2026-yil 2-mart kuni Berlin shahrida (Germaniya) o‘tkazilgan “ITB Berlin” xalqaro turizm ko‘rgazmasi doirasida turizm vazirlari sammiti tashkil etildi.
“Rivojlanayotgan yo‘nalishlarning imkoniyatlarini kengaytirish: salohiyatdan samaradorlikka” mavzusidagi mazkur sammit rivojlanayotgan turizm yo‘nalishlari salohiyatini transformatsiya qilish masalasiga bag‘ishlandi.

Sammit UN Tourism tashkilotiga a’zo davlatlar turizm vazirlari uchun sohaning barqaror o‘sishini ta’minlash, mamlakatlar va mintaqalarga iqtisodiy foyda keltirish, shuningdek, madaniy va tabiiy merosni asrashga qaratilgan strategiyalarni ishlab chiqish hamda amaliy tajriba almashish bo‘yicha yuqori darajadagi muloqot maydoni bo‘lib xizmat qildi.

Muhokamalar markazida turizmni boshqarish modellarini takomillashtirish, idoralararo to‘siqlarni bartaraf etish, investitsiyalarni jalb qilish, mehnat bozori o‘zgarishlari sharoitida inson kapitalini rivojlantirish va malakali kadrlar tayyorlash masalalari turdi. Shuningdek, davlat-xususiy sheriklikni mustahkamlash, barqarorlik va raqobatbardoshlikni oshirish maqsadida turizm yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilishga alohida e’tibor qaratildi.

Sammit ishida O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi raisi A.Aqqulov qatnashdi.
U o‘z nutqida mamlakatimizda turizm sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, strategik investitsiyaviy ustuvorliklar, hududiy yo‘nalishlarni rivojlantirish hamda sohaning barqaror o‘sishi uchun qulay institutsional muhit yaratish borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berdi.


Mahalliy hamjamiyatlarni jalb etish, infratuzilmani modernizatsiya qilish va turizm xizmatlari sifatini oshirish masalalariga alohida urg‘u berildi.
Sammitning xalqaro ahamiyati global o‘zgarishlar sharoitida turizmni rivojlantirishga doir kelishilgan yondashuvlarni shakllantirishdan iborat bo‘ldi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA