Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Turizm salohiyati yuksalmoqda
09:40 / 2019-03-12

Muqaddas qadamjo va ziyoratgohlarni obod qilish, sayyohlik, ayniqsa, ichki turizmni rivojlantirish bugunning dolzarb vazifalaridan biriga aylandi.


Muqaddas qadamjo va ziyoratgohlarni obod qilish, sayyohlik, ayniqsa, ichki turizmni rivojlantirish bugunning dolzarb vazifalaridan biriga aylandi. Zero, tarixni anglash ma’naviyatni yuksaltirish, madaniyatni oshirish, ayniqsa, millat ruhida faxr tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qiladi. 

Navoiy viloyatining Nurota tumani qadimiy boy o‘tmishga ega, turizm salohiyati yuksak hududlardan biridir. Tumandagi Chashma ziyoratgohi yil davomida sayyoh va ziyoratchilar bilan gavjum. Ayni jihatlar puxta inobatga olingan holda majmuada mehmonlarga qulaylik yaratish, hududning asl tarixi va madaniyati bilan yaqindan tanishishi uchun sayyohlarga milliylikni o‘zida aks ettirgan noyob infratuzilmani yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. 

Xususan, bugungi kunda majmua atrofida ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Ziyoratgoh yonida muhtasham muzey binosi, Hunarmandchilik markazi barpo etildi. Ayni paytda obida yonida 50 o‘ringa mo‘ljallangan milliy mehmonxona qad rostladi. 

– Mehmonxonani bunyod etishda hududning arxitektura tarixi, o‘ziga xos me’morchiligi puxta o‘rganildi, – deydi Nurota tumani hokimligi qurilish bo‘limi bosh mutaxassisi Orif Oxunjonov. – Shu bois, respublikamizning turli hududlaridan usta-hunarmandlar bunday nozik qurilishga jalb etildi. Qo‘qonlik, buxorolik qo‘ligul ustalar mehnatidan keng foydalanildi. Maskanda har bir detalga alohida e’tibor qaratilib, mehmonlar uchun zarur imkoniyatlar yaratilmoqda. Xususan, binoning yerto‘la qismida sport zali hamda dam oluvchi ziyoratchilarga namozxona ajratilgan. Birinchi qavatda imkoniyati cheklangan sayyohlar uchun maxsus xonalar mavjud. 

Chashma majmuasi atrofini ko‘rkam ko‘rinishga keltirish maqsadida atrofdagi xonadonlarning ma’lum qismi boshqa, aholi uchun qulay hududlarga ko‘chirilmoqda. Ko‘chirilgan xonadonlar o‘rnida umumiy qiymati 7,8 milliard so‘mlik obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari yakunlanmoqda. Tig‘iz va biroz betartib uylar o‘rnida 2 va 3 qavatli turar joy binolari qurilayotir. Zamonaviy ko‘p qavatli xonadonlarning 1-qavatida hunarmandlik rastalari va savdo do‘konlari joylashadi. Masalan, 3 qavatli uyning yuqori qismida uy-mehmonxona tashkil etilishi xorijiy sayyohlarning o‘zbek oilasi turmushi, xususan, Nurota madaniyati bilan yanada yaqinroq tanishish, milliy taomlarning tayyorlanish jarayonlarini o‘rganishiga keng imkon beradi. O‘zbeklarning mehmon kutish odobi naqadar betakror ekanini dildan his etadi. 

5.jpg

Joriy yilda “Chashma” majmuasi hududida qiymati 5 milliard so‘mlik 1,1 kilometr ichki yo‘llar to‘liq ta’mirlanib, 13 ta zamonaviy tungi yoritkichlar hamda 0,7 kilometr suv lotoklari o‘rnatildi. Obida hududidagi “Saidato”, “Domalla” masjidlari 187 million so‘m mablag‘ evaziga ta’mirlangan bo‘lsa, “Chilustun” va “Panjvaqta” masjidlarida 1,8 milliard so‘mlik ta’mirlash va qayta qurish ishlari amalga oshirilmoqda. Shuningdek, bugungi kunda majmua hududidagi “Shayx abul Hasan Nuriy” maqbarasida 327 million so‘mlik to‘liq qayta ta’mirlash ishlari yakuniga yetkazilmoqda. 

Tumanda bugungi kunda turizm bilan shug‘ullanuvchi 10 dan ortiq xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar turistik xizmatlar ko‘rsatib kelmoqda. 

Viloyatning Navbahor tumanida joylashgan “Sarmishsoy” darasida sayyohlar uchun joriy yilda 40 ta uy-joy qurildi. 

“Muhabbat bog‘i” mas’uliyati cheklagan jamiyati tashabbusi bilan barpo etilgan yangi dam olish maskani esa bir vaqtning o‘zida 200 sayyohga xizmat ko‘rsatish imkoniga ega. Eng muhimi, yangi ob’ektning foydalanishga topshirilishi natijasida 40 kishi doimiy ish bilan ta’minlandi. 

“Sarmishsoy” hududida qulay sayyohlik imkoniyatlarni yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mazkur hududda 2019-2020 yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi asosida 36 kilometrlik elektr energiyasi tarmog‘i tortilishi rejalashtirilgan. Ayni paytda “Uchtut Javohir toshlari” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan bu yerda barcha qulayliklarga ega dam olish maskani tashkil etilayotir. Yangi ob’ektlarni elektr ta’minotiga ulash uchun 245 dona tayanch, 36 kilometr o‘tkazgich va 1 dona transformator o‘rnatish lozim. Buning uchun esa 1 milliard so‘m mablag‘ talab etiladi. 

Xalq deputatlari viloyat kengashining navbatdan tashqari sessiyasida mazkur masala muhokama qilinib, deputatlar tomonidan talab etiladigan mablag‘ni viloyat mahalliy budjetidan ajratish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. 

Bugungi kunda mazkur qaror ijrosi yuzasidan mas’ul tashkilotlar tomonidan amaliy sa’y-harakatlar boshlab yuborilgan.