Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Turizm universiteti talabalari uchun turar joy qurildi
19:07 / 2024-02-16

Samarqand shahrida “Ipak yo‘li” xalqaro turizm va madaniy meros universiteti talabalar turar joyi foydalanishga topshirildi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2018 yilda tashkil etilgan universitetda hozir 16 bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va 6 magistratura mutaxassisligi bo‘yicha kadrlar tayyorlanmoqda. Uch ming nafarga yaqin talabaning 800 nafarga yaqini kunduzgi ta’lim shaklida tahsil oladi. Universitet o‘quv binosi zamon talabiga to‘la javob beradi va bu yerda talabalar uchun barcha zarur sharoit yaratilgan. Lekin shu paytgacha talabalar turar joyi mavjud emas edi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 26 apreldagi “Respublikaning turizm salohiyatini jadal rivojlantirish hamda mahalliy va xorijiy turistlar sonini yanada oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan 2023 yilda turizm sohasidagi resurslar va imkoniyatlardan har tomonlama foydalanish hamda mavjud muammolarni tezkor hal etish bo‘yicha tuzilgan “Yo‘l xaritasi” asosida 400 o‘rinli talabalar turar joyi tashkil etildi.

– Talabalar turar joyi davlat– xususiy sherikchilik asosida “Z-P-A” oilaviy korxonasi tomonidan bunyod etildi, – deydi universitetning reja-moliya bo‘limi yetakchi mutaxassisi Alisher Shamsiddinov. – Loyihaning umumiy qiymati 25,4 milliard so‘m bo‘lib, shundan 12 milliard so‘mi davlat subsidiyasi mablag‘lari hisobidan, qolgan qismi esa xususiy sherik hissasiga to‘g‘ri keladi. Shartnomaga muvofiq, o‘ttiz yildan so‘ng mazkur talabalar turar joyi to‘liq universitet hisobiga o‘tadi.

Bu yerda xorijlik va mahalliy talabalar uchun keng qulaylik va imkoniyatlar mavjud. Sport to‘garaklari, kutubxona faoliyati yo‘lga qo‘yildi, yotoqxona hovlisida bog‘ barpo qilindi.

– Ayni paytda universitetning gid-hamrohligi tarjimonlik faoliyati yo‘nalishida tahsil olaman, – deydi jizzaxlik talaba Surayyo Ma’mirova. – Shu paytgacha xonadonlarda ijara turardik. Oyiga 400 ming so‘mdan pul to‘lab bitta xonada o‘n kishi yashagan vaqtlarimiz bo‘ldi. Na dam olasiz, na dars qilasiz. Talabalar turarjoyi juda ma’qul keldi. Oylik to‘lov 340 ming so‘m, bitta xona to‘rt kishiga mo‘ljallangan, barcha zarur sharoitlar bor ekan. O‘qish joyimizga bitta avtobusda borib kelamiz. Biz uchun har tomonlama qulay bo‘ldi. 

Talabalar turarjoyi ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda universitet rektori – O‘zbekiston ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri A.Abduhakimov va ayni paytda Samarqandda davom etayotgan COP14 xalqaro konferensiyasi ishtirokchilari qatnashdi.

G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari