Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Turizm – Turkiy davlatlar o‘rtasidagi muhim ko‘prik
17:29 / 2022-10-09

Ma’lumki, 2022 yil noyabr oyida Samarqandda Turkiy davlatlar tashkilotining birinchi sammiti bo‘lib o‘tadi. Shu munosabat bilan O‘zA muxbiri Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti “Tashqi iqtisodiy faoliyat va turizm” kafedrasi mudiri, iqtisodiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent Zulayho Qodirovaning ayni mavzuga oid fikrlarini yozib oldi.

– So‘nggi yillarda kuzatilgan pandemiya mamlakatlararo hamkorlik va integratsiya jarayonida til, din, madaniyat, an’analar yaqinligi naqadar muhim ekanini yana bir bor isbotladi. Ayni e’tirof Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi munosabatlarda, ayniqsa, yaqqol namoyon.

2021 yilga qadar “Turkiy kengash” nomi bilan tanilgan tuzilmaning asosiy maqsadi a’zo mamlakatlar o‘rtasida har tomonlama do‘stlik va hamkorlikni rivojlantirishdan iborat. 2019 yil Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2009 yil 3 oktyabrda tasdiqlangan “Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashini tuzish to‘g‘risidagi Naxichevan bitimi”ni ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi Qonun imzolanishi mintaqada iliq kutib olindi.

Ko‘plab xorijlik ekspertlar tomonidan O‘zbekistonning mazkur tashkilotga qo‘shilishi ulkan tarixiy voqea sifatida baholanib, bu jarayon a’zo davlatlar hamjihatligi mustahkamlanishiga beqiyos hissa qo‘shishi, hamkorlik yanada chuqurlashishi, mintaqa taraqqiyoti uchun yangi imkoniyatlar ochilishi, tashkilot kun tartibi diversifikatsiya qilinishi, tuzilma faoliyati rivojlanish sur’ati faollashishini ta’minlashi alohida ta’kidlandi.

bugungi kunda a’zo mamlakatlar o‘rtasida savdo, investitsiya, sanoat, transport va logistika, ta’lim va madaniyat, raqamli texnologiya, biznes va mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish kabi masalalar muhim ahamiyat kasb etadi. Bu borada investitsiya muhitini tizimli takomillashtirish, tovar ayirboshlash hajmini oshirish, imtiyozli va erkin savdo rejimini o‘rnatish, bojxona tartib-tamoyilini standartlashtirish, tarif va notarif to‘siqlarni kamaytirish, yagona elektron savdo maydoni yaratish, axborot texnologiyalari va texnoparklar hamkorligi dasturi doirasida yoshlar tadbirkorligi va startaplarni ilgari surish, yashil texnologiyani joriy etishga qaratilgan qo‘shma loyihalar amalga oshirish kabi chora-tadbirlar rejalashtirilgan.

O‘tgan yil 12 noyabr kuni Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashining sakkizinchi sammitida Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning qardosh mamlakatlar bilan umumiy savdo ko‘rsatkichi ikki barobar oshgani, shu bilan birga bu natija mavjud imkoniyat darajasida emasligiga to‘xtalib o‘tgandi. Tahlillarga ko‘ra, 2020 yil Kengashga a’zo davlatlarning jami importi 420 milliard dollarni, o‘zaro mahsulot yetkazib berish hajmi esa 21 milliard dollarni tashkil etgan.

Davlatimiz rahbari tuzilma doirasidagi hamkorlik salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishga yo‘naltirilgan tashabbuslarni ilgari surar ekan, Turkiy davlatlar savdo hamkorligi tadqiqot markazini ochish, Xitoydan Yevropagacha mamlakatlarimiz hududlari orqali o‘tgan transqit’aviy transport yo‘laklarini rivojlantirish, tashkilotning transport sohasidagi o‘zaro bog‘liqlik dasturini ishlab chiqish, ixtisoslashgan tashkilotlar negizida injiniring va texnologiya markazlari tashkil etish taklifini berdi.

Shuningdek, BMT bilan hamkorlikda Turkiy mamlakatlarning atrof-muhit muhofazasi bo‘yicha tuzilmasini tashkil etish, “aqlli” shaharlar yaratish bo‘yicha tajriba almashish va innovatsiyani transfer qilish hamda a’zo davlatlarning tarixiy, ilmiy va madaniy merosini o‘rganish tadqiqot markazini ochish shular jumlasidan.

