Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Turizm uchun qulay fursat
13:26 / 2023-03-25

Navro‘z umumxalq bayrami munosabati bilan berilgan dam olish kunlaridan yurtdoshlarimiz samarali foydalanib, mamlakatimiz bo‘ylab sayyohatlarni amalga oshirdi.

Transport, madaniy meros ob’ektlari, muzeylarga kirishda va sayyohlik bilan bog‘liq xizmatlarda imtiyozlar berilishi esa sayyohlar oqimi ko‘p bo‘lishini ta’minladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, ana shu qulayliklar tufayli 18-22 mart kunlari Samarqandga 203 ming nafar mahalliy, 20 ming nafarga yaqin xorijlik sayyoh keldi.  

Turistlar oqimini ko‘paytirish maqsadida shu kunlari Samarqand viloyati hokimligi tashabbusi bilan viloyatda uloq-ko‘pkari musobaqasi, milliy taomlar tayyorlash bo‘yicha gastronomik festival, shuningdek, milliy kashtachilik respublika ko‘rgazma-savdosi va yana boshqa madaniy, ko‘ngilochar tadbirlar tashkil etildi. 

Bahorgi ta’til davrida yoshlarning vaqtini mazmunli o‘tkazishlariga imkoniyat yaratish maqsadida 21-31 mart kunlari “Yoshlar turizmi haftaligi” o‘tkazilmoqda. Haftalik davomida 7 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan o‘quvchi va talaba yoshlar mamlakatimizning diqqatga sazovor joylariga sayohat qilishlari uchun yo‘l xarajatlari, teatr, kinoteatr, konsertga kirishlarida maxsus chegirmalar joriy etilgan. Muzey va madaniy meros ob’ektlariga kirish esa mutloq bepul etib belgilangan.

Haftalik doirasida Samarqand shahridan 511 nafar va Bulung‘ur tumanidan 50 nafar maktab o‘quvchilarining Buxoro viloyatiga sayohatlari tashkil etildi. Toyloq tumani va Samarqand shahrining yana 100 nafardan ortiq o‘quvchilari Toshkent shahriga sayohat qilib keldi. Shu kunlarda Samarqand shahridagi tarixiy-madaniy obidalarda ham mamlakatimizning turli hududlaridan kelgan yoshlar ko‘pchilikni tashkil etmoqda.

G‘.HASANOV, O‘zA