Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Turizm: tumanlararo bo‘linma faoliyat boshladi
10:29 / 2025-02-24

Buxoro viloyatining G‘ijduvon, Vobkent va Shofirkon tumanlarida turistik muhitni yaxshilash, sayyohlik salohiyatini oshirish hamda bu borada mavjud infratuzilmani rivojlantirish, marshrut yo‘nalishlarini kengaytirish maqsadida hududda tumanlararo bo‘linma faoliyati yo‘lga qo‘yildi. G‘ijduvon tumani, “Qo‘rg‘on” turizm mahallasida tumanlararo bo‘linmaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda respublika Turizm qo‘mitasi mas’ul xodimi Shavkat Sharipov, “Turizm xizmatlarini sertifikatlashtirish markazi” DUK mutaxassisi Suhrob Fayziyev, Buxoro viloyati turizm boshqarmasi boshlig‘i Suhrob Bobokalonov va jamoatchilik vakillari qatnashdi. 

So‘nggi yillarda viloyatda sayyohlik sohasi rivojlanayotgani, xususan, qadim Buxoroga kelayotgan xorijiy sayyohlar soni yil sayin ortib borayotgani natijasida hududda turizm infratuzilmasi shakllandi. Turizm qishlog‘i va etno mahallalar paydo bo‘layotgani mazkur tumanlararo bo‘lim faoliyatiga ehtiyojni oshirdi. 

Birgina G‘ijduvon tumani azaldan savdogar tijoratchilar manzili bo‘lgani bois, tuman markazidagi Qo‘rg‘on mahallasida ham bugunga kelib yuzdan ortiq nonvoy, qandolatchi-holvapazlar, qassoblar, hunarmandlar, savdogar tijoratchilar  istiqomat qiladi. Xoja Abduxoliq G‘ijduvoniy ziyoratgohi bilan uyg‘unlikda qadimiy “G‘ijduvon Qo‘rg‘oni”ni qayta tiklash orqali Buxoroning bir qismi sifatida ochiq osmon ostidagi muzey barpo qilishga kirishilgan.

Pudratchi “DJ Progect building” tomonidan qadimiy “G‘ijduvon qo‘rg‘oni”ning dastlabki loyihasi ishlab chiqilgan. Xalqaro ekspertlar hamda O‘zbekistondagi Markaziy Osiyo xalqaro tadqiqotlar instituti boshchiligida XIX asrga oid “Bozori qaymoq”, “Boloyi qassobon”, “Boborahimboy” masjidlari va XVI asrga oid “Eski tosh hammom” kabi qadimiy inshootlardagi qayta ta’mirlash va tiklash ishlari yakunlanib, mahalliy aholi va xorijiy sayyohlar uchun barcha sharoitlar yaratilgan.

Shuningdek, Shofirkon tumanida ko‘p ming yillik inshootlar qatorida tarixiy ahamiyatga ega “Vardonze” qo‘rg‘oni, “Yetti Pir” silsilasiga mansub avliyolardan Xoja Orif Ar-Revgariy, Vobkent tumanidagi Xoja Anjir Fag‘naviy ziyoratgohi va boshqa qadamjolar, “Shirin” etnoturistik qishlog‘i sayyohlar qiziqishiga sabab bo‘lmoqda. 

Tadbirda “Qo‘rg‘on” mahallasi iqtidorli yoshlarining qo‘l mehnati namunalari, mahalla hunarmandlari, jumladan, G‘ijduvon kulchasi, holva-shirinliklari, milliy taomlari, kulolchilik buyumlari namoyishlari hamda folklor jamoasi chiqishlari ishtirokchilarga xush kayfiyat bag‘ishladi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri