Sharof Rashidov nomidagi Jizzax viloyati axborot-kutubxona markazida “Turkiy adabiyot durdonalari” deb nomlangan 100 jildlik kitoblar turkumi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Taqdimotda Jizzax viloyati va shahar hokimliklari, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi viloyat boshqarmasi, viloyat, shahar va tuman axborot-kutubxona markazlari rahbar va mutaxassislari hamda yoshlar ishtirok etdi.
Tadbirda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasi direktori Umida Teshaboyeva, Jizzax viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Abduvali Mustanov mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlashni yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etayotgani bilan bog‘liq muammolarga yechim ishlab chiqish maqsadida amalga oshirilayotgan vazifalar haqida gapirdi.
[gallery-12967]
– Bugun Jizzaxda nafaqat “Turkiy adabiyot durdonalari” to‘plami, balki, qator yo‘nalishlardagi o‘zbek tili lug‘atlari to‘plamining ham taqdimotini o‘tkazish imkoniyatini yaratib bergan Axborot kommunikatsiyalar agentligiga samimiy minnatdorlik bildiraman, – deydi Umida Teshaboyeva. – Keyingi 5-6 yil ichida mamlakatimizda aholi va ayniqsa, yoshlar orasida kitob mutolaasiga hukumat miqyosida e’tibor berilayotgani bejiz emas. E’tiborlisi, mamlakatimizdagi barcha axborot kutubxona markazlariga O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan yangi nomdagi kitoblarning izchillik bilan yetkazib berilayotganini ham alohida ta’kidlash joiz. Tadbir yakunida Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasi tomonidan Jizzax viloyati va 12 tuman axborot kutubxona markazlariga 500 donadan “Turkiy adabiyot durdonalari” hamda o‘zbek tili lug‘atlari topshirildi.
A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat), O‘zA