English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Turizmni rivojlantirish eng ustuvor vazifa
16:12 / 2025-04-18

Dunyo tajribasi turizm iqtisodiyotning eng jadal rivojlanayotgan sohalaridan biri ekanligini ko‘rsatmoqda.

Aksariyat mamlakatlar, xususan, iqtisodiy o‘tish davridagilar uchun turizmni rivojlantirish milliy daromadni diversifikatsiya qilish, xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlash va ijtimoiy taraqqiyotni rag‘batlantirishning muhim vositasiga aylanmoqda. 

Turizmning rivojlanishi xorijiy valyuta oqimi, aholi bandligini oshirish hamda kichik va o‘rta biznes sohasining kengayishi hisobiga yalpi ichki mahsulot o‘sishiga xizmat qiladi. Turizm tufayli infratuzilma rivojlanadi, mahalliy aholining turmush tarzi yaxshilanadi. Xorijiy tillar va milliy merosni bilish orqali aholining madaniy savodxonligi yuksaladi. Turizm madaniy an’analar va hunarmandchilikni saqlashga yordam berishi bilan ham ahamiyatlidir. Mamlakatning chet ellik sayyohlar uchun nechog‘lik jozibadorligini ko‘rgan aholida o‘z yurtiga bo‘lgan qiziqish yanada ortadi. 

Turizmning faol rivojlanishi mamlakatning xalqaro maydondagi imijini mustahkamlash va madaniyatlararo aloqalarni yaxshilashga yordam berishi bilan birga, atrof-muhitni muhofaza qilishga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatib, jamiyatning ekologik xabardorligini oshiradi va tabiat ne’matlaridan barqaror foydalanishga imkon beradi.  Buni milliy bog‘lar, qo‘riqxonalarni yaratish va ekoturizmni rivojlantirish misolida ko‘rish mumkin. 

O‘zbekistonda turizm haqida so‘z borganda, birinchi navbatda, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi YUNESKO Butunjahon merosi ro‘yxatidan o‘rin olgan shaharlar ko‘z oldimizga keladi. Yurtimizdagi har bir shaharni borib ko‘rish uchun yuzlab sabab topish mumkin. Toshkent, Qo‘qon, Andijon, Shahrisabz — bu oxiri yo‘q zamonaviy sharq ertagi. 

Turizmning rivojlanishi Yangi O‘zbekistonni rivojlantirish  g‘oyalariga hamohangdir. Turizm insonning qiziquvchanligini qondirib, uning ma’naviy dunyosini boyitadi, jismonan sog‘lomlashtiradi, dam olish va yangi tajriba orttirish jarayonini uyg‘unlashtirish imkonini beradi. 

Yaqinda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida hududlarning turizm salohiyatini oshirish, xorijiy investitsiya loyihalarini jadallashtirish masalalari muhokamasi bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. So‘nggi yillarda mamlakatimizda turizm xizmatlari eksporti 1,6 barobarga oshib, 3 milliard 500 million dollarga yetgani ta’kidlandi. Ushbu sohada 2 mingdan ziyod yangi tadbirkorlik sub’ektlari ish boshladi. O‘tgan yili xorijiy sayyohlar tashrifi ilk bor 10 milliondan oshdi.

Hududlarda turizm va servis infratuzilmasi juda tez rivojlanyapti. Jumladan, so‘nggi sakkiz yilda turizm sohasiga 6 milliard 500 million dollar sarmoya kiritilib, 130 mingta mehmon o‘rni ochildi. Mamlakatda 20 ta turizm qishlog‘i faoliyat ko‘rsatyapti. Bo‘stonliq tumanida “Amirsoy”, “Ugam River” kurortlari, turizm zonalari tashkil etildi. Parkent tumanidagi “Oltin bel” cho‘qqisida yangi xalqaro tog‘-chang‘i zonasi barpo etilyapti. Bularning barchasi, jumladan, mamlakatimizning tarixi, madaniyati va  boy tabiati sayyohlar kelishini 2-3 karra ko‘paytirish mumkinligini ko‘rsatmoqda.  

Bo‘stonliq tumanidagi “Chorvoq darvozasi” majmuasi turizmni rivojlantirish uchun istiqbolli maskanlardan biri hisoblanadi. Yana bir loyiha Yashnobod tumanida okeanarium qurishga qaratilgan. Yangi sayyohlik ob’ekti 20 gektar maydonni egallaydi. Uning yonida savdo-mehmonxona majmuasini qurish rejalashtirilgan bo‘lib, bu 1,6 mingta ish o‘rni yaratish imkonini beradi. Shu bilan birga, Chorvoq suv ombori qirg‘og‘ida 10 ta kichik zonalarga bo‘lingan “Sea Breeze Uzbekistan” xalqaro sayyohlik markazini qurish rejalashtirilmoqda. Ularning har biri bir qadam masofada joylashgan dam olish maskanlari va zarur xizmatlarni o‘z ichiga oladi. Davlatimiz rahbari markaz barcha tashrif buyuruvchilar uchun qulay bo‘lishi lozimligini ta’kidlab, barcha zarur infratuzilma bilan ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. 

Bir so‘z bilan aytganda, mamlakatda ichki turizm jadal rivojlanmoqda. Mahalliy sayyohlar soni 23 million kishiga yetdi. Lekin haligacha boshqa viloyatlarga sayohatga bormaganlar ko‘p topiladi. Shu bois endi har oyning bir shanba-yakshanbasi “oila va jamoa bilan sayohatga chiqish kuni”, deb e’lon qilinadi. Yoshlar o‘rtasidagi musobaqa g‘oliblariga O‘zbekiston bo‘ylab sayohat yo‘llanmasi sovg‘a qilinadi.

Bunda sohaga xususiy sektorni jalb qilish va biznes loyihalarni amalga oshirish, madaniy meros ob’ektlarini ijaraga berish mexanizmini takomillashtirish  va ulardan tushadigan daromad hisobini raqamlashtirish bo‘yicha masalalarni hal etish muhim. Barcha tarixiy obidalarga kirish imkonini beradigan “yagona turistik karta” joriy qilish mavzusi juda qiziq. 

Davlatimiz rahbari turizmning yana bir ustuvor yo‘nalishi sifatida madaniy meros ob’ektlari bilan ishlash ekanligini ko‘rsatib o‘tdi. O‘zbekiston madaniyati Markaziy Osiyo xalqlarining ko‘p asrlik an’analari va turmush tarzi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan boy tarixga ega. Buyuk Ipak yo‘li chorrahasida joylashgan O‘zbekiston o‘z hududida ko‘plab me’moriy obidalar, qadimiy qal’a va qasrlar, noyob tabiat yodgorliklarini, folklor elementlarini jamlagan. So‘nggi to‘rt yilda 327 ta majmua restavratsiya va konservatsiya qilindi yana 485 ob’ekt qayta ta’mirga muhtoj. 

Bularning barchasi O‘zbekiston turizmni jadal rivojlantirayotgani va bu ishni davom ettirishga qat’iy intilishidan dalolat beradi. Mamlakatda barqaror ijtimoiy-iqtisodiy muhit yaratilgan, mehmonlarning chegaradan o‘tishida ma’muriy to‘siqlar yo‘q. 

Ichki va tashqi turizmni rivojlantirish mamlakatning barqaror iqtisodiy o‘sishi va ijtimoiy transformatsiyasida muhim ahamiyatga ega bo‘lib, O‘zbekistonning mintaqadagi yetakchi turizm yo‘nalishi sifatidagi mavqeyini mustahkamlaydi. 

N. Rashidova,

O‘zbekiston Respublikasi

Oliy Majlisi deputati, “Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi.