Turizm qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sanjar Tojiyev “Turkish Airlines” aviakompaniyasining Toshkentdagi vakolatxonasi rahbari Huseyn Guzel bilan uchrashdi.
Muzokaralar davomida Turkiya milliy aviakompaniyasi vakillariga mamlakatimizda turizm sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, shu jumladan infratuzilmani rivojlantirish, transport-logistika imkoniyatlarini kengaytirish va turizm xizmatlari sifatini oshirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi. Xorijiy mehmonlar soni ortib borayogani, shuningdek aviakompaniya yurtimizning turizm sohasidagi salohiyatini xalqaro maydonda targ‘ib etishga munosib hissa qo‘shib kelayotgani alohida qayd etildi.
O‘zbekistonning tarixiy-madaniy merosi, ziyorat, gastronomik, ekologik va MICE turizmi sohasidagi salohiyatini Yevropa, xususan Germaniya, Skandinaviya davlatlari, Gretsiya va AQSHda targ‘ib qilish bo‘yicha qo‘shma PR-kampaniyalar o‘tkazish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida turizm sohasini barqaror rivojlantirish, mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlash va chet ellik sayyohlar oqimini oshirishga qaratilgan strategik sheriklikni yanada kengaytirish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
Aziza Alimova, O‘zA