Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Turk dunyosi rassomlari uchrashuvi” nomli xalqaro ko‘rgazma ish boshladi 
17:55 / 2024-04-16

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan tashkil etilgan xalqaro an’anaviy Tasviriy va amaliy san’at festivali g‘oyat baland va bayramona ruhda bo‘lib o‘tmoqda.

Mazkur festival doirasida O‘zbekiston Tasviriy san’at galereyasida “Turk dunyosi rassomlari uchrashuvi” nomli xalqaro ko‘rgazma o‘z ishini boshladi. 

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi, xalq rassomi Akmal Nuriddinov ikkinchi marta tashkil etilayotgan ushbu ko‘rgazma turk dunyosi mo‘yqalam sohiblari ijodining eng sara namunalarini o‘zida mujassam etganini ta’kidladi. 

– O‘rta Osiyoning qalbi va sivilizatsiyalar markazi bo‘lmish Toshkentda tasviriy san’at muxlislari bilan uchrashib turganimdan g‘oyat mamnunman, – dedi TURKSOY xalqaro tashkilotining Bosh kotibi Sulton Rayev. – Tashkilotimiz ish boshlaganidan buyon umumiy madaniyatimizni targ‘ib etish, rivojlantirish, tanitish, jahon sivilizatsiyasida o‘z o‘rni va nufuziga ega bo‘lishi yo‘lida samarali faoliyat ko‘rsatmoqda. Jumladan, tasviriy san’at yo‘nalishida 30-yildirki, “TURKSOY rassomlari uchrashuvi” loyihasi va turli ko‘rgazmalar dunyoning ko‘plab mamlakatlarida muvaffaqiyatli bo‘lib o‘tmoqda. O‘zbekistonda har yili Tasviriy va amaliy san’at festivali baland ruhda o‘tkaziladi. 21-aprel – Rassomlar kuni sifatida nishonlanadi. Mazkur ko‘rgazma turk dunyosining tabiat manzaralari, an’analari, urf-odatlari, madaniy merosini o‘zida ifoda etgani bilan qadrli. 

[gallery-16953]

Ikki yildirki, O‘zbekiston Tasviriy san’at galereyasida Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOYga a’zo davlatlar rassomlarining “Turk dunyosi rassomlarining uchrashuvi” nomli xalqaro ko‘rgazma o‘tkazilmoqda. Unda tashkilotga a’zo barcha davlatlar – Ozarbayjon, Turkiya, Turkmaniston, Qozog‘iston, Qirg‘izistondan 22 nafar, O‘zbekistondan 18 nafar musavvir o‘z asari bilan qatnashmoqda. 

– O‘zbekiston juda go‘zal va maftunkor diyor ekan, – dedi turkiyalik rassom Kamuron xonim Kardash. – Bu yerda inson qadr-qimmati ustuvor ekaniga ishonch hosil qildim. Bizni hurmat, izzat-ehtirom bilan kutib olishdi. Bilasizmi, zamonaviy, ham shiddatli hayot tarzi oqibatida biz – turkiy xalqlar bir-birimizdan uzoqlashib ketgandik. Ushbu ko‘rgazma turkiy xalqlar an’analari, urf-odatlarining, maqsad-muddaolari, orzu-intilishlarining uyg‘unligini ko‘rsatib bergani bilan ahamiyatli. Men ham ushbu ko‘rgazmada turk dunyosining milliy qiyofasi bilan birga, inson shaxsi, ayniqsa, ayol qiyofasi, milliy kiyimlari, me’moriy obidalar, turk va o‘zbek qizlari tasvirlangan kartinalarim bilan ishtirok etmoqdaman. 

Turkiy xalqlarning mushtarak madaniyatini targ‘ib etish maqsadida tashkil etilgan ushbu ko‘rgazmada rassomlarimiz faol qatnashmoqda hamda ularning ayrimlari TURKSOY mukofotini ham qo‘lga kiritgani diqqatga sazovordir. 

O‘zbekiston Tasviriy san’at galereyasida tashkil etilgan ekspozitsiyada 70 dan ortiq asar o‘rin olgan. Ular go‘zal tabiat, qadriyat va an’analar, turkiy xalqlar turmush tarzi, madaniyatini aks ettiradi. 

Nazokat Usmonova, Rustam Nazarmatov (surat), O‘zA