Xorazm viloyat hokimi Jo‘rabek Rahimov Qozog‘iston Respublikasining Turkiston viloyati hokimi Nuralxan Kusherovni qabul qildi.
Muloqot jarayonida turizm sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish, qo‘shma sayyohlik yo‘nalishlarini ishlab chiqish, investitsiya loyihalarini amalga oshirish, madaniy va gastronomik turizmni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Uzoq yillardan beri yaxshi qo‘shnichilik hamda qardoshlik aloqalarini yanada mustahkamlashda dolzarb bo‘lib turgan istiqbolli rejalar kelishib olindi.
Tashrif doirasida biznes vakillari va tadbirkorlar ishtirokidagi uchrashuvlar ham har ikki tomon uchun manfaatli bo‘ldi.

Tarixi va buguni bir- biri bilan uyg‘un bo‘lgan Turkiston hamda Xorazm viloyatining turizm imkoniyatlari, qadim o‘tmishga borib taqaladigan madaniyati, shaharsozlik arxitekturasi, sayyohlarni qabul qilish salohiyati mutaxassislar tomonidan namoyish qilindi.
Ahmad Yassaviy, Farobiy kabi buyuk siymolar qabri joylashgan maqbaralar Turkistonda, Yusuf Hamadoniy, Pahlavon Mahmud kabi avliyolar qabrlari Xorazmda ekanligi ta’kidlandi. Tili va dili hamohang millatlar jamlangan bu hududlarda ziyorat turizmini ham yo‘lga qo‘yish imkoni mavjudligi muhokama etildi.

Uchrashuv davomida sohada faoliyat yuritayotgan investorlar, tadbirkorlarga hamkorlik asosida ish boshlashlari uchun mavjud imkoniyat va imtiyozlar haqida atroflicha ma’lumotlar berildi.
Xorazmda bugun ichki va tashqi sayyohlar oqimi oldingi yillarga qaraganda bir necha barobarga ortgani, zamonaviy mehmonxonalar va xizmat ko‘rsatish turlari kengaygani alohida e’tirof etildi.
Uchrashuvlar yakunida ikki tomonlama manfaatli shartnomalar imzolandi.
Ahmadjon Shokirov, O‘zA muxbiri