Shu kunlarda mamlakatimizning turistik salohiyati ortib, hududlarda xorijiy va mahalliy turistlar uchun qulay sharoitlar yaratilmoqda.
Xususan, zamonaviy infratuzilmani jadal rivojlantirish, ko‘rsatilayotgan turistik, mehmonxona va transport xizmatlarini kengaytirish va sifatini oshirish choralari ko‘rilmoqda. Bu esa yurtimizga xorijiy mehmonlarning tobora ortishiga sabab bo‘lmoqda.
Milliy ctatistika qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, yurtimizga so‘nggi 5 oy davomida 4,2 million nafar chet el fuqarolari turistik maqsadlarda tashrif buyurgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirganda 1,4 million nafarga oshgan.
Tahlil O‘zbekistonga italiyalik turistlar oqimi 13,5 foizga oshganini ko‘rsatmoqda. Jumladan, yanvar-may oylarida jami 17,4 ming nafar Italiya fuqarolari turistik maqsadlarda yurtimizga kelgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,1 ming nafarga yoki 13,5 foizga oshgan.
Italiya fuqarolarining 16 ming 410 nafari sayohat, 530 nafari qarindoshlarni yo‘qlash, 400 nafari xizmat yuzasidan, 43 nafari esa o‘qish maqsadida kelgan.
Shuningdek, yurtimizga yaponiyaliklarning ham qiziqishi ortgan. Bunga joriy yilning yanvar-may oylarida jami 10 ming nafar Yaponiya fuqarolari turistik maqsadlarda O‘zbekistonga kelgani yaqqol misol bo‘la oladi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirganda 3,5 ming nafarga yoki 53,2 foizga oshgan.
Ularning 8 ming 950 nafari sayohat, 751 nafari qarindoshlarni yo‘qlashga, 286 nafari xizmat yuzasidan hamda 37 nafari tijorat va o‘qish maqsadida kelishgan.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA