O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tashabbusi bilan Xorazmning Xiva va Urganch shaharlarida “Sayyoh - 2021» xalqaro forumi o‘tkazildi.
Xorazm — qadimgi Buyuk Ipak yo‘lining markazida joylashgan va O‘zbekistonning eng yuqori sayyohlik salohiyatiga ega mintaqalaridan biri hisoblanadi. Xivaning xalqaro miqyosda «Ochiq osmon ostidagi muzey shahar» deya e’tirof etilishi va YUNESKOning butunjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilishi nafaqat Xorazm viloyati, balki mamlakatimizning jahon turizm bozoridan munosib o‘rin egallashida mustahkam zamin yaratadi.

Ushbu nufuzli anjumanni Xorazmda tashkil etishdan maqsad esa mamlakatning turizm salohiyati va jozibadorligini keng targ‘ib qilish, turizm sohasidagi normativ-huquqiy bazani takomillashtirishdir.
Tadbirda jamoatchi tashkilotlar bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy majlisi Senati va Qonunchilik palatasi a’zolari, shuningdek, bir qator manfaatdor idoralar va OAV vakillari hamda 60ga yaqin xorijiy davlatlardan ekspertlar qatnashdi. Ularning 20 nafari an’anaviy, 43 nafari esa onlayn platforma orqali ishtirok etdi.

Forumda asosan, turizm sohasida iste’molchilar huquqlarini himoya qilishda yuzaga kelayotgan muammolar, ularni bartaraf etish, chet ellik sayyohlarga o‘z vaqtida sifatli xizmat ko‘rsatish, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish ilg‘or xalqaro tajribani joriy qilish, xorijda ta’lim olayotgan talaba-yoshlarning iste’molchi borasidagi murojaatlarini o‘z vaqtida hal etish, elektron turizm sohasida iste’molchilar tomonidan yuborilgan murojaatlarni xalqaro tajribalar asosida ko‘rib chiqish, iste’molchilarning qonuniy huquqlari va manfaatlarini himoya qilish sohasida o‘tgan yillar davomida amalga oshirilgan ishlar muhokama etildi.
Chunonchi, xorijiy mamlakatlar va O‘zbekistonda mazkur sohada qilinayotgan ishlar va qilinishi ko‘zda tutilgan masalalar muhokama qilindi.
Maftuna KARIMOVA, O‘zA