Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Turizm sohasi rivojida transport imkoniyatlari muhim
09:43 / 2024-07-12

Yurtimiz hududlarini barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning muhim omillaridan biri – ichki turizmni jadallashtirish, fuqarolarni mamlakatimizning madaniy-tarixiy merosi va tabiiy boyliklari bilan tanishtirishdir. Albatta, turizm sohasi rivojida transport vositasi bilan bog‘liq masalalar muhim sanaladi.

Shu ma’noda joriy yilning mart oyida Qo‘qon aeroporti yangidan ochilgan edi. Kuni kecha O‘zbekiston Prezidentining samolyoti ilk bor Qo‘qon aeroportiga qo‘ndi va davlatimiz rahbari u yerda amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdi.     

Ayni jarayonlar, fuqarolarga yaratilayotgan transport imkoniyatlari, xususan, Qo‘qon aeroportining ichki turizmni jadallashtirish yo‘lidagi vazifalari haqida O‘zbekiston Respublikasi transport vaziri Ilhom MAHKAMOVning fikrlariga qiziqdik.  

– Turizm sohasi, albatta, transport imkoniyatlari bilan rivojlanadi. Prezidentimiz tomonidan turizmni rivojlantirish bo‘yicha bir necha qarorlar qabul qilingan. Jumladan, ichki turizm yo‘nalishiga alohida urg‘u berilib, yurtimizning uzoq hududlaridagi turizm imkoniyatiga ega bo‘lgan joylarga aviatashuvlarni tashkil qilish bo‘yicha bir qator vazifalar qo‘yilgan.   

Qo‘qon shahrida fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasi ichida turizm imkoniyatlaridan foydalanishlari uchun kichik aerodrom ishga tushirildi. Bu aslida avvaldan bo‘lgan. Bugun esa yana fuqarolar parvozlarini qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘ldik, yangi terminal faoliyat yuritmoqda, – deydi transport vaziri.   

Darhaqiqat, «Yo‘ling qancha ravon bo‘lsa, mushkuling shuncha oson bo‘ladi», deb bejiz aytishmagan. 1977 yilda qurilgan mazkur aeroportdan keyinchalik faqat harbiy havo kuchlari foydalangan. Modernizatsiya natijasida aeroport orqali fuqaro aviatsiyasi parvozlari yo‘lga qo‘yildi.     

Vazir bu kabi imkoniyatlar birgina Qo‘qonda emas, yurtimizning boshqa ko‘plab shaharlari, xususan, yaqinda Zominda ham tashkil etilganini eslatib, Qo‘qon aeroporti terminalining imkoniyatlariga urg‘u berdi.   

– Qo‘qon aeroportida “Airbus A320” toifasigacha bo‘lgan samolyotlar uchun yo‘laklar ta’mirlanib, foydalanishga topshirildi. Hozirda “L-410” kichik samolyotlarining kunlik parvozlari amalga oshirilmoqda. Turizm mavsumi boshlanishi bilan “Atr 72 silk avia” kompaniyasining 70 kishilik kunlik parvozlarini yo‘lga qo‘yamiz. Ushbu shahar va uning atrofida bugungi kunda 300 mingdan ziyod aholi yashaydi. Endilikda bu aeroport nafaqat Qo‘qon shahri, balki viloyat  ahlini poytaxt bilan qulay bog‘lash imkonini beradi, – deydi transport vaziri Ilhom Mahkamov.   

Ma’lumot o‘rnida aytish mumkin, Qo‘qon aeroporti terminali 100 kishiga bemalol xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega. Kattaroq samolyotlar parvoziga ehtiyoj tug‘ilsa, uchish yo‘laklarini kengaytirish imkoniyati bor.  

O‘zA muxbiri

Abdulaziz RUSTAMOV yozib oldi.