Samarqandda bo‘lib o‘tayotgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti tizimidagi Butunjahon turizm tashkilotining yubiley 25-sessiyasi ikkinchi kuni ham nihoyasiga yetdi.
Dasturga muvofiq, 17 oktyabr kuni anjuman qatnashchilari bir qator muhim tadbirlarda ishtirok etdi. Majmua hududidagi Kongress-xollda va bir qator muhtasham mehmonxonalar majlislar zalida turli qo‘mitalar yig‘ilishlari o‘tkazildi. Xususan, tuzilmaning saralangan a’zolari qo‘mitasi hamda Turizm va barqarorlik qo‘mitasi yig‘ilishlarida sohaga doir dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Kunning asosiy voqeasi – Global investitsiya forumi “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro turizm markazi hududidagi ekspomarkazda boshlandi.
Anjumanning tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov hamda YUNVTO bosh kotibi Zurab Pololikashvili mazkur nufuzli tadbirning ahamiyatiga yana bir bor to‘xtalib o‘tdi.
A.Abduhakimov O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish borasida olib borilayotgan islohotlar, davlatimizning sayyohlik yo‘nalishidagi ulkan salohiyati haqida so‘z yuritarkan, oxirgi besh yilda yurtimizdagi mehmonxonalar soni qariyb ikki barobar ko‘payib, 1000 taga yetgani, mahalliy bozorga jahonning ushbu sohadagi yetakchi brendlari kirib kelganini alohida ta’kidladi.
[gallery-14077]
– Mustaqil xalqaro tashkilotlar respublikamizda turizm rivojlanishi holatini barqaror, deya baholamoqda, – dedi A.Abduhakimov. – 2024 yil diyorimizga tashrif buyuradigan sayyohlar soni 10 millionga yetishi kutilyapti. O‘zbekiston forumda umumiy qiymati 3 milliard dollarlik investitsiya loyihalarini taqdim etmoqda. Demak, siz nafaqat investitsiyaviy imkoniyatlar haqida bilib olishingiz, balki shu yerda va hoziroq sarmoya kiritishingiz mumkin. 170 ta lot ochiq kim oshdi savdosiga qo‘yiladi. Ishonchim komilki, mazkur anjuman turizmni barqaror rivojlantirish uchun yangi, innovatsion loyihalarni ilgari surishda muhim ahamiyat kasb etadi. Men barcha investorlarni faollikka chaqiraman. Bu O‘zbekistonda gullab-yashnaydigan biznesingiz uchun birinchi qadam bo‘ladi.
Turizm sohasida global investitsiya forumi davomida jahon turizmini zamonaviy talablar darajasida rivojlantirishga qaratilgan ko‘plab ilg‘or tashabbuslar, samarali takliflar o‘rtaga tashlandi. Xususan, YUNVTO ijrochi direktori Natalya Bayonning “Turizmga investitsiya kiritish jarayonidagi global tendensiyalar: YUNVTOning investitsiya dasturi” mavzusidagi ma’ruzasi yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.
Samarqandga tashrif buyurgan vazirlar ishtirokida tashkil etilgan yuqori darajali muloqotda Maldiv Respublikasi, Kolumbiya, Albaniya, Ispaniya singari jahon sayyohlik yo‘nalishida munosib o‘rniga ega mamlakatlar turizm sohasiga mas’ul vazirlari o‘z mamlakatlari tajribasi asosida sohaga oid muammolarni bartaraf etishga qaratilgan fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Anjuman davomida YUNVTO bosh kotibi Zurab Pololikashvili mamlakatimiz ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimovga “Tourism doing business. Investing in Uzbekistan” – “Turizm biznesni yaratadi, O‘zbekistonga investitsiya kiritadi” nomli maxsus qo‘llanmani topshirdi.
Rejaga muvofiq, ikki kunga mo‘ljallangan forum dasturidan vazirlar, xalqaro moliya institutlari rahbarlari darajasida bo‘lib o‘tadigan muhokama, munozara shaklidagi yig‘ilishlar – jami 5 ta ixtisoslashgan sessiya, 22 ta davlat, xorijiy tuzilma taqdimoti o‘rin olgan.
Tadbirda Bosh Assambleya rasmiy veb-saytidagi maxsus havola orqali ro‘yxatdan o‘tgan 100 ga yaqin davlatdan 634 vakil, jumladan, 122 nafar yirik xorijiy investor hamda 540 mahalliy kompaniya ishtirok etyapti. Shu kuni YUNVTO Ijroiya qo‘mitasining 119-sessiyasi ham bo‘lib o‘tdi. Samarqand anjumani doirasidagi tadbirlar davom etmoqda.
G‘ayrat XONNAZAROV,
O‘zA muxbiri