So‘nggi yillarda Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida turizm sohasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. 2025 yilda tabiiy va tarixiy salohiyatdan samarali foydalanish, infratuzilmani yaxshilash hamda aholi bandligini ta’minlashga qaratilgan loyihalar yangi bosqichga olib chiqildi.
Eng avvalo, tumanda transport infratuzilmasini yaxshilash borasida qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, “Ko‘ksaroy” suv ombori orqali Angidon mahallasiga olib boruvchi avtomobil yo‘lining 19 kilometr qismi ta’mirlanishi natijasida turistlar uchun masofa 40 kilometrga qisqardi. Bu nafaqat vaqt va xarajatni tejash, balki hududga tashrif buyuruvchilar sonining ortishiga xizmat qiladi.
Shuningdek, Angidon va Langar mahallalarida 2,5 kilometr ichki yo‘llar ta’mirlanib, zamonaviy yoritish chiroqlari o‘rnatildi. Bu ishlar mahallalar qiyofasini o‘zgartirish barobarida, turistlar uchun qulay va xavfsiz muhit yaratmoqda.
Turizmni rivojlantirishda eng muhim jihatlardan biri aholi ishtirokini ta’minlashdir. Mazkur mahallalarda har birida 40 tadan, jami 80 ta mehmon uylarining tashkil etilishi buning yaqqol isbotidir. Natijada qariyb 100 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Bu esa mahalliy aholi daromadlarining oshishi, xizmat ko‘rsatish sohasining kengayishiga olib kelmoqda.
[gallery-27025]
Langar mahallasida 1,8 milliard so‘mlik investitsiya asosida barpo etilgan “Yoshlar bog‘i” esa hududning ijtimoiy-turistik jozibadorligini yanada oshirdi. Mazkur loyiha doirasida 20 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Albatta, yo‘l, xizmat, dam olish va mehmonxona infratuzilmasining bir-biri bilan uyg‘un rivojlanishi hududning investitsiyaviy jozibadorligini oshiradi. Eng muhimi, bu islohotlar aholi farovonligini ta’minlash, yangi ish o‘rinlari yaratish va tuman imijini yuksaltirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari