French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Turkiy davlatlar hamkorligi – barqaror taraqqiyot va umumiy kelajak poydevori
11:00 / 2025-11-13

Dunyoda murakkab geosiyosiy o‘zgarishlar kechayotgan va xavfsizlikka tahdidlar tobora ortib borayotgan bir sharoitda davlatlar o‘rtasidagi mintaqaviy hamkorlik, birdamlik va o‘zaro ishonchli sheriklik munosabatlari har bir davlatning barqaror taraqqiyoti uchun muhim omilga aylanmoqda.

Shu ma’noda Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) faoliyati nafaqat tarixiy va madaniy birlikni, balki siyosiy-iqtisodiy hamjihatlikni ta’minlashda ham katta ahamiyat kasb etmoqda. Mazkur tashkilot qisqa vaqt ichida jadal rivojlanayotgan nufuzli xalqaro tuzilmalar qatoriga kirdi. Turkiy mamlakatlar o‘rtasida yuksak darajadagi siyosiy muloqotlar faollashib, o‘zaro ishonch mustahkamlanmoqda. Shu bilan birga, amaliy sheriklik loyihalari va gumanitar dasturlar hayotga faol tatbiq etilmoqda.

Tashkilotning rivojlanish bosqichlarini shartli ravishda uchga bo‘lish mumkin.

Birinchisi — O‘zbekiston mustaqillikka erishgan 1992 yilda Turkiyaning Anqara shahrida o‘tkazilgan Turkiy tilli mamlakatlar sammiti bilan boshlangan. Bu davrda 2009 yilgacha sammitlar davlat rahbarlari darajasida tashkil etilgan.

Ikkinchi bosqich 2009 yil 3 oktyabrda Naxichevanda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashini tuzish haqidagi bitim imzolanishi bilan boshlandi. Shu sana tashkilotning rasmiy tashkil topgan kuni sifatida belgilandi va har yili bayram sifatida nishonlanadi.

Uchinchi bosqich 2021 yil 11–12 noyabr kunlari Turkiyaning Istanbul shahrida bo‘lib o‘tgan sammitda boshlandi. Unda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi Turkiy davlatlar tashkiloti deb qayta nomlandi. Bu o‘zgarish tashkilot a’zolarining jiddiy maqsad va uzoq muddatli rejalarini ifoda etdi.

Sammitda 10 dan ortiq muhim hujjatlar — yakuniy deklaratsiya, “Turkiy dunyo nigohi – 2040” dasturiy hujjati va boshqa qarorlar imzolandi. Bu tashkilotning imkoniyatlarini kengaytirdi va uning siyosiy-huquqiy asoslarini mustahkamladi.

2021 yildan boshlab 12 noyabr sanasi xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va birdamlik timsoli sifatida nishonlanmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida O‘zbekiston tashkilot faoliyatida faol ishtirok etib, amaliy hamkorlik yo‘nalishlarini kengaytirish orqali turkiy dunyo birligini mustahkamlamoqda.

Turkiy dunyo birdamligi — bu bizning umumiy kelajagimiz, tinchlik va taraqqiyotning mustahkam poydevoridir. 2021 yilda qabul qilingan yangi Nizomga muvofiq, tashkilot faoliyati siyosiy, iqtisodiy va ma’naviy sohalarni qamrab olishga yo‘naltirildi.

O‘zbekistonning 2019 yilda Turkiy davlatlar tashkilotiga to‘laqonli a’zo bo‘lishi turkiy dunyoda siyosiy muvozanatni mustahkamlash, iqtisodiy aloqalarni kengaytirish va madaniy birlikni rivojlantirishda muhim qadam bo‘ldi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashkilot sammitlaridagi faol ishtiroki, tashabbuskorligi va birdamlik siyosatini ilgari surishi turkiy davlatlar hamkorligini yangi bosqichga olib chiqdi.

Davlatimiz rahbarining “Yangi O‘zbekiston – yangilangan turkiy dunyo bilan birga” tamoyili so‘zda emas, amalda namoyon bo‘lmoqda. Bugun O‘zbekiston turkiy davlatlar bilan savdo, sanoat, transport, ta’lim va madaniyat sohalarida keng ko‘lamli hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.

Prezident tashabbuslari natijasida TDT faoliyati yangi mazmun bilan boyidi. Jumladan, “Turkiy dunyo xartiyasi” qabul qilinib, davlatlar o‘rtasidagi siyosiy va ma’naviy birdamlikning huquqiy asoslari mustahkamlandi. Shuningdek, Turkiy investitsiya fondi tashkil etildi, “Turk-treyd” onlayn platformasi ishlab chiqildi va transport-logistika sohasida integratsiya dasturlari yo‘lga qo‘yildi.

O‘zbekistonda turkiy dunyo yoshlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Turkiy dunyo kreativ yoshlari markazi tashkil etilmoqda. Shuningdek, yoshlar o‘rtasida bilim va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlik faol davom etmoqda.

2025 yil 7 oktyabr kuni Ozarbayjonning Gabala shahrida bo‘lib o‘tgan TDT sammiti “Mintaqaviy tinchlik va xavfsizlik” mavzusida o‘tdi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning nutqi butun turkiy dunyoning istiqboldagi yo‘nalishlarini belgilab berdi.

Davlat rahbari TDTni 2030 yilgacha rivojlantirish strategiyasi va uni amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” ishlab chiqishni taklif etdi. Shuningdek, “Jaholatga qarshi – ma’rifat” tamoyili asosida ta’lim va ilm-fan sohasida hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish zarurligini ta’kidladi.

2025–2026 yillarda O‘zbekiston Turkiy universitetlar ittifoqiga raislik qiladi. Bu doirada mamlakatimizda “Turkiy ilm-fan va innovatsiyalar kunlari” o‘tkaziladi.

Joriy yil 15 oktyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Turkiy universitetlar ittifoqining VIII Bosh Assambleyasi ta’lim va ilm-fan sohasida yangi istiqbolli loyihalarni boshlashda muhim qadam bo‘ldi.

Prezident Mirziyoyev Gabala sammitida mamlakatimizda Turkiy davlatlar xalqaro universiteti tashkil etilayotganini ma’lum qildi. Universitet negizida qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash dasturini ishlab chiqish taklifi berildi.

Yoshlar orasida yot va buzg‘unchi g‘oyalarning tarqalishiga qarshi kurash maqsadida Turkiy davlatlar makonida ekstremizm va radikalizmga qarshi Harakatlar rejasini qabul qilish taklifi bildirildi.

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi ilmiy-ma’rifiy sohada yetakchi muassasa sifatida turkiy davlatlar bilan aloqalarni rivojlantirish, yoshlar ongida umumiy qadriyatlar va birodarlik tuyg‘usini mustahkamlashga faol hissa qo‘shmoqda.

23 oktyabr kuni Akademiyada “Turkiy tilli davlatlarning falsafasi, madaniyati va aloqalari: tarix, bugun va kelajak” mavzusida VI xalqaro simpozium bo‘lib o‘tdi. Unda Turkiya, Shvetsiya, Malayziya, Qozog‘iston va Qirg‘izistondan yetakchi olimlar va talabalar ishtirok etdi.

Turkiy davlatlar hamkorligi — faqat siyosiy yoki iqtisodiy ittifoq emas, balki ma’naviyat, ma’rifat va do‘stlik tamoyillariga asoslangan umuminsoniy harakatdir.

Islom ta’limotida ilm-fan va birodarlik g‘oyalari ustuvor o‘rin tutadi. Shu bois turkiy dunyo birdamligining ilmiy va ma’naviy asosi — bilim, madaniyat va bag‘rikenglikdir.

Muzaffar Kamilov,

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori,

ICESCO ijroiy kengashi a’zosi