Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar energetika sohasida hamkorlikni rivojlantirish, barqaror va xavfsiz energiya ta’minotiga alohida e’tibor qaratmoqda.
Kuni kecha Istanbulda o‘tkazilgan Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar Energetika vazirlarining V yig‘ilishi shunday hamkorlik aloqalarini mustahkamlash va “yashil” energetika loyihalarini ilgari surish imkoniyatlarini muhokama qilish uchun muhim platforma bo‘ldi.
Unda O‘zbekiston, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va Ozarbayjon Respublikasi Energetika vazirlari, Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi hamda Vengriya va Shimoliy Kipr Tashqi ishlar vazirlari kuzatuvchi sifatida ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida do‘st va qardosh turkiy davlatlar rahbarlarining tashabbuslari bilan barcha sohalar qatori yoqilg‘i-energetika tarmog‘i rivoji yo‘lida hamkorlik aloqalari yangi bosqichga chiqayotgani aytib o‘tildi.
Yig‘ilishda energetika sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, mintaqa energetika xavfsizligini ta’minlash va barqaror energiya manbalarini joriy etishdagi ustuvor yo‘nalishlar muhokama qilindi. Xususan, “yashil” energetika loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, tarmoqlar integratsiyasi hamda yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Ta’kidlash kerakki, hamkorlik masalasi Turkiy davlatlar tashkiloti uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lib, u nafaqat siyosiy va iqtisodiy sohalarda, balki energetika tarmog‘i rivojida ham o‘z samarasini ko‘rsatmoqda. Energetika sohasidagi birgalikdagi tashabbuslar, yangi investitsiya loyihalari va “yashil” energetika chora-tadbirlari mintaqada barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlashda muhim rol o‘ynaydi. Shu bilan birga, tarmoqlarning integratsiyasi va innovatsion texnologiyalarni joriy etish mamlakatlar o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlab, energiya ta’minotida uzluksizlik va samaradorlikni ta’minlaydi.

Vazirlik axborot xizmatiga ko‘ra, uchrashuv yakunida tomonlar Turkiy davlatlar tashkiloti Energetika vazirlarining navbatdagi - VI yig‘ilishini 2026 yilda O‘zbekistonda o‘tkazishga kelishib olishdi. Bu chora-tadbirlar esa mintaqadagi energetika hamkorligini mustahkamlash va barqaror rivojlanish yo‘lida muhim qadamdir.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA