O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan Islom mamlakatlari standartlari va metrologiya instituti (SMIIC)ning 20-Bosh Assambleya doirasida Turk standartlari instituti raisi Mahmut Sami Shahin bilan suhbatlashdik.
— O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan Islom mamlakatlari standartlari va metrologiya institutining 20-Bosh Assambleyasi haqida fikringizni bilmoqchimiz. Bu tadbir siz uchun qanday ahamiyatga ega?
— O‘zbekiston mezbonlik qilayotgan ushbu nufuzli anjumanda ishtirok etishdan mamnunmiz. SMIIC Bosh Assambleyasi Islom mamlakatlari o‘rtasida texnik hamkorlikni mustahkamlash, umumiy sifat infratuzilmasini rivojlantirish va halol sertifikatlashtirish tizimini jahon miqyosida yanada samarali tashkil etish nuqtai nazaridan tarixiy ahamiyatga ega.
Avvalo, SMIIC Bosh Assambleyasiga namunali darajada mezbonlik qilgani uchun O‘zbekiston hukumatiga minnatdorlik bildiraman. Tashkiliy ishlar va do‘stona hamkorlik biz uchun juda qadrli.

— SMIIC tashkiloti faoliyatida qaysi jihatlar muhim deb o‘ylaysiz?
— Standartlar va metrologiya bo‘yicha Islom mamlakatlari instituti (SMIIC) Islom hamkorlik tashkiloti doirasida faoliyat yuritadi. Bugungi kunda 45 dan ortiq mamlakat a’zo. Tashkilotning asosiy maqsadi standartlashtirish, metrologiya va muvofiqlikni baholash sohalarida yagona tilni shakllantirish, shu orqali mamlakatlar o‘rtasida savdoni yengillashtirish va sifat madaniyatini keng tarqatishdan iborat.
— Halol standartlari bugungi kunda juda dolzarb mavzu. Bu borada SMIICning o‘rni haqida nima deya olasiz?
— SMIIC ostida ishlab chiqilgan halol standartlari faqat diniy ehtiyoj emas. Ular oziq-ovqat xavfsizligi, gigiyena, izchillik va sifat kafolati nuqtai nazaridan xalqaro darajada e’tirof etilgan tizim. Bugungi kunda halol sertifikati dunyo savdosida ishonch, barqarorlik va sifat ramziga aylangan.
Turk standartlari instituti SMIIC’ning asoschilik qilgan a’zolaridan biri. Biz halol muvofiqlikni baholash sohasida akkreditatsiyadan o‘tgan va xalqaro darajada tan olingan tashkilotmiz. Oziq-ovqat, kosmetika, turizm, logistika va xizmat ko‘rsatish sohalarida amalga oshirayotgan belgilash ishlarimiz orqali Turkiyada ham, boshqa islom mamlakatlarida ham shaffof, ishonchli va izchil halol ekotizimni yaratyapmiz.

— O‘zbekistonda o‘tayotgan bu yilgi anjuman haqida qanday fikrdasiz?
— Bu yilgi Bosh Assambleyaga O‘zbekistonning mezbonlik qilishi bejiz emas. Mamlakat sanoat, savdo va sifat infratuzilmasi bo‘yicha rivojlanib bormoqda. Toshkentda o‘tayotgan yig‘ilish Osiyo markazida standartlashtirish, metrologiya va halol sertifikatlashtirishning kelajagi uchun muhim burilish nuqtasidir.
— Turk standartlari instituti va “O‘zstandart” o‘rtasida qanday hamkorlik ishlari olib borilyapti?
— Biz “O‘zstandart” bilan qator yo‘nalishlarda amaliy ishlar olib bormoqdamiz. Xususan, halol sertifikatlashtirish salohiyatini oshirish, umumiy test va kalibrovka loyihalarini amalga oshirish, mutaxassislar tayyorlash va tajriba almashish borasida o‘zaro hamkorlik qilinmoqda.

Maqsadimiz Turkiya va O‘zbekiston sanoatchilari ishlab chiqarayotgan mahsulotlarni faqat ichki bozorda emas, balki butun islom dunyosi va xalqaro bozorlarda ham ishonch bilan qabul qilinishiga erishish.
— Ushbu tadbir islom mamlakatlari uchun qanday ahamiyatga ega deb o‘ylaysiz?
— O‘zbekistonning muhim yig‘ilishga mezbonlik qilishi Islom mamlakatlari o‘rtasidagi birodarlik, hamjihatlik va umumiy maqsad yo‘lidagi intilishning yorqin namunasi. Turk standartlari instituti bu umumiy viziyaning eng faol qo‘llovchilaridan bo‘lib qoladi. Biz ishonamizki, islom mamlakatlari bilim, texnologiya va standartlar sohasida qo‘lni qo‘lga berib, o‘z kelajagini o‘zi belgilaydigan kuchli sifat infratuzilmasini birgalikda barpo etadi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA