English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Turizmni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolandi
11:56 / 2025-04-14

Andijon viloyati turizm boshqarmasi hamda Qirg‘iziston Respublikasi O‘sh oblastidagi qator teleradiokompaniyalar o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Andijon viloyati hokimligida turizmni rivojlantirish, mazkur yo‘nalishda hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, har ikki qo‘shni viloyatning turizm salohiyati va imkoniyatlarini targ‘ib etish maqsadida uchrashuv o‘tkazildi. Unda Andijon viloyati turizm boshqarmasi boshlig‘i Jahongir Shamsuddinov, Andijon viloyati teleradiokompaniyasi rahbari Abdulhamid Nurmatov, “Osh Pirim Media” teleradiokompaniyasi ijrochi direktori Tairbek uulu Begali, “Ыntыmak” teleradiokompaniyasi direktori Muratbek uulu Ermek, “T Media” teleradiokompaniyasi direktor o‘rinbosari Kannikey Barakova ishtirok etdi. 

Samimiy muloqot ruhida o‘tgan uchrashuvda mehmonlarga Andijon viloyatining turistik imkoniyatlari, mavjud yo‘nalishlar, sayyohlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, shuningdek, xalqimiz tarixi, madaniyatini aks ettiruvchi madaniy meros ob’ektlari, muqaddas ziyoratgohlar, ko‘ngilochar maskanlar haqida ma’lumotlar berildi. 

– Ikki qo‘shni mamlakatning turizm yo‘nalishidagi hamkorlik imkoniyatlari juda keng, – deydi Andijon viloyati turizm boshqarmasi boshlig‘i Jahongir Shamsuddinov. – Ana shu imkoniyatlarni ishga solish, ulardan unumli foydalanish har ikki davlat va aholisi uchun faqat foyda keltiradi. Qolaversa, yurtdoshlarimizda Qirg‘izistondagi turistik ob’ektlarga borish, qo‘shnilarimizda esa yurtimizdagi qadimiy obidalarni ziyorat qilish ishtiyoq yuqori. Ana shundan kelib chiqib, aytish mumkinki, O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida turizm borasidagi hamkorlik yanada yuqori bosqichga ko‘tariladi. 

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, keyingi yillarda o‘zbekistonlik sayyohlarning Qirg‘izistonga, qirg‘izistonlik sayyohlarning mamlakatimizga tashrifi bir necha barobar ortdi. Masalan, birgina tibbiyot turizmi orqali o‘tgan 2024 yilda 7 ming nafardan ziyod xorijlik fuqaro Andijon viloyatidagi sihatgoh va tibbiyot muassasalarida dam olib, davolangan bo‘lsa, ularning aksariyatini Qirg‘iziston fuqarolari tashkil etdi. 

Ana shundan kelib chiqib, Andijon viloyati turizm boshqarmasi rahbari Qirg‘izistonda Tibbiy turizm maskanini tashkil etish bo‘yicha taklif bildirdi. Ya’ni markazda Qirg‘iziston fuqarolariga Andijon viloyatidagi barcha sihatgoh va davolash muassasalarining yo‘nalish hamda imkoniyatlari, shart-sharoitlari, ular haqidagi ma’lumotlar yetkazib turilishi ko‘zda tutilgan. 

[gallery-22785]

Uchrashuvda Qirg‘iziston teleradiokompaniyalarida Andijon viloyati, umuman, O‘zbekiston Respublikasidagi qirg‘izistonlik sayyohlarni jalb etadigan turistik ob’ektlar, ziyoratgohlar haqida ko‘rsatuvlar, targ‘ibot lavhalari berib borilishi bo‘yicha kelishib olindi. 

Yakunda viloyat turizm boshqarmasi va Qirg‘iziston Respublikasining yuqoridagi teleradiokompaniyalari o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. 

F.Ubaydullayev,

Z.Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari.