuvi hamda TDTga a’zo davlatlar portlari rahbarlarining beshinchi uchrashuvi o‘tkaziladi.
Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar o‘rtasida xalqaro aralash yuk tashish to‘g‘risida Bitim va Transport sohasida o‘zaro bog‘liqlik dasturi kabi hujjatlar kelishib olinadi.
Ma’lumot o‘rnida aytish kerak, Turkiy davlatlar tashkiloti sammiti joriy yil 11 noyabr kuni Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadi.
O‘zA