Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Turizm sohasi vakillari – Samarqandda
15:35 / 2023-02-10

Samarqand shahrida “International Travel Bazaar 2023” Samarqand turizm forumi boshlandi. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi ko‘magida tashkil etilgan mazkur tadbir Markaziy Osiyoda sayohat tajribasini shakllantiruvchilar va turizm xizmatlarini sotuvchilar uchun yil tadbiri hisoblanadi. Ikkinchi marta o‘tkazilayotgan bu yilgi forum turizm sohasida xalqaro rivojlanish, hamkorlik va yangi yechimlarni izlashga qaratilgan.

Unda AQSH, Isroil, Germaniya, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va boshqa davlatlar hamda mamlakatimizdagi sayyohlik sohasi vakillari, turoperator va gid-tarjimonlar ishtirok etmoqda.

Forumning ochilishi marosimida Madaniyat va turizm vazirining birinchi o‘rinbosari Ulug‘bek A'zamov, Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari Rustam Qobilov, Samarqand davlat chet tillar instituti rektori Ilhomjon To‘xtasinov mazkur tadbirning ahamiyati va undan kutilayotgan natijalar, yurtimizda sohani rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritdi.

– Ushbu forum yurtimiz va xorijlik turizm sohasi vakillari uchun o‘zaro tajriba almashish, hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish uchun qulay platforma hisoblanadi va biz buni qo‘llab-quvvatlaymiz, – dedi U.A'zamov. – Bugun yurtimizning turistik imkoniyatlaridan samarali foydalanish va bu boradagi salohiyatimizni yanada oshirishga alohida e’tibor qaratilayotgan bir paytda bu kabi xalqaro forumlarning ahamiyati katta. Yaxshi bilasizlar, keyingi yillarda xorijiy davlatlardan tashrif buyuruvchilar uchun viza rejimi soddalashtirilishi natijasida 91 davlat fuqarolari uchun vizasiz kirish, 56 davlat uchun elektron kirish vizasi rasmiylashtirish, 47 davlat uchun besh kunlik tranzit vizasiz kirish tartibi yo‘lga qo‘yilgan. Sayyohlik sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 100 ga yaqin soliq va bojxona imtiyozlari taqdim etildi, xarajatlar va kreditlarni bir qismini qoplash uchun subsidiya hamda grantlar ajratilmoqda. Natijada, sohada tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan tashabbuskorlar ko‘paydi. Xususan, turoperatorlar 749 tadan 1700 taga, joylashtirish vositalari esa 751 tadan 1143 taga yetdi, o‘z navbatida, 2022 yil yakuni bo‘yicha joylashtirish vositalaridagi xonalarning umumiy soni 33 mingdan oshdi.

[gallery-10522]

2022 yilda turizm sohasida umumiy qiymati 22,1 trillion so‘mlik 735 ta loyiha ishga tushirildi. Tadbirkorlikni rivojlantirish, investitsiya jalb qilish hamda raqobatbardosh xizmatlarni yo‘lga qo‘yishga berilgan e’tibor natijasida turizm bozoriga Hilton, Marriott, Hyatt, Wyndham, InterContinental Hotels Group, Movenpick, Swissôtel va Accor kabi yetakchi mehmonxona brendlari kirib keldi. Ular nafaqat Toshkent shahri, balki, Buxoro, Samarqand, Jizzax va Xorazm hududlarida o‘z faoliyatlarini tashkil qilmoqda. bugungi kunda yurtimizda turistlarning o‘rtacha qolish kunlari 4-5 kunni tashkil etib, 2021 yilga nisbatan 1,5 baravarga ortdi. Yurtimizga kelgan xorijiy turistlar 2017 yilda 2,7 million nafarni tashkil etgan bo‘lsa, o‘tgan yil bu raqam 5,1 milliondan oshdi.  

Forum yalpi majlis va mahorat mashg‘ulotlari tarzida o‘z ishini davom ettirmoqda. Ikki kunlik anjuman va sayyohlik ob’ektlariga sayohat, tanishuvlar davomida ishtirokchilar gid tarjimonlar faoliyatining o‘ziga xos tomonlari, turizm biznesida xodimga motivatsiya berish va qo‘nimsizlikning oldini olish, brendlar va hududlarni ekspeditsion formatda targ‘ib qilish, turizmda ta’lim, shaharni birinchi raqamli turistik hududga aylantirish va boshqa mavzular yuzasidan o‘zaro fikr almashadi.

Shuningdek, turoperatorlar va gidlar, restavratorlar, mehmonxonachilar va turizm bilan bog‘liq korxonalar, ijodiy industriya va davlat sektori vakillari bilan sayohat tendensiyalari mavzusida suhbatlar tashkil etiladi.

G‘.HASANOV,

A.ISROILOV (surat), O‘zA