Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Turkiston taraqqiyparvar jadidlari: yangi siymolar
11:11 / 2023-08-25

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi bilan hamkorlikda 31 avgust – “Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni”ga bag‘ishlab “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!” bosh g‘oyasi asosida “Turkiston ma’rifatparvar jadidlari: yangi siymolar” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir hamda shu nomli foto va buyumlardan iborat ko‘rgazmaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi direktori Bahtiyor Hasanov kirish so‘zi bilan ochib berdi.  

Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi direktori o‘rinbosari, filologiya fanlari nomzodi Shuhrat Rizayev, O‘zbekiston Milliy media assotsiatsiyasi raisi Sherzodxon Qudratxo‘ja va Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi xodimi “Do‘stlik” ordeni sohibi, taniqli shoir Abdulmajid Azimlar tomonidan Qatag‘on qurbonlarini yod etish kunining ahamiyati, jadid taraqqiyparvarlarining ibratli hayot yo‘li va bebaho merosi xususida fikr bildirdi.  

Shuningdek, tadbirda mustaqillik yillarida tarixiy adolatning tiklanishi, qatag‘on qurbonlari xotirasining abadiylashtirilishi, milliy qadriyatlarni asrab-avaylash va rivojlantirish, istiqlol, xalqimizning ozodligi va erkinligi, kelajak avlodlarning tinch va farovon hayotini ta’minlash yo‘lida mardona kurash olib borib aziz jonlarini fido qilgan, mustabid tuzum davrida qatag‘on qilingan ajdodlarimiz xotirasini tiklash, ularning faoliyati va merosini o‘rganish hamda targ‘ib etish borasida yurtimizda amalga oshirilayotgan ishlar haqida keng ma’lumotlar berildi.  

Darhaqiqat, har bir millat va elatning o‘z tarixi bor. Tarix zamirida esa, milliy o‘zlikni anglash, qadriyatlarga hurmat, ajdodlar xotirasiga ehtirom tuyg‘usi mujassam.  

Yurtimizda har yili 31 avgust – “Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni” sifatida keng nishonlab kelinadi. “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuasi barpo etildi.  

Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi hamda hududlardagi oliy ta’lim muassasalari qoshida uning bo‘limlari tashkil etilgani, shuningdek, qatag‘on qurbonlari bo‘lgan Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Ishoqxon Ibrat, Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy kabi ulug‘ ma’rifatparvar ajdodlarimiz xotirasiga bag‘ishlangan muhtasham haykallar, muzeylar bunyod etilgani, ijod maktablari faoliyati yo‘lga qo‘yilgani qayd etildi. Siyosiy qatag‘on yillarida nohaq qurbon bo‘lgan yurtdoshlarimizning nomlarini aniqlash, ularning qoldirgan merosini o‘rganish va keng jamoatchilikka yetkazishga qaratilgan ilmiy-tadqiqot ishlari, badiiy va hujjatli asarlar yaratilayotgani haqida batafsil ma’lumot berildi.  

Aytish mumkinki, el-yurtimiz ozodligi va erkinligi yo‘lida, xalqimizning qadr-qimmati, or-nomusini, milliy an’analarimiz va urf-odatlarimizni himoya qilishda, bosqinchi va yovuz kuchlarga qarshi mashaqqatli kurashlarda qurbon bo‘lganlar xotirasi avlodlar yodida abadiy saqlanib qoladi. Mustabid tuzum davrida million-million begunoh insonlarning umri xazon bo‘lganini, qancha-qancha oilalar xonavayron bo‘lib, qancha-qancha go‘daklar yetim qolganini tarix, bugungi va kelajak avlod hech qachon unutmaydi. Bugungi o‘tkazilgan tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad ham shu edi.  

Tadbir jarayonida muzeyda Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi tomonidan tayyorlangan “Turkiston taraqqiyparvar jadidlari: yangi siymolar” fotoko‘rgazmasi ochildi.  

 

O‘zA