Prezidentimiz mazkur sammitda mamlakatlararo turizmni rivojlantirish masalasiga alohida to‘xtalib, “Turkiy dunyo turizmi” va “Tabarruk ziyorat” loyihalarini amalga oshirish, hunarmandlik ko‘rgazmalari, etnosport musobaqalari o‘tkazish, madaniy meros obektlarini saqlash va tiklash bilan bog‘liq ishlar dolzarb ekanini bildirdi.

Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkiya Respublikalari O‘zbekistonning turizm sohasidagi top beshlik hamkor mamlakatlari qatoridan o‘rin olgan. 2022 yil iyul holatiga ko‘ra, diyorimizga kelgan jami 540 ming nafar sayyohning 57 foizi Kengashga a’zo shu uch mamlakat ulushiga to‘g‘ri keladi. “Zamonaviy buyuk ipak yo‘li” sayyohlik dasturida faol ishtirok etish va Xiva shahriga turkiy dunyo madaniy markazi maqomini berish taklifini hamda 2021 yil 24 iyunda Qo‘qon shahri Turkiy kengashning turizm poytaxti sifatida e’lon qilinishini mazkur tashkilot doirasida turizm sohasini yanada rivojlantirish uchun keng imkoniyat ochilgani bilan izohlash mumkin.

2022 yil 29 iyul kuni O‘zbekiston Prezidentining “Turkiy davlatlar bilan turizm sohasidagi hamkorlikni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinishi turizm rivojini yangi bosqichga olib chiqish uchun amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlarni belgilab berdi. Xususan, Kengashga a’zo mamlakatlar ahlini mamlakatimizning tarixiy madaniy merosiga jalb qilish hamda umumiy madaniy merosimizni barcha a’zo va kuzatuvchi davlatlar tillarida targ‘ib qilish, turistik mahsulot va xizmat turlarini diversifikatsiya qilish, ziyorat turizmi uchun qulay muhit yaratish respublikamizning ushbu yurtlar bilan turizm hamkorligini mustahkamlash barobarida, mintaqaning turistik jozibadorligini ham oshiradi.

Bu jarayonda ziyorat turizmiga urg‘u berilarkan, muntazam havo, avtomobil va temir yo‘llari qatnovini ta’minlash, “Tabarruk ziyorat” turizmi platformasini ishlab chiqish, umumturkiy madaniy meros ob’ektlari konservatsiyasi va restavratsiyasini amalga oshirish, turizm sohasi mutaxassislari almashinuvini yo‘lga qo‘yish, barcha mamlakatlar turizm salohiyatini aks ettiruvchi ko‘rsatuvlarni tayyorlash va xalqaro telekanallarda keng yoritish kabi sa’y-harakatlarni amalga oshirish belgilab qo‘yilgan.

Tashkilotga a’zo mamlakatlar doirasida sayyohlarni jalb qilish, xususan, “Turkiy dunyoning turizm poytaxti” maqomini olgan Qo‘qon va Marg‘ilon shahrini “UNESCO Creative Cities Network” indeksiga kiritish hamda respublikamizning turistlar uchun jozibadorligini oshirish maqsadida turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish alohida ahamiyat kasb etadi. Jumladan, “Turkiy xalqlar hunarmandligi” forumi, “Samarqand qog‘ozining jahon ilm-fani va xalqaro iqtisodiyotda tutgan o‘rni”, “Marg‘ilon ipak matolarining o‘rta asrlar xalqaro bozoridagi ahamiyati” mavzularida ko‘rgazma va ilmiy konferensiya, “Do‘mbira va qo‘biz”, “Chanqovuz va sibizg‘a”, “Turkiy tilli yoshlar xalqaro festivali” kabi festivallar, turli mavzularda teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishlari, infoturlar, tematik musobaqa va sayllar o‘tkazish rejalashtirilgan.

Yuqorida sanab o‘tilgan chora-tadbirlar amalga oshirilishi 2022-2026 yillar davomida Kengashga a’zo davlatlardan mamlakatimizga 5 milliondan ziyod sayyoh kirib kelishi, ularga 1.3 milliard dollarga yaqin turizm xizmati ko‘rsatilishiga imkon yaratadi.

Bir so‘z bilan aytganda, Turkiy davlatlar aro turizm sohasini yanada rivojlantirishga qaratilgan ishlar qardosh yurtlar bilan do‘stlik rishtalarining yanada mustahkamlashi shubhasiz. Qolaversa, ayni sa’y-harakatlar Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining muhim yo‘nalishlari qatoridan o‘rin olgan turizmni yuksaltirish maqsadlari bilan ham uyg‘un.

O‘zA muxbiri Behruz Xudoyberdiyev tayyorladi.