Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Turizm – Turkiya iqtisodiyotning muhim sohalaridan biri
18:34 / 2022-03-28

Yevropa turmush tarzini Osiyo hayoti bilan bog‘lovchi ertaknoma Turkiya qadimiy tarixi va an’analari bilan sayyohlarni o‘ziga rom qiladigan mamlakatlardan biridir.

Mamlakatda sayyohlarning yaxshi dam olishlari uchun yuksak darajada xizmat turlari tashkil etilgan.

Turizm Turkiya iqtisodiyotida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan sohalardan biri hisoblanadi. Bu tarmoq so‘nggi o‘n yilliklarda ancha taraqqiy topib, ayni damda salkam ikki million kishi (510 ming kishi bevosita, 1,5 million kishi esa bilvosita)ni ish bilan ta’minlaydi. Turkiyada diqqatga sazovor joylar(qadimgi grek, qadimgi Rim shaharlarining vayronalari, Vizantiya va Usmonli xalifalik yodgorliklari) juda ko‘p. Sayyohlik sanoati o‘z oldiga 2023 yilga borib mamlakatga har yili o‘rtacha 50 million sayyoh kelishini ta’minlash yo‘lida ish olib bormoqda. Bu degani xazinaga o‘rtacha 50 milliard AQSH dollari tushishini ta’minlaydi. Ayni damda sayyohlikni rivojlantirish yo‘lida 281 loyiha ustida ish olib borilmoqda.Turizm sohasiga to‘siq bo‘ladigan har qanday ko‘rinishlarga qarshi hukumat keskin choralar ko‘rib keladi. Bundan ko‘zlangan birdan bir maqsad sayyohlik biznesi bo‘yicha jahonda beshinchi o‘ringa chiqishdan iborat. 

Yildan-yilga turizm Turkiya iqtisodiyotida katta ahamiyat kasb etib bormoqda. Ajoyib tabiati, toza havosi, diqqatgasazovor joylarining ko‘pligi, narxlarning arzonligi va boshqa omillar tufayli yil sayin sayyohlar Turkiyaga oqib kelmoqda. Turkiya Respublikasining hududi 783 562 km²ni tashkil qiladi. Aholi soni bo‘yicha jahonda 19-o‘rinni (83 million kishi) egallaydi. Hududining 97 foizi Osiyo, 3 foizi Yevropa qit’asida. Iqtisodiyoti rivojlangan davlatlar guruhi bo‘lmish “Katta yigirmalik” safida. 1952 yildan beri NATO a’zosi. Iqtisodiy qudrati bo‘yicha Turkiya jahonda 18 o‘rinda turadi. 

Turkiya hukumati 1960 yillardan boshlab turizm sanoatiga e’tibor qarata boshladi. Hukumat sayyohlik biznesini rivojlantirish maqsadida besh yillik rejalarni ishlab chiqdi. Buning natijasida yildan yilga mamlakat xazinasiga keladigan daromadlar orta bordi. 1970-yillar boshlarida sohilbo‘yidagi Balikesir va Antaliya viloyatlari sayyohlik infratuzilmalari va xorijiy investitsiyalarni jalb qilish uchun ustuvor mintaqa deya e’lon qilindi. Jahonda turistik xizmatlarga talabning ortib borayotgani bois Turkiya turizm vazirligi kurortlarni rivojlantirishga qaratilgan loyihalarni amaliyotga tatbiq eta boshladi. Janubiy Antaliyadagi turistik infrastrukturalarni rivojlantirish loyihasi Xalqaro rekonstruksiya va taraqqiyot banki tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Shuni ta’kidlash kerakki, Turkiyada sayyohlik biznesini rivojlantirishda xorijiy investitsiyalarning ahamiyati katta bo‘ldi. 1980-yillar boshlarida hukumat turizm sanoatini rivojlantirishga alohida e’tibor qarata boshladi. 1982 yilda Turizmni rag‘batlantirish to‘g‘risida Qonun qabul qilindi. Qonunda Turizm vazirligiga katta vakolatlar berildi. Turizm taraqqiyoti uchun ustuvor bo‘lgan mintaqalarga elektr, suv va gaz to‘lovlarida imtiyozlar joriy qilindi. Bundan tashqari ayrim soliq va to‘lovlardan ozod qilindi, sayyohlik biznesida faoliyat yurituvchilarga imtiyozli kreditlar berildi. 

Jahon Savdo tashkilotining taxminlariga ko‘ra, 2030 yilga borib har yili 1,8 milliard kishi sayohatga chiqar ekan. Kelajakda sayyohlik hasham emas, balki kundalik hayotimizga aylanib borar ekan. Sayohatga chiqadigan 1,8 milliard turist yashash, ovqatlanish, dam olish, ekskursiyalar va boshqa ishlari uchun taxminan 7,2 trillion dollar sarflaydi. Demak kelajakda turizm iqtisodiyotning asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylanadi. Sayyohlarning kelishi o‘z-o‘zidan bo‘lib qolmaydi. Buning uchun reklama ishlarni kuchaytirish lozim bo‘ladi. Buni anglab yetgan Turkiya turistik sanoatini butun dunyo bo‘ylab reklama qilmoqda. 

Turkiya hukumati sayyohlarni yanada ko‘proq jalb qilish maqsadida "Turkiyada Turizm - 2023" deb nomlangan yirik loyihani qabul qilgan. Loyihaning maqsadi sayyohlar eng ko‘p tashrif buyuradigan dunyodagi beshta mamlakat safidan o‘rin olishga qaratilgan. Turizm sanoatidagi kuchli raqobatni ko‘rgan tahlilchilar, “Turkiyaning bu maqsadga erishishi qiyin” degan gaplarni aytishgan edi. Ammo mamlakat o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlardan ortga chekinish niyatida emas. Katta daromadga ega bo‘lish maqsadida mavjud imkoniyatlardan foydalangan holda Turkiya o‘zining turizmga oid siyosatini qayta ko‘rib chiqdi. Barcha omillarni e’tiborga olgan Turkiya Respublikasi Turizm vazirligi o‘zining xorijdagi bo‘limlari orqali dunyo bo‘ylab faol reklama kampaniyalarini olib bormoqda. Strategiyani ishlab chiqishda Turkiyaning muhim jihatlari hisobga olingan. Bu borada Turkiyaning Yevropa va Osiyoda tutgan o‘rni, tarixiy, madaniy va tabiiy xilma-xilliklariga alohida e’tibor qaratiladi.

Turkiya statistika instituti sayyohlik sektori mamlakat uchun muhim daromad manbai ekanini ma’lum qildi. Dam olishdan xazinaga tushadigan daromadning 87 % xorijliklar hissasiga, atigi 13 foizi esa Turkiya fuqarolari hissasiga to‘g‘ri kelar ekan. 

Tosh asridan to shu kunga qadar Turkiya hududlari ko‘plab sivilizatsiyalar beshigi bo‘lgan. Ayni damda mamlakat hududlarida ikki mingdan ortiq antik turargohlar bor. bugungi kunda Turkiya Yevropadan kelib dam oluvchilar mamlakatiga aylangan. Kemer, Antaliya, Belek, Marmaris, Alanya, Bodrum, Fetxiya, Izmir shaharlarni bilmaydiganlar kam bo‘lsa kerak. 

Istanbul – nafaqat Turkiyaning, balki butun dunyoning sayyohlik markazlaridan biri. Istanbulda yuzlab mehmonxonalar va diqqatgasazovor joylar ko‘p. Bir vaqtlar Vizantiya poytaxti bo‘lgan Istanbuldagi Ayo Sofiya, To‘pkapi kabi obidalarni ko‘rish uchun minglab sayyohlar keladi.

Sayyohlar eng ko‘p tashrif buyuradigan mintaqalar quyidagilar:

Istambul — bu yerda islom va Vizantiya yodgorliklari ko‘p.

Kappadokiya — bu yerda vulqon tufayli paydo bo‘lgan noodatiy ko‘rinishlar va g‘or shaharchalari bor.

Turkiya golf-turizmini rivojlantirishga ham katta ahamiyat qaratmoqda.

"Euromonitor International" ma’lumotlariga ko‘ra, jahondagi sayyohlar tashrif buyuradigan 100ta shahar orasida Antaliya 10-o‘rinni egalladi. Antalya –Turkiyadagi sayyohlar eng ko‘p tashrif buyuradigan shahar hisoblanadi. Turkiyaga kelayotgan sayyohlarning 34 foizi aynan mana shu shaharga kelishi sir emas.

O‘ziga xos Turkiya

Turkiyada sayyohlar bilishi kerak bo‘lgan jihatlar:

Avtomobillar ijarasi. Avtomobillarni ijaraga olish mumkin. Buning uchun pasport yoki uning nusxasini va haydovchilik guvohnomasini topshirish kerak bo‘ladi. Avtomobillar 21 yoshdan oshgan kattalarga beriladi. Avtomobillarni haydovchisi bilan ijaraga olishingiz mumkin. Ijara punktlari har bir mehmonxona va aholi punktlarida bor.

Turkiyada tibbiy xizmat ko‘rsatish pulli. Barcha masalalar bo‘yicha sug‘urta kompaniyasiga murojaat qilishingiz kerak bo‘ladi.

Turklar avtobus va yo‘nalishli taksilarda yurishni sevishadi. Kuning har qanday vaqtida o‘zingiz xohlagan yo‘nalish bo‘yicha avtobusga o‘tirishingiz mumkin. Taksilar ikkiga – kunduzgi va tungi taksilarga bo‘linadi. Tungi taksilar haqi ikki barobar qimmat. Yo‘lkira borasida taksichi bilan albatta avvaldan kelishib olishingiz kerak bo‘ladi.

Do‘konlar. Do‘konlarning aniq ish vaqti belgilanmagan. Yoz kunlari tun yarmiga qadar ishlaydi.

Hamma joyda suratga tushish mumkin. Faqat xavfsizlik hududi bundan mustasno. Muzeylarda suratga tushish uchun alohida haq to‘lashingiz kerak.

Choychaqa. Turkiyada bar, restoran, mehmonxonalarda xizmat ko‘rsatuvchilarga albatta choychaqa berishingiz kerak bo‘ladi. Buning uchun aniq narx aytilmaydi. O‘zingizning cho‘ntagingizga qarab berasiz, choychaqani.

Turkiyaga borgan sayyohlar albatta ko‘zning rasmi tushirilgan suvenirlarni xarid qilishlari kerak. “Nazar” deb nomlanuvchi bu tumor ko‘z tegishdan saqlaydi, degan qarashlar mavjud.

Turkiya xalqi shirinliklarni sevishadi. Suhbatlar asosan shirinlik va qahva ichish bilan boshlanadi. “Shirinlik yeb-shirin suhbat qurdik” deyishadi turklar. Turkiyada har kuni kun bo‘yi choy ichishadi. Turklar bilan suhbatga vaqtni hisoblab borish kerak emas, chunki suhbat ancha cho‘zilib ketishi va belgilangan vaqtdan o‘tib ketishi mumkin.

Turk taomlari xorijiy sayyohlarni o‘ziga rom qilishi shubhasiz. Ular mol va qo‘y go‘shtidan tayyorlangan – “doner” va “kabob”lari bilan faxrlanishadi.

 Turkiyaga borganlar albatta “Sharq darvozasi” deb atalmish Istanbulni ko‘rishlari kerak. Bu shahardagi tarixiy obidalar, qadimiy bozor, taomlari, saroy va muzeylari yodingizda umrbod qolishi, shubhasiz. Izmir ham qadimiylikda Istanbuldan qolishmaydi.

Turk bozorlarida albatta savdolashishingiz kerak. O‘zbeklar kabi turklarning bu an’anasi tufayli pulingizni tejash imkoniyati paydo bo‘ladi.

Sharofiddin To‘laganov