Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Turizm va sporni rivojlantirishda yuksak salohiyat va imkoniyatlar ishga solinadi
18:12 / 2022-02-28

bugungi kunda turizm sohasi dunyo iqtisodiyotining eng yetakchi tarmoqlarida bir hisoblanadi.

Mamlakatimizda ham turizm iqtisodiyotning muhim strategik tarmog‘i sifatida taraqqiy etmoqda. 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi va uning doirasida har yili amalga oshirilgan tegishli Davlat dasturlarida hamda 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida ham sohani rivojlantirish va erkinlashtirish, sayyohlarni jalb qilishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar belgilanib amalga oshirilmoqda.

Natijada joylarda infratuzilma yaxshilanib, xizmatlar sohasi rivojlanib aholi bandligi ta’minlanishiga erishilmoqda. Jumladan, bugungi kunda O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotida turizmning ulushi o‘rtacha 4 foizni, bu sohada ish bilan band bo‘lganlar soni esa 200 mingdan ortiqni tashkil etmoqda. Albatta, O‘zbekistonning boy madaniy merosi va qadriyatlarida kelib chiqilsa, erishilgan natijalar qanoatlanarli natija emas.

Shu bois 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasida sohani tubdan takomillashtirishga qaratilgan bir qator maqsad va vazifalar belgilangan. Xususan, taraqqiyot strategiyasining 35-maqsadida «O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qiling» dasturi doirasida mahalliy sayyohlar sonini 12 million nafardan oshirish hamda respublikaga tashrif buyuradigan xorijiy turistlar sonini 9 million nafarga yetkazish vazifasi belgilangan.

Bunda to‘siqsiz turizm infratuzilmasini mamlakatning asosiy turizm shaharlarida keng joriy qilish orqali 2026 yilgacha turizm sohasida band bo‘lgan aholi sonini 2 baravar oshirib, 520 ming nafarga yetkazish maqsad qilingan. Shu bilan birga, mamlakatimizda turizm xizmatlarini jadal rivojlantirish, ayniqsa, infratuzilmani yaxshilash, ziyorat turizmi va ichki turizm imkoniyatlarini kengroq ishga solish, shuningdek, madaniy meros ob’ektlari muhofazasini kuchaytirishga oid ishlar samaradorligini tubdan oshirish maqsadida kelgusi besh yilda 8 mingdan ortiq madaniy meros ob’ektlaridan samarali foydalanish bo‘yicha davlat dasturi qabul qilinadi.

Bu borada boshlangan ishlarni o‘z vaqtida samarali tashkil etishda «Turizm, madaniy meros va sport sohalarida davlat boshqaruvini takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni alohida ahamiyatga ega.

Jumladan, sohada samarali boshqaruv tizimi joriy etish maqsadida Turizm va sport vazirligi negizida Turizm va madaniy meros vazirligi hamda Sportni rivojlantirish vazirligi tashkil etildi. Bundan ko‘zlangan maqsad esa, mamlakatimizda turizmni rivojlantirish orqali nafaqat boy madaniy merosimizni targ‘ib qilish va uni asrab avaylash shu bilan birga, sport infratuzilmasini rivojlantirish, qishloq va chekka hududlarda sport ob’ektlarini ko‘paytirish, sport marketingini rivojlantirish orqali sohani bosqichma-bosqich to‘liq raqamlashtirib, yangi bosqichga olib chiqishdir.

Endilikda, tashqi va ichki turizmni har tomonlama kengaytirishga qaratilgan yangi turizm yo‘nalishlari ishlab chiqiladi. Shuningdek, nufuzli xalqaro va milliy tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalari yanada kengaytirilib, xalqaro va davlatlararo standartlar hamda normalarni turizm faoliyati va amaliyotiga joriy etish orqali mamlakatning turizm imiji rivojlantiriladi.

Bunda eng avvalo, ichki va ziyorat turizmi, ekologik turizm, etnoturizm, ishbilarmonlik turizmi, sport, gastronomik, tibbiy, ta’lim va ilmiy turizmni har tomonlama rivojlantirish bo‘yicha manzilli chora-tadbirlar amalga oshiriladi. Qonunchilikka YUNESKO va boshqa xalqaro tashkilotlar hujjatlarining normalari va tavsiyalari implementatsiya qilinib, tarixiy-madaniy hududlarning tarixiy-madaniy qimmati, noyobligi, tabiiy landshafti va o‘ziga xosligi saqlab qolinadi.

Shuningdek, Sportni rivojlantirish vazirligi tomonidan har bir shaharlar, shaharcha, qishloq va ovulda aholi, ayniqsa, bolalar va yoshlar o‘rtasida sport bilan shug‘ullanishni ommalashtirish, ommaviy sport turlari va sog‘lom turmush tarzini yuritishga keng jalb etish borasida keng ko‘lamli ishlarni tashkillashtiriladi.

Mamlakatimizda professional sportni, shu jumladan, jamoaviy, qishki va ekstremal sport turlarini rivojlantirishni, ilg‘or xalqaro tajribani hisobga olgan holda, sport tayyorgarligi jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, barcha sport turlari bo‘yicha milliy chempionatlar darajasi va sifatini oshirish, xalqaro va mintaqaviy musobaqalar tashkil etish, nosog‘lom sportga qarshi tizimli choralar ko‘rishni ta’minlanadi.

Xususan, sportchilarimizning Olimpiya va Paralimpiya, Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari, jahon, Osiyo chempionatlari va boshqa xalqaro musobaqa va turnirlarda muvaffaqiyatli ishtirokini ta’minlash uchun istiqbolli sportchilarni saralash tayyorlash va mahoratini oshirish hamda ular orasidan mamlakat terma jamoalariga sifatli sportchilar zaxirasi va tarkibini shakllantirish tizimi yaratiladi.

Xulosa qilib aytganda, mazkur Farmonda belgilangan maqsad-vazifalarning hayotga joriy etilishi kelgusida mamlakatimizda ziyorat turizmi va ichki turizm kabi soha tarmoqlarining jadal rivojlanishi hamda aholini sog‘lom turmush tarziga ko‘niktirish borasida kutilgan natijalarni yangi bosqichga olib chiqadi.

Muzafara ABDIEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
«Adolat» SDP fraksiyasi a’zosi