French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Turkiy adabiyot durdonalari” ona tilimizda
18:55 / 2022-10-24

21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan mamlakatimiz bo‘ylab qator tadbir, uchrashuv va davra suhbatlari bo‘lib o‘tdi.

Darhaqiqat, til – inson tafakkurining shaffof ko‘zgusidir. Uni nafaqat asrab-avaylash, balki to‘xtovsiz takomillashtirib borish jamiyatning vazifasidir.

Prezidentimizning 21 oktyabr kuni matbuotda e’lon qilingan “O‘zbekiston xalqiga bayram tabrigi”da inson uchun ona Vatan, ota-ona qanchalik aziz bo‘lsa, uning ma’naviy olamini belgilaydigan ona tili ham shunchalik mo‘’tabar ekanligi alohida ta’kidlangan. Unda tez kunlarda ona tilimizda “Turkiy adabiyot durdonalari” nomli yuz jildlik muhtasham to‘plam nashrdan chiqayotganiga alohida urg‘u berilgan.

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti dotsenti, filologiya fanlari doktori Xayrulla HAMIDOV mazkur “Turkiy adabiyot durdonalari” nomli yuz jildlik muhtasham to‘plamning tayyorlanish jarayonlari haqida O‘zA muxbiriga ma’lumot berdi.

– Davlatimiz rahbarining 21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan tabrigida ta’kidlanganidek, xalqimiz tafakkurining tiniq ko‘zgusi bo‘lgan bu bebaho xazinani asrab-avaylash va rivojlantirish bugungi kundagi eng sharafli vazifalarimizdan biridir, – dedi H.Hamidov. – Ushbu tabrikda o‘zbek mumtoz va zamonaviy adabiyotining sara namunalari xorijiy tillarga tarjima qilinib, chet ellik kitobxonlarning ham e’tiborini qozonayotgani, xususan, iste’dodli olim va ijodkorlarimiz qalamiga mansub ilmiy va badiiy asarlar nufuzli xalqaro mukofotlarga sazovor bo‘layotgani, qolaversa tez kunlarda ona tilimizda “Turkiy adabiyot durdonalari” nomli yuz jildlik muhtasham to‘plam nashrdan chiqayotganiga alohida urg‘u berilgan.

Shu o‘rinda, ana shu to‘plam haqida qisqacha to‘xtalib o‘tsam. Qadim turkiy tilimizni ilk bor ilmiy asosda tadqiq etgan buyuk alloma Mahmud Koshg‘ariy va ulug‘ mutafakkir Mir Alisher Navoiydan boshlab to bugungi kunda qalam tebratayotgan o‘zbek, qoraqalpoq, turk, ozarbayjon, qozoq, qirg‘iz va turkman adabiyoti namoyandalarining durdona asarlarini o‘z ichiga olgan “Turkiy adabiyot durdonalari” nomli yuz jildlik to‘plamning yaralishida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti professor-o‘qituvchilarining ham salmoqli hissalari bor.

Yurtimizda til va adabiyot masalasida olib borilayotgan davlat siyosati, xususan, “Turkiy adabiyot durdonalari”ni xalqimiz orasida keng targ‘ib etish ishida universitetimiz professor-o‘qituvchilarining beg‘araz hissalari bizni benihoya quvontiradi. Mamlakatimizda istiqomat qilayotgan turli millat va elatlarning tili, madaniyati va qadriyatlari asrab-avaylab hamda rivojlantirib kelinayotgan bir davrda ushbu yo‘nalishda olib borayotgan ishlarda universitetimiz mutaxassislarining ham hissalari borligidan faxr va iftixor tuyamiz.

O‘zA muxbiri Nasiba ZIYODULLAEVA

yozib oldi.