Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Turizm: yutuqlar, muammolar va rejalar
17:35 / 2025-11-20

O`zLiDeP Buxoro viloyati Kengashi majlislar zalida xalq deputatlari viloyat Kengashidagi partiya deputatlik guruhining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda mahalliy Kengash deputatlari, partiya faollari, O`zLiDeP viloyat, tuman (shahar) Kengashlari mas’ullari hamda mutasaddi tashkilot va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Yig‘ilishni O’zLiDeP viloyat Kengashi raisi birinchi o‘rinbosari-apparat rahbari Bobomurod Ochilov olib bordi. Kun tartibidiga asosiy masala turizmni rivojlantirish istiqbollari va sohada hal etilishi zarur bo‘lgan masalalar yuzasidan viloyat turizm boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Bobur To‘qsonovning jamoatchilik eshituvi tarzidagi  axboroti tinglandi. 

Qayd etilganidek, 2025 yilning o‘tgan davri mobaynida turizm sohasida bir qator ishlar amalga oshirilgan. 82 ta yangi joylashtirish vositalari, jumladan, 17 ta mehmonxona 18 ta xostel, 43 ta oilaviy mehmon uyi, bir qator kvartira, yotoqxona faoliyati yo‘lga qo‘yilgan hamda ularning umumiy soni 675 taga yetkazilgan. 

Viloyatda hozirgi paytda turoperatorlar soni 218 taga yetkazilgan bo‘lib, ularning faoliyati izchil yo‘lga qo‘yilgan. Bu esa viloyatga tashrif buyuruvchi xorijiy sayyohlar sonini oshirish imkonini bermoqda. Buxoroning bugungi turizm salohiyatini Italiya, Polsha, Malayziya, Indoneziya, Xitoy, Belarus, Tojikiston kabi o‘ndan ortiq davlatlardan keladigan xorijiy sayyohlarsiz yoki ularda tashkil etib kelinayotgan xalqaro turistik yarmarka va ko‘rgazmalarsiz tasavvur etish qiyin.

O‘tgan davr ichida viloyatga 2 million 251,5 ming nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurib, ularga ko‘rsatilgan xizmatlar orqali turizm eksporti 614,1 million AQSH dollarga yetkazilganligi buning yorqin dalilidir. 

Birgina Buxoro I Xalqaro zamonaviy san’at biyennalesining dastlabki 60 kuni mobaynida tashrif buyurgan turistlar soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,6 baravarga ortib, 1 million 592,7 ming nafarga yetdi. 

Shuningdek, mahalliy aholini ichki turizmga bo‘lgan qiziqishini  oshirish maqsadida respublika hududlaridan Buxoroga 4 million 123 ming 800 nafar sayyoh tashrif buyurgani e’tiborga sazovordir. 

Viloyatdagi bir qator qishloqlar turizm qishlog‘i maqomiga kiritilgan. Kogon tumanidagi Qasri Orifon, Jondor tumanidagi Ushot qishloqlari shular jumlasidan. Bundan tashqari, Ushot qishlog‘iga yangi turistik lokatsiya sifatida “O‘zbek non madaniyati xonadoni” tashkil etilgan.

Buxoroning 2-turistik markazi sanalmish Qadimgi G‘ijduvon Qo‘rg‘oni (“turizm mahallasi”)ning kirish qismidagi 2 ta qadimiy darvoza 70 foizga tiklandi, qal’a devorlari qoldiqlari restavratsiyasi amalga oshirilmoqda.  Bu joylarda bugungi kunda tegishli kommunikatsiya va ta’mirlash tiklash ishlari davom etmoqda.

Ma’lumki har yili noyabr oyi “Keksalar uchun turizm oyligi” etib belgilangan. Shu munosabat bilan joriy yil noyabr oyi boshlarida viloyatdagi 37 ming nafardan ortiq keksa nuroniylarning “O‘zbekiston bo‘ylab”, “Buxoro bo‘ylab” mazmunli sayohatlari tashkil etildi.

2025 yil 6-8 iyun kunlari Buxoro shahrida XXI an’anaviy xalqaro “Ipak va ziravorlar” festivali, shuningdek, belgilangan muddatlarda o‘tkazib kelinayotgan ichki turizm yarmarkasi, Nasriddin Afandi, sharq taomlari, qovun sayli singari o‘nga yaqin festivallar ham yurtimizning turizm salohiyatini oshirishga xizmat qilmoqda. 

Xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro do‘stlik va konstruktiv muloqotning muhim va ajralmas elementi sifatida hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash maqsadida Buxoro – Grozniy hamda Buxoro – Lahor shaharlari o‘rtasida birodarlik aloqalarini o‘rnatish to‘g‘risida Memorandumning imzolanganligi ham viloyatda turizm sohasini rivojlantirishda ijobiy ta’sir ko‘satishi bilan ahamiyatlidir. 

Turizm sohasida yangi ish o‘rinlarini yaratishga ham alohida e’tibor berilib, qo‘shimcha tarzda 1,3 mingta yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Bir qator qishloqlarga esa “turizm qishlog‘i” maqomini berish davom ettiriladi va Romitan tumanidagi “Azizon” mahalla fuqarolar yig‘ini  “O‘ba” qishlog‘iga ana shunday ustuvor maqom beriladi.

Yig‘ilishda muhokama etilgan masala yuzasidan deputatlik guruhi a’zolari va boshqalar so‘zga chiqib, viloyatda turizm salohiyatini yanada oshirish, xorijiy va mahalliy sayyohlar oqimini kuchaytirish, sohaning iqtisodiyotdagi ulushini ko‘paytirish, mehmon va sayyohlar uchun yaratilgan shart-sharoitlarni yanada yaxshilash, soha mutaxassislari bilim darajasi va malakasini davr talablari darajasiga yetkazish va boshqa masalalar bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarni bildirdi.

Shu bilan birga ular viloyatda tibbiy turizmni rivojlantirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilishi zarurligini ta’kidladi. Buxorodagi ayrim mehmonxonalar hududida kechki soatlarda tinchlik-osoyishtalikni saqlash zarurati ham sezilmoqda. Sohada yoshlar va xotin-qizlar bandligini ta’minlashga e’tiborini kuchaytirish, turizm ob’ektlarida xizmat ko‘rsatishni yaxshilash maqsadida tegishli tashkilotlar bilan memorandumlarni tuzish, turistik xizmatlarning raqobatbardoshligiga erishish, xorijiy sayyohlar uchun ajratiladigan turar joylar va xostellarning yetarli bo‘lishini ta’minlash, infratuzilma va servis xizmatida uchraydigan ayrim kamchiliklarni bartaraf etish zarurligi deputatlar tomonidan tanqidiy ruhda aytib o‘tildi.  

Yig‘ilishda muhokama etilgan masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilinib, bu borada mahalliy Kengash deputatlari va partiya faollari oldida turgan dolzarb vazifalar belgilab olindi. 

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.