Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Turkiy davlatlar sog‘liqni saqlash vazirlari mukofotlandi
14:22 / 2023-08-16

Samarqandda o‘tkazilayotgan Turkiy dunyo tibbiyot kongressi davomida mazkur tadbirda ishtirok etayotgan Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev, Turkiya Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri Fahrettin Koja, Ozarbayjon Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri Teymur Musayev, Qirg‘iz Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Tilek Mamadaliyev, Qozog‘iston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri Ajar Giniyat va Tatariston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri Marsel Minnullin “O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

Mukofotlarni O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri A.Inoyatov topshirdi. Shundan so‘ng bugungi tadbirlar doirasida O‘zbekiston — Turkiya tibbiyot forumi bo‘ldi. Unda ikki mamlakat sog‘liqni saqlash vazirlari, tizim mas’ullari, tibbiyot oliy o‘quv yurtlari, yetakchi davolash-profilaktika muassasalari, xususiy klinikalar, farmatsevtika kompaniyalari rahbarlari va olimlar ishtirok etdi.  

Forumda Amrillo Inoyatovning ta’kidlashicha, mamlakatimizda Turkiyaning Bashkent universiteti rektori, Jahon transplantologlari jamiyati prezidenti Mehmet Xaberal boshchiligida ilk bor kichik yoshli bemorda buyrak ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti muvaffaqiyatli bajarildi. Turkiya Respublikasi Prezidentining 2019 yil 17 apreldagi farmoni hamda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va Sog‘liq bilimlari universiteti o‘rtasida shu yil 24 iyunda imzolangan shartnoma doirasida Buxoro davlat tibbiyot instituti negizida tibbiyot fanlari fakulteti va Malakali tibbiy xizmatlar oliy maktabi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Yaqinda Toshkent shahrida faoliyatini boshlaydigan Hamshiralar akademiyasida “Sog‘liq bilimlari” universitetining “Hamshiralik ishi” fakulteti ochiladi.  

Turkiya Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri Fahrettin Koja O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash tizimining transformatsiyasini qo‘llab-quvvatlash, sohada axborot tizimlarini joriy etish, shoshilinch tibbiy yordam xizmati faoliyatini Turkiya modeli asosida tashkil etish, tibbiy sug‘urta tizimini yo‘lga qo‘yish, soha kadrlarini o‘qitish, malakasini oshirish, birgalikda ilmiy tadqiqotlar olib borish, qo‘shma investitsiya loyihalarini ro‘yobga chiqarish kabi yo‘nalishlarda hamkorlik qilishga tayyor ekanligini ma’lum qildi.  

Forum yakunida ikki davlat tibbiyot muassasalari, sohaga ixtisoslashgan oliy o‘quv yurtlari va ularning klinikalari, xususiy sektor korxonalari va farmatsevtika kompaniyalari o‘rtasida o‘zaro manfaatli kelishuvlarga erishilib, memorandum hamda hamkorlik shartnomalari imzolandi.  

G‘.HASANOV, O‘zA