Dunyo geosiyosati o‘zgarib borayotgan bir davrda Yevrosiyo makonida turkiy davlatlar hamkorligi sezilarli darajada faollashdi. Markaziy Osiyo, Kavkaz va Onado‘li mintaqalarini bog‘lab turgan makonda siyosiy muloqot kengayib, transport va savdo aloqasi mustahkamlanmoqda, qator qo‘shma iqtisodiy tashabbuslar ilgari surilmoqda. Ayniqsa, mintaqada global geosiyosiy muvozanat o‘zgarayotgan bir sharoitda turkiy davlatlar o‘zaro yaqinlashuvi xalqaro tahlil markazlari va ekspertlar diqatini jalb etmoqda. Bu jarayon institutsional jihatdan, avvalo, Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida shakllanmoqda.
Turkiy davlatlar hamkorligining hozirgi institutsional modeli 2009-yil Naxchivonda imzolangan kelishuvga borib taqaladi. Ushbu hujjat turkiy tilli davlatlar o‘rtasida doimiy siyosiy muloqot mexanizmini shakllantirdi. 2021-yil nomi rasman Turkiy davlatlar tashkilotiga o‘zgartirilgan tuzilmaning vakolati ham kengaytirildi. Bugungi kunda TDTga O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya va Ozarbayjon to‘laqonli a’zo, Vengriya va Turkmaniston kuzatuvchi maqomiga ega. Tashkilot tomonidan qabul qilingan “Turkic World Vision-2040” strategiyasi doirasida iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirish, transport zanjirini mustahkamlash va mintaqada savdo aylanmasini oshirish ustuvor vazifa etib belgilangan.
Savdo munosabatlari va iqtisodiy bog‘liqlik
Mintaqaviy integratsiya jarayonini baholashda o‘zaro savdo ko‘rsatkichi alohida ahamiyatga ega. So‘nggi yillarda TDT maydonida tovar ayirboshlash miqdori barqaror o‘syapti. 2023-2024-yillari a’zo davlatlar o‘rtasidagi savdo qiymati taxminan 45 milliard dollardan oshdi. Bu raqam hali yirik iqtisodiy birlashmalar darajasiga yetmagan bo‘lsa-da, mintaqada iqtisodiy aloqalar izchil kengayib boryapti.
Bu jarayonda mintaqaning asosiy iqtisodiy markazi sifatida namoyon bo‘layotgan Turkiya bilan Markaziy Osiyo davlatlari savdosi so‘nggi o‘n yil ichida sezilarli darajada oshdi. Xususan, mamlakatimizning ushbu qardosh o‘lka bilan savdosi 2023-yilga kelib qariyb 3 milliard dollarga yetdi. 2026-yil o‘zaro tovar ayirboshlash qiymatini 5 milliard dollarga yetkazish belgilangan. Bu holat iqtisodiy hamkorligimiz yangi bosqichga chiqqanini ko‘rsatadi.
Qozog‘iston ham turkiy iqtisodiy makonda muhim o‘rin egallaydi. Mamlakat energiya resurslari, sanoat bazasi va tranzit imkoniyati orqali mintaqa zanjirida muhim halqa vazifasini bajaradi.
Iqtisodchilar ta’kidlashicha, TDT doirasidagi savdo hali umumiy tashqi aylanmaga nisbatan salmoqli emas. Shunday bo‘lsa-da, o‘sish sur’ati yuqoriligi faol iqtisodiy integratsiya uchun asos yaratishi mumkin.
Transport yo‘laklari va geoiqtisodiy ahamiyat
Turkiy davlatlar iqtisodiy yaqinlashuvining asosiy sharti transport va logistika sohasidagi hamkorlikdir. Ayniqsa, Yevrosiyoda ta’minot zanjiri qayta shakllanayotgan bir payt O‘rta yo‘lak transport tizimiga qiziqish ortmoqda. Ushbu yo‘nalish Xitoydan Markaziy Osiyo orqali Kaspiy dengizi, Kavkaz va Turkiya orqali Yevropaga chiqish imkonini beradi. Boku – Tbilisi – Kars temir yo‘li mazkur yo‘lakning strategik qismi sifatida Yevrosiyoda yangi logistika yo‘nalishini shakllantirishga xizmat qiladi. Ekspertlar infratuzilma jadal rivojlantirilsa, bu yo‘lak ikki qit’a savdo logistikasida muhim muqobil loyihaga aylanishini bashorat qilishyapti.
Investitsiya va sanoat kooperatsiyasi
Iqtisodiy hamkorlik investitsiya sohasida ham faollashmoqda. Jarayonni institutsional jihatdan mustahkamlash maqsadida 2023-yil Turkiy investitsiya jamg‘armasi tashkil etildi. Tuzilma faoliyati qo‘shma infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish, sanoat kooperatsiyasini rag‘batlantirish va xususiy sektor faolligini oshirishga yo‘naltirilgan.
O‘zbekiston va Turkiya qo‘shma korxonalari so‘nggi yillarda sezilarli darajada ko‘paygani ham ayni sa’y-harakat mahsulidir. Izchil hamkorlik to‘qimachilik, qurilish materiallari ishlab chiqarish va energetika kabi muhim sohalarni qamrab olgan. Bunday kooperatsiya modeli mintaqada sanoat zanjirini shakllantirish va investitsiya oqimini tezlashtirishga xizmat qiladi.
Turkiy davlatlar integratsiyasi iqtisodiy jarayon bo‘lishi bilan birga, geosiyosiy ahamiyatga ham ega. Turkiya uchun Markaziy Osiyo bilan aloqalar Yevrosiyo makonidagi strategik ta’sirni kuchaytirish imkonini beradi. Mintaqa davlatlari esa bu hamkorlik orqali tashqi iqtisodiy aloqalarni diversifikatsiya qilib, yangi bozorlarga yo‘l ochadi. Global ta’minot manzarasi o‘zgarib borayotgan hozirgi sharoitda turkiy davlatlar transport, savdo va investitsiya aloqalarini mustahkamlab, Yevrosiyoda yangi iqtisodiy makon yaratishi mumkin. Qolaversa, hamkorligimiz institutsional mustahkamlanib, iqtisodiy jihatdan chuqurlashsa, kelgusi o‘n yillikda turkiy davlatlar makonida mintaqaviy iqtisodiy integratsiyaning yangi modeli shakllanishi ehtimoldan xoli emas.
Dilshod Hakimov, O‘zA