FOTOREPORTAJ
Nukus shahrida “QR Gastronomic Quality” loyihasi doirasida “DMO Karakalpakstan” jamoat birlashmasi tomonidan tashkil etilgan “Gastronomik sifat asoslari va mintaqaviy brend” mavzuida seminar-trening bo‘lib o‘tdi.
Ta’kidlanganidek, “DMO Karakalpakstan” jamoat birlashmasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining ijtimoiy buyurtmalar tanlovida g‘olib bo‘lib, “QR Gastronomic Quality: Qoraqalpog‘istonning jozibadorligini oshirish uchun turizm xizmatlarining gastronomik sifatini baholash va yaxshilash” loyihasini amalga oshirmoqda.
[gallery-26883]
Tadbirda kafe, restoran va mehmonxonalarning mas’ul xodimlari, davlat idoralari vakillari, shuningdek, tajribali oshpazlar va turizm sohasi yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar ishtirok etdi.
Seminar “QR Gastronomic Quality” konsepsiyasi, turizmni yanada rivojlantirishda gastronomiyaning muhim rolini ishtirokchilarga tushuntirish, shuningdek, restoran sanoati vakillarining sifat standartlari va barqaror faoliyat yuritish tamoyillari to‘g‘risida xabardorligini oshirish maqsadiga qaratilgan.
Xizmat ko‘rsatish sifati, sayyohlarning mintaqa haqidagi tasavvurlariga qanday ta’sir qilishi, “DMO Karakalpakstan”ning roli va turizm sohasidagi hamkorlikning ahamiyati alohida muhokama qilindi. Gastronomiyaning sayyohlik brendini yaratishdagi ahamiyati, boshqa mamlakatlar va mintaqalarning ilg‘or tajribalari, mahalliy taomlarning madaniy meros sifatidagi qiymati haqida o‘rtoqlashildi.
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA