Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Turizm yaqin kelajakda Baxmalning asosiy drayveriga aylanadi
17:03 / 2024-08-30

Baxmal Jizzax viloyatining qishin-yozin cho‘qqilaridan qor arimaydigan, bir necha yuz yillik archalariyu dong‘i ketgan olmazor bog‘lari va bugunga kelib dunyodagi eng sifatli za’faron shifobaxsh o‘simligi yetishtiriladigan tog‘ oldi va tog‘li tumani hisoblanadi.

1943 yil 8 mayda Baxmal tumani (o‘sha paytda Qaraqishloq nomi bilan) Samarqand viloyati tarkibida tashkil etilgan. 1957 yilning 12 oktyabrida Baxmal G‘allaorol tumani bilan birlashtiriladi. Oradan 14 yil o‘tib, 1971 yil 31 avgustida Baxmal nomi bilan tuman qaytadan tashkil etiladi.

 Baxmal – G‘allaorol, Sharof Rashidov, Zomin tumanlari, Samarqand viloyatining Bulung‘ur tumani hamda Tojikiston Respublikasining Ayniy tumani bilan chegaradosh. Umumiy maydoni 1,86 ming kilometr kvadratdan iborat. Tuman markazi – O‘smat shaharchasi, shuningdek, tarkibida 10 dan ortiq qishloq va mahalla fuqarolar yig‘inlari mavjud. 

Tuman hududi, asosan, tog‘ oldi tekisliklari va tog‘lardan iborat bo‘lib, betakror tabiatga ega. Baxmalnining janubiy qismida Turkiston tog‘ tizmasi va uning shimoliy g‘arbida – Morguzar tog‘lari joylashgan. Tog‘larning eng baland joyi 2600-2700 metrni tashkil etadi.

Ғурури osmon o‘par Morguzar va Turkiston tog‘laridan ham yuksakroq, oriyatli, mehnatsevar, mehmondo‘st xalqi tumanning eng katta boyligi bo‘lib, bu hududdagilarni qiynayotgan muammo – temir yo‘l va katta avtomobil trassasidan biroz olisda joylashgani. Kelajakda katta avtomobil trassasi aynan tuman hududidan o‘tishi loyihalashtirilmoqdaki, bu ham bo‘lsa hukumatimizning baxmalliklarga ko‘rsatayotgan e’tibor va g‘amxo‘rligining yorqin ifodasidir. 

Bugun Baxmal nafaqat olmasi, balki dalalarida yetishtirilayotgan, sifati jihatdan dunyoda eng yaxshi deb topilgan shifobaxsh za’faroni va har bir soyida turizm, ekoturizm va, albatta, o‘ziga xos, qadim-qadimdan, avloddan-avlodga ko‘chib kelayotgan milliy san’at va madaniyati, qadimiy taomlari –gostronomik turizmi bilan mashhurdir. 

– Tumanimizda 2024 yilga mo‘ljallangan Investitsiya dasturi doirasida yil mobaynida 26 ta, qiymati 694 milliard 110 million so‘mlik loyihani ishga tushirish, ularning negizida 400 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan edi, biz yana 2 ta yangi loyihani amalga oshirishni va qo‘shimcha yana 250 ta yangi ish o‘rni tashkil etishni rejalashtirganmiz, – deydi Baxmal tuman hokimi Aziz Ergashev. – Joriy yilning yanvar - avgust oylari yakuniga qadar 29 milliard 700 million so‘mlik 16 ta sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishidagi investitsiya loyihalari ishga tushirilishi natijasida 90 nafar yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bugungi kungacha 91 milliard 480 million so‘mlik sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatishdagi 17 ta investitsiya loyihasi ishga tushirildi va natijada 114 nafar baxmallik yoshlar yangi ish o‘rinlari bilan ta’minlandi.

Joriy yil tumanda 86 million AQSH dollari miqdorida xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish belgilangan bo‘lib, shundan  yanvar-avgust oylari yakuniga ko‘ra, 45 million AQSH dollarilik investitsiya mablag‘lari o‘zlashtirildi.

– “BMB-OPERA ZAFFERANO” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan “Za’faron o‘simligini yetishtirish”ni tashkil etish loyihasi doirasida 27 million AQSH dollari, “Microcalcite” MCHJ tomonidan  “Mikrokalsit mahsulotlari ishlab chiqarish”ni tashkil etish  loyihasi bo‘yicha 10 million, “Baxmal Natural Juice” MCHJ tomonidan “Olcha mahsulotlarini qayta ishlashni tashkil etish” loyihasi doirasida  5 million,  “Sardor marmari” MCHJ tomonidan “Travertin, marmarga ishlov berish hamda kafel ishlab chiqarish” loyihasi doirasida 4 million 200 ming, jami  46 million 200 ming AQSH dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri va xorijiy investitsiya mablag‘lari o‘zlashtirildi, – deydi Baxmal tumani hokimining o‘rinbosari Olimjon Bekmirzayev. – Jumladan, “Microcalcite” MCHJ tomonidan 10 million AQSH dollari miqdoridagi xorijiy investitsiya mablag‘lari o‘zlashtirilishi orqali yiliga 80 milliard so‘mlik mikrokalsit mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasi ishga tushirildi va  43 nafar yangi ish o‘rni yaratildi.   

Joriy yil uchun tumanda 8 million 760 ming dollarlik eksport rejasi belgilangan bo‘lib, shundan sanoat yo‘nalishida 2 million 576 ming, qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida 6 million 184 ming AQSH dollarilik mahsulotlar eksporti rejalashtirilgan edi. 2024 yilning yanvar- avgust oylarida  9 million 718 ming 900 AQSH dollari miqdorida mahsulotlar eksporti amalga oshirilib, belgilangan reja 175 foizga bajarildi. 

Tumanning asosiy drayveri bog‘dorchilik bilan birga bugungi kunda turizm yetakchi o‘ringa chiqib bormoqda. “O‘rmonchi” MFY hududida 110 gektar maydonda turistik dam olish majmualarining master rejasi ishlab chiqildi. Joriy yil yakuniga qadar 20 million AQSH dollarilik yangi investitsiyalar o‘zlashtirilib, 100 dan ortiq ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan. 

Tuman markazida 5 million AQSH dollari evaziga 50 o‘rinli mehmonxona va yirik ovqatlanish va dam olish majmuasi foydalanishga topshirildi. Natijada 120 nafar baxmallik yigit-qiz doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi. 

– “Gulnoraxanum gardyen” MCHJ xususiy dam olish va ovqatlanish majmuasi tadbirkor Gulnora opa O‘rinboyevaning 35 milliard so‘mlik shaxsiy mablag‘lari hisobiga, o‘zining loyihasi asosida yangidan barpo etildi, – deydi korxona ish boshqaruvchisi Ziyodulla Eshmatova. – Majmuamiz tarkibida ovqatlanish bilan birga cho‘milish basseynlari, fin saunasi hamda 50 o‘ringa mo‘ljallangan mehmonxona mavjud.

Restoranimiz bir vaqtning o‘zida 1 ming mijozga sifatli xizmat ko‘rsata oladi. Kundalik taomnomamizda 2 mingga yaqin milliy, Sharq va Yevropa taomlari o‘rin olgan. Xizmat ko‘rsatish sifatini oshirib, taomnomamizni yanada kengaytirish, mijozlarning majmuamizdan rozi bo‘lib ketishini oldimizga asosiy maqsad qilib qo‘yganmiz. 

Turizm yo‘nalishida tumanda umumiy qiymati 15 milliard 400 million so‘m bo‘lgan 4 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilishi natijasida qo‘shimcha 34 nafar yangi ish o‘rni yaratildi.

Shu bugungi kunda tumanda 1 ta mehmonxona, 2 ta xostyel, 10 ta kemping, 19 ta oilaviy mehmon uyi va 10 ta o‘tovli oromgoh xorijiy va mahalliy mehmonlar xizmatida.

[gallery-19035]

Ayniqsa, joriy yilda Baxmal turistlar oqimi ortgan hududlardan biriga aylanganini shu o‘rinda alohida ta’kidlab o‘tish joiz. Tog‘li Baxmal dam olish hududlariga 2024 yil uchun 151 ming 290 nafar sayyohning kelishi rejalashtirilgan bo‘lib, yilning o‘tgan davri mobaynida tumanga 131 ming 230 nafar sayyoh kelib- ketdi va bu boradagi yillik reja salkam 90 foiz bajarildi. 

E’tiborlisi, joriy yilning o‘tgan 7 oyi davomida tuman tarixida birinchi marotaba 30 ming nafar xorijlik sayyoh bahavo, tog‘li Baxmal damolish uylari, sanatoriya, oilaviy mehmon uylarida hordiq chiqarib, ularga sifatli xizmat ko‘rsatilganini qayd etish lozim. O‘tgan 7 oy davomida xorijiy sayyohlarning hududga kelishi bo‘yicha yillik reja salkam 85 foizga bajarildi. 

Bularning barchasi shundan dalolat beradiki, yaqin kelajakda turizm  betakror va go‘zal tabiatli Baxmalning eng asosiy drayverlaridan biriga aylanishiga ishonchimiz komil.

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat),

O‘zA muxbirlari