Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlarda qo‘shma logistika xablari: hamkorlik va rivojlanish istiqbollari
17:34 / 2025-11-13

Jahonda yuz berayotgan globallashuv jarayonlarida transport-logistika sohasini rivojlantirishning ahamiyati tobora ortib bormoqda. Yuklarni yetkazib berish jarayonida qulay infratuzilmaning mavjudligi yetkazib berish xarajatlarining kamayishiga va sifatli xizmatni ta’minlashga yordam beradi.

Bugungi kunda elektron tijorat bozorining rivojlanishi tufayli transport xizmatlariga bo‘lgan ehtiyoj sezilarli darajada ortib bormoqda. 170,84 million kishilik aholini qamrab olgan Turkiy davlatlar tashkiloti hududi katta iqtisodiy imkoniyatlar va transport potensialiga ega mintaqa hisoblanadi. 

Ta’kidlash joizki, Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi iqtisodiy integratsiya allaqachon sezilarli natijalarni bermoqda: ushbu davlatlarning umumiy YAIM ko‘rsatkichi 5,6 trillion dollardan oshib, keyingi o‘sish uchun katta salohiyatga ega. Tashkilotga a’zo davlatlar O‘zbekistonning tashqi savdosida 14,5 foiz ulushga ega bo‘lib, 2017 yildan 2024 yilga qadar investitsiyalar hajmi 7,5 milliard dollardan ziyod bo‘lgan.

Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida transport-logistika sohasini rivojlantirish a’zo davlatlarga tovar va mahsulotlarni sotish uchun yangi bozorga chiqish, import va eksport osonlashtirish hamda mahsulotlar tannarxini kamaytirish, tovarlarni yetkazib berish tezligini oshirishga va boshqa xarajatlarni optimallashtirishga xizmat qiladi.

Ma’lumot uchun shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, bugungi kunda dunyoda dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan 44 ta davlat mavjud bo‘lib, ulardan 32 tasi Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan rivojlanayotgan, dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan (16 tasi Afrikada, 10 tasi Osiyoda, 4 tasi Yevropada va 2 tasi Lotin Amerikasida joylashgan) davlatlar sifatida tasniflagan. Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar (Turkiyadan tashqari) rivojlanayotgan, dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan davlatlar qatoriga kiradi. 

Turkiy davlatlar tashkilotining bir qancha a’zo davlatlari Kaspiy dengizi bilan chegaradosh bo‘lsa-da, Kaspiy dengizi, aslida, okeanga chiqmaydigan yirik ko‘l bo‘lganligi sababli ular hanuzgacha “dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan davlatlar” hisoblanadi. Shu sababli Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida transport-logistika infratuzilmasini rivojlantirish orqali iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashda a’zo davlatlarning barchasi manfaatdor hisoblanadi. Ayniqsa, O‘zbekiston uchun tashkilotga a’zo davlatlar bilan transport sohasida o‘zaro hamkorlikni ta’minlash va transport-logistika markazlari integratsiyasini hamda qo‘shma transport-logistika xablari va markazlarini tashkil etish manfaatli.

O‘zbekiston dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan davlatlar bilan to‘liq chegaradosh bo‘lgan dunyoning ikki davlatidan biri bo‘lganligi uchun “ikki karra dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan” (double landlocked) davlat hisoblanadi. O‘zbekiston eng yaqin portga chiqish uchun 3 ming kilometr atrofida masofani bosib o‘tishi talab etiladi. 

Geografik joylashuvi sababli dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan davlatlar transport-logistika markazlari va quruqlik portlari kabi asosiy transport infratuzilma tugunlarini yaratish va rivojlantirish muhim ahamiyatga ega.

Shu sababli ta’kidlash joizki, Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar uchun transport va logistika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish ustuvor ahamiyat kasb etib kelmoqda. Bunga misol sifatida “Turk dunyosining nigohi – 2040” strategik hujjatida transport yo‘laklarini rivojlantirish va yirik logistika infratuzilma loyihalarini birgalikda amalga oshirish alohida ta’kidlanganini keltirish mumkin.

Turkiy davlatlar tashkiloti shakllangandan buyon transport va logistikani rivojlantirish maqsadida tashkilot turli loyihalar: Transkaspiy temiryo‘l yo‘lagi, Qardosh portlar jarayoni kabi loyihalar va Logistika markazlari va yuk tashuvchilar alyansi tashkil etildi. 

“Qardosh portlar” jarayoni a’zo davlatlar portlari va transport-logistika markazlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, onlayn axborot almashish platformasini joriy etish, transport koridori bo‘ylab rejalashtirilgan blok poyezdlarni birgalikda ishga tushirish va umumiy raqamli platformalarni ishga tushirish bo‘yicha hamkorlik qilish orqali amalga oshiriladi. 2022 yilda O‘zbekistonning “Universal Logistics Services”, “Axtachi” va “Termez Cargo Center” kabi transport-logistika markazlari tashkilot a’zolarining “Qardosh portlari” jarayoniga qo‘shilgan.

Shuningdek, tashkilot tomonidan a’zo mamlakatlarda yuk tashish va logistika markazlarini rivojlantirishga ko‘maklashish maqsadida 
2024 yilda tashkilot huzurida “Logistika markazlari va yuk tashuvchilar alyansi” tashkil etildi. Alyans logistika va yuk tashish, muhandislik ishlari hamda konsalting xizmatlari bilan shug‘ullanuvchi yuridik va jismoniy shaxslarni o‘zida birlashtirgan.

Alyansning asosiy maqsadlari Turkiy mamlakatlardagi yirik logistika markazlari, yuk tashuvchilar, terminallar, dengiz va quruqlik portlari o‘rtasida samarali hamkorlikni kengaytirish, innovatsion yechimlarni joriy etish orqali butun mintaqaning transport-logistika salohiyatini oshirish hisoblanadi.

Tashkilotga a’zo davlatlar transport-logistika markazlarini rivojlantirishda nafaqat tashkilot doirasidagi loyihalar balki xalqaro loyihalarda ham faol ishtirok etib kelmoqda. 

Xususan, tashkilotga a’zo davlatlarning barchasi BMTning Osiyo va Tinch okeani iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasining (ESKATO) “Quruqlik portlari” to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimiga qo‘shilgan bo‘lib,  Ozarbayjonda 11 ta mavjud va 9 ta potensial quruqlik portlari, Qozog‘istonda 4 ta, Qirg‘izistonda 2 ta, Turkiyada 2 ta mavjud va 17 ta potensial quruqlik portlari xalqaro quruqlik portlari ro‘yxatiga qo‘shilgan hamda O‘zbekistonda quruqlik portlarini rivojlantirish va xalqaro quruqlik portlari ro‘yxatiga qo‘shish bo‘yicha jadal ishlar olib borilmoqda.

Turkiy davlatlar tashkiloti davlatlarining transport va tranzit salohiyatidan samarali foydalanish turkiy davlatlarning umumiy manfaatlariga xizmat qiladi. Tarmoqlangan va yaxlit transport tizimi tufayli Turkiy davlatlar tashkiloti Yevrosiyo qit’asidagi asosiy transport va logistika koridoriga aylanishi mumkin. 

Bunday sharoitda a’zo mamlakatlarning transmintaqaviy transport koridorlari bo‘ylab qo‘shma transport-logistika markazlarini rivojlantirishi alohida ahamiyatga ega. 

Tashkilotga a’zo barcha mamlakatlar tomonidan ushbu yo‘nalishda kelishilgan holda olib boriladigan qo‘shma harakatlargina yagona, rivojlangan va samarali ishlaydigan transport tarmog‘ini shakllantirish imkonini beradi. 


Mohigul Qosimova, O‘zA