Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Turizm yarmarkasi sumalak sayli bilan jozibali bo‘ldi
13:12 / 2024-03-31

Qoraqalpog‘iston Respublikasi turizm boshqarmasi tashabbusi bilan Nukus shahridagi yangidan barpo etilgan “Damir Hotel” mehmonxonasida ichki turizm yarmarkasi o‘tkazildi.

Tadbirning asosiy maqsadi hududlarning turistik imkoniyatlarini oshirish, mahalliy aholini sayohatga jalb qilish va turizm xizmatlari eksportini kengaytirishdir.

Yarmarkada  Qoraqalpog‘istonda o‘z faoliyatini yuritib kelayotgan mahalliy turistik korxonalar, joylashtirish vositalari, jumladan, mehmonxona, xostel va mehmon uylari, boshqa turizm sohasidagi bir qator tadbirkorlik subyektlari ishtirok etdi.

[gallery-16691]

Tadbir doirasida milliy hunarmandlar ko‘rgazmasi, turistik korxona va joylashtirish vositalarining bugungi kundagi mavjud imkoniyatlarini aks ettiruvchi ko‘rgazmalar, “DMO Karakalpakstan” jamoat tashkilotining taqdimoti, shuningdek, tadbirkorlar orasida B2B uchrashuvlari o‘tkazildi.

O‘zbekiston  Respublikasi  Prezidentining 2024-yil 12-yanvardagi “Respublikaga xorijiy turistlar oqimini keskin oshirish hamda ichki turizmni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni asosida jahon turizm bozoridagi kuchli raqobat sharoitida mamlakatimizga xorijiy turistlarni keng jalb qilish, ularga zarur shart-sharoitlar yaratish, turizm namoyishi obyektlaridan samarali foydalangan holda hududlarni o‘zaro bog‘lovchi turizm xizmatlarini yanada kengaytirish, sohada yangi ish o‘rinlarini yaratish ishlari jadal olib borilmoqda. Shuningdek, mazkur farmonda respublika turizm salohiyatini xorijiy mamlakatlarda manzilli targ‘ib qilish bilan birga, ichki turizm yo‘nalishidagi turoperatorlarning mahsulotlarini turistlarga taqdim qilish maqsadida “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” ichki turizm yarmarkasini tashkil etish vazifasi belgilangan.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joizki, 2023-yil davomida Qoraqalpog‘iston  Respublikasiga 118 ming nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurdi. Ichki turizm ko‘rsatkichi esa 1 milliondan oshdi. Bugungi kunda hududda 102 ta joylashtirish vositasi, 31 ta mehmonxona, 45 ta mehmon uyi va 26 ta xostel faoliyat yuritib kelmoqda. Turistik korxonalar yildan yilga ko‘payib, ularning soni esa 62 taga yetdi.

Tadbirda sohada muvaffaqiyatli faoliyat olib borayotgan tadbirkorlar tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi.  

Turizm yarmarkasi sumalak sayliga ulanib ketdi.

 

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat),

O‘zA muxbirlari