Bugun Buxoroda Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov turkiyalik kinoijodkorlar delegatsiyasi rahbari, TESIYAPDER tele- va kinematografik filmlar prodyuserlari assotsiatsiyasi prezidenti, YEKON kuzatuv kengashi a’zosi, Parij madaniyat va san’at uyushmasi vitse-prezidenti Sami Dyundar bilan uchrashdi.
Delegatsiya O‘zbekistonga “Turk dunyosi mamlakatlari: O‘zbekiston - Turkiya. Kino sanoati sohasida mamlakatlar o‘rtasida hamkorlik va koproduksiya shakllarini izlash" shiori ostida tashrif buyurgan.
Uchrashuv doirasida "Ipak yo‘li durdonasi" Toshkent xalqaro kinofestivalida Turkiya kinoijodkorlari delegatsiyasining ishtirok etish imkoniyati muhokama qilindi. Shuningdek, delegatsiya tarkibi, Toshkent kinofestivaliga Turkiya tomonidan taqdim etiladigan filmlar soni va tarkibi muhokama qilindi. Tomonlar bir qator qo‘shma loyihalarni ishlab chiqishga kelishib oldilar.
Uchrashuvda X7-Telecom GmbH boshqaruv kengashi raisi, MUSIAD Yevropa mustaqil sanoatchilari va ishbilarmonlari assotsiatsiyasi prezidenti, «Dark Istambul Media A.Ş» bosh direktori Burxan Saglam, Butunjahon loyiha tashkiloti direktorlar kengashi a’zosi, Sanoat dizaynerlari professional uyushmasi prezidenti, Ijodiy tashabbuslar kengashi raisi, Design Turkey ijroiya kengashi a’zosi E. Sertak Ersain, Turk dunyosi hujjatli filmlari kinofestivali tashqi aloqalar bo‘yicha direktori, Turk dunyosi kinoijodkorlari uyushmasi koordinatori Bayram Bayrammuhammedov va «Buxoriylar» MCHJ direktori Ulug‘bek Abdullayev ishtirok etishdi.
Tadbir yakunida mehmonlar Buxoro kinoteatrlariga ekskursiya uyushtirishdi va shaharning diqqatga sazovor joylarini tomosha qildi.
Kinematografiya agentligi axborot xizmati