Toshkent viloyatida “Fransiya – O‘zbekiston Turizm va madaniy meros kunlari” doirasida taqdimot o‘tkazildi. Unda Toshkent viloyati Turizm boshqarmasi mas’ullari, Fransiyaning turizm va qurilish sohasidagi yirik kompaniyalari vakillari, mahalliy tadbirkorlar va hamkor tashkilotlar mutaxassislari qatnashdi.
Asosiy maqsad tomonlar o‘rtasida ichki turizm va sayyohlik sohasidagi tajribalarni almashish, hamkorlikni kengaytirish va bu orqali kelgusida ko‘plab istiqbolli loyihalarni amalga oshirishdir. Dastlab mehmonlar o‘z taqdimotlarini o‘tkazishdi. Viloyat mutaxassislari tomonidan hududning sayyohlik salohiyati haqida axborot berildi. Xususan, Bo‘stonliq, Parkent, Angren va Ohangaron kabi tabiati go‘zal tuman-shaharlarning bu sohadagi imkoniyatlarini yanada kengaytirish lozimligi ta’kidlandi.
Toshkent viloyatining turizmga ixtisoslashgan joylarida fransuz arxitekturasi asosida energiya tejamkor mehmonxona, chang‘i kurorti qurish rejalashtirildi. Shu bilan birga o‘zaro ekoqishloqlar dizaynini yaratish bo‘yicha ham yig‘ilish o‘tkazildi. Unda qurilishi rejalashtirilgan mehmonxonalarda suv tejashni yo‘lga qo‘yish, tejamkor elektr energiyasidan samarali foydalanish bo‘yicha loyihalar ko‘rib chiqildi. O‘z navbatida viloyatning turizm sohasidagi tadbirkorlik subyektlari, jumladan, “Uzumfermer” vinochilik va “Moon-Travel” turoperatorlik kompaniyalari kelgusida hamkorlikni kengaytirish yuzasidan bir qator kelishuvlarga erishdi.
[gallery-17006]
A.Musayev,
D.Ernazarov (surat), O‘zA.