French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Turkiston Muxtoriyati e’lon qilingan qurultoyda suratga tushganlar ham qatag‘on qilingan
07:12 / 2025-02-23

Vatanimiz tarixidagi 23 fevral sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.

1405 yil (bundan 620 yil oldin) – temuriylar davri mashhur tarixnavisi Sharafuddin Ali Yazdiyning yozishicha, amir Xo‘ja Yusuf O‘trorda vafot etgan sohibqiron Amir Temurning jasadini Samarqandga yetkazib keldi va o‘sha kuni kechasiyoq marhum Muhammad Sulton Mirzo xonaqohiga dafn qilindi. O‘trordan yo‘lga chiqqan malikalar Samarqandga yetib kelganlarida Amir Temurning o‘limi haqidagi xabar hammayoqqa tarqalib bo‘lgan edi.

Tarixchi Turg‘un Fayziyevning qayd etishicha, Samarqand shahrining hokimi Arg‘unshoh shahar darvozalarini berkitib, to haqiqiy valiahd kelib, taxt masalasi hal bo‘lmaguncha shaharga hech kimni kiritmasligini e’lon qildi. Faqat davomli muzokaralar so‘ngida Amir Temurning katta xotini Saroymulkxonim boshchiligida ayrim malikalar va yosh shahzodalargagina shaharga kirishga ijozat berildi.

Malikalar, shahzodalar va shahar a’yonlarining xotinlari Muhammad Sulton Mirzo xonaqohiga borib, ta’ziya marosimini boshladilar. Ular ko‘k kiyinib, sochlarini yoyib, yuzlarini tirnab qonatib, qorakuya surtib, dod-faryodlar qilib, aza ochadilar. Bu marosimda shahzodalar, shahar ichida bo‘lgan a’yonlar, hatto shayxulislom Abdul Avval va Isomiddinlar ham faol qatnashadilar. Shahardagi barcha rastalar va do‘konlar yopiladi.

1862 yil (bundan 163 yil oldin) – Qo‘qon xonligining ichki siyosiy hayotida davom etayotgan keskinliklar natijasida Andijon hokimi Olimbek dodhoh boshchiligidagi fitnachilar tomonidan Qo‘qon taxtini 3 yilu 4 oy davomida boshqargan va xonlik uchun bir qator ishlarni amalga oshirib ulgurgan Mallaxon o‘ldirildi. 

1907 yil (bundan 118 yil oldin) – geolog, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Vladimir Popov tavallud topdi (vafoti 1991 yil). U 20 yoshida Pomirda oltinning boy sochma konlarini topib, bu hududning metallogenik va geokimyoviy sxemasini tuzgan.

1918 yil (bundan 107 yil oldin) – “Ulug‘ Turkiston” gazetasida tahririyat xodimlari maxsus jurnal chiqarishni rejalashtirgani haqidagi maqola e’lon qilindi. Bu jurnaldan keladigan foydani ochlikdan azob chekayotganlarga yordam ko‘rsatish uchun sarflashga qaror qilingan. Jurnalni chiqarishga toshkentlik boylar tomonidan qog‘oz uchun, muharrir va harf teruvchilar esa yozuv bilan yordam ko‘rsatishlari ko‘zda tutilgan. 

1938 yil (bundan 87 yil oldin) – Turkiston Muhtoriyati ta’sis qurultoyida Andijon vakili sifatida qatnashgan Xaqqul Husanboyev oradan 21 yil o‘tib, Turkiston Muxtoriyati e’lon qilinishi munosabati bilan bo‘lgan qurultoyda suratga tushgani uchun, xibsga olindi. 

Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, jadidlarning sa’y-harakati bilan 1917 yil 26–28 noyabr kunlarida Qo‘qon shahrida o‘tkazilgan Butunturkiston o‘lka musulmonlarining favqulodda to‘rtinchi qurultoyida Turkiston muxtoriyatiga asos solingan edi. Turkiston muxtoriyati bor-yo‘g‘i 72 kun mavjud bo‘lgan.

1940 yil (bundan 85 yil oldin) – tarix fanlari doktori, professor Ubaydulla Uvatov tavallud topdi. O‘rta Osiyodan, ayniksa, O‘zbekiston xududidan yetishib chiqqan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Maxmud Zamaxshariy, Abu Mansur Moturidiy, Hakim Termiziy, nasafiylar kabi ko‘plab buyuk allomalarning hayoti va ilmiy-ma’naviy merosi doirasi Ubaydulla Uvatovning asosiy ilmiy yo‘nalishi va ilmiy maktabi hisoblanadi.

Olim 1974 yilda XV asr arab tarixchisi Ibn Arabshohning Sohibqiron Amir Temur hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan tarixiy asari asosida fan nomzodi ilmiy darajasini olib, 2002 yilda “Movarounnahr va Xuroson olimlarining hadis ilmi rivojida tutgan o‘rni (Buxoriy, Muslim, Termiziy)” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini yoklagan.

1995 yil (bundan 30 yil oldin) – birinchi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining birinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Sessiyada Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) lavozimi ta’sis etildi va bu lavozimga Sayyora Rashidova saylandi.

2000 yil (bundan 25 yil oldin) – respublikada charm-poyabzal tarmog‘i boshqaruvi tizimini takomillashtirish maqsadida tarmoqda yagona rahbarlikni amalga oshiradigan, ko‘nchilik, poyabzal, teri-charm mahsulotlari, shuningdek, iste’mol buyumlarini ishlab chiqarish, teri tayyorlash bilan shug‘ullanadigan korxonalarni o‘z ichiga olgan “O‘zbekcharmpoyabzali” uyushmasi tashkil etildi.

2007 yil (bundan 18 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent shahridagi Hazrati Imom (Hastimom) me’moriy majmuasida qurilish-ta’mirlash, qayta tiklash va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. 

2011 yil (bundan 14 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Nomoddiy madaniy meros muhofazasiga oid normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori bilan Nomoddiy madaniy meros ob’ektlarining ro‘yxatini yuritish to‘g‘risidagi hamda Nomoddiy madaniy meros ob’ektlarini tarixiy-madaniy ekspertizadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomlar tasdiqlandi.

2018 yil (bundan 7 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublikada urug‘lik kartoshkasini yetishtirishni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”, “«Paxtasanoat ilmiy markazi» aksiyadorlik jamiyati faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarorlari qabul qilindi. 

2018 yil (bundan 7 yil oldin) – hukumat qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Milliy antidoping agentligi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

2021 yil (bundan 4 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sog‘liqni saqlash sohasida raqamlashtirish ishlarini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. 

2023 yil (bundan 2 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xo‘jaligida aholi bandligini oshirish va yer uchastkalaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”, “Kasanachilikni yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qarorlari qabul qilindi. 

2024 yil (bundan 1 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Saudiya Arabistonining «ACWA Power Company» kompaniyasi bilan birga «Maxam-Chirchiq» AJ negizida «yashil vodorod» ishlab chiqarishni tashkil etish» investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. 

Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi, O‘zA