English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Turizm rivojiga qaratilgan loyihalar samara bermoqda
15:51 / 2024-12-16

Buxoro o‘zining noyob tarixiy obidalari, me’moriy ansambllari va ko‘p asrlik madaniyati bilan O‘zbekistonning asosiy sayyohlik maskanlaridan biri sanaladi.

YUNESKOning Butunjahon merosi ob’ekti bo‘lgan shahar muhim madaniy va tarixiy markaz sifatidagi ahamiyatini saqlab, sayyohlik infratuzilmasini doimiy ravishda rivojlantirib borishi bilan jahon ahli e’tiborini tortadi.  

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Islom iqtisodiyoti va moliyasi, ziyorat turizmi kafedrasi mudiri, professor Olim Astanaqulov turizm infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan kompleks yondashuvlarning samarasi xususida fikrlarini bildirdi.

– Mamlakatimizda turizm infratuzilmasini rivojlantirish, jumladan, xorijiy va mahalliy mehmonlar oqimini rag‘batlantirishga qaratilgan tashabbuslar doirasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Birgina Buxoro viloyati misolida oladigan bo‘lsak, 2024 yilda u yerda 14 ta mehmonxona, 10 ta yotoqxona, 36 ta oilaviy mehmon uylari qurildi. Ayni paytda viloyatda 598 ta joylashtirish ob’ekti faoliyat ko‘rsatmoqda, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 11,3 foizga ko‘p. Albatta, turar joylar soni ko‘paygani sari ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati ham oshib bormoqda. Yangi mehmonxonalar va mehmon uylarning paydo bo‘lishi sayyohlar talabiga javob beradigan xizmat ko‘rsatish standartlarini mustahkamlashga undaydi.

Ta’kidlash kerakki, sayyohlarni jalb qilishda yangi xalqaro aeroportning qurilishi transport qulayligini oshirishning asosiy omili bo‘ldi. Aeroport zamonaviy infratuzilmaga ega bo‘lib, turli mamlakatlar bilan yanada qulay va to‘g‘ridan-to‘g‘ri havo transporti aloqalarini ta’minlaydi.

Shu o‘rinda yana raqamlarga e’tibor qiladigan bo‘lsak, joriy yilning 9 oyida viloyatga 1 million 118 ming nafar xorijiy sayyoh kelgan, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 16,8 foizga ko‘pdir. Eksportda turistlarga xizmat ko‘rsatishdan olingan daromad yuqori bo‘ldi.  

Shuningdek, mahalliy sayyohlarning ham qiziqishi ortib borayotganini alohida ta’kidlash joiz. Joriy yilning yanvar-sentyabr oylarida turli viloyatlardan 3,1 million kishi Buxoroga tashrif buyurgan, bu o‘tgan yilga nisbatan 15,9 foizga ko‘pdir.

Ichki turizmni rivojlantirishga yo‘naltirilgan “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” dasturi yildan-yilga mahalliy turizmni harakatga keltirishda samarali usullardan biriga aylandi. Bu tarixiy joylarga, etnik-madaniy turizmni rivojlantirishga xizmat qiluvchi yangi turistik loyihalarga ekskursiyalar tashkil etish uchun turtki bo‘lmoqda.

Xalqaro sayyohlik oqimining ko‘payishi mintaqaning madaniy va tarixiy merosini targ‘ib qilish bo‘yicha olib borilayotgan maqsadli sa’y-harakatlari samarasidir. Bugungi kunda Rossiya, Qozog‘iston, Turkiya, Indoneziya va Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridan Buxoroga turistlar sezilarli darajada ko‘paygan.

Darhaqiqat, turizm industriyasining hozirgi tendensiyalari madaniy, ko‘ngilochar va ekologik jihatlarni o‘zida mujassam etgan turistik mahsulotlarni yaratishga kompleks yondashuvni talab qilmoqda. Viloyatda sayyohlarning turli toifalari ehtiyojlariga mos noyob infratuzilmani yaratish, loyihalar ishlab chiqishga alohida kirishilgan.

Ulug‘ tabib va faylasuf Abu Ali ibn Sino tug‘ilib o‘sgan Afshona qishlog‘ida “Etnik turizm shaharchasi” barpo etilishi kabi loyihalar ham o‘z samarasini bermay qo‘ymaydi. Ushbu etnik qishloq tarixiy va etnografik turizm elementlarini birlashtirgan muhim madaniy joyga aylanadi.

Turizmni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlaridan yana biri esa gastronomik ko‘chalar va etnik aholi punktlarini barpo etish hisoblanadi. Bu nafaqat hududning iqtisodiy rivojlanishiga, balki madaniy merosni asrab-avaylashga ham xizmat qiladi. Milliy taomlar namoyish etiladigan gastronomik ko‘chalar sayyohlar uchun O‘zbekiston pazandalik an’analariga sho‘ng‘ish uchun noyob imkoniyatdir. Mazkur loyiha doirasida osh, manti, somsa kabi o‘zbek milliy taomlarini tayyorlash bo‘yicha festival va mahorat saboqlari muntazam tashkil etilmoqda.

Ekoturizm va madaniy turizmni rivojlantirish esa barqaror turizmning muhim yo‘nalishidir.

Mamlakatning tabiiy boyliklari, jumladan, tog‘li hududlar, qo‘riqxona va cho‘llar ekoturizm yo‘nalishlari uchun asos bo‘ladi. Sayyohlarga qadimiy madrasa, maqbara, masjid va qal’alar kabi tarixiy obidalar taklif etilayotgani hudud tarixi va madaniyatini yanada to‘liqroq ochib berish imkonini bermoqda.

Shuningdek, tarixiy ob’ektlarning 3D modellarini yaratish kabi yangi texnologiyalar ishlab chiqilishi ham ayni muddaodir. Ayni maqsadda oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlikda ziyorat ob’ektlarining 3D modellari yaratilmoqda. Bu esa sayyohlarga shaharga tashrif buyurishdan oldin uning madaniy diqqatga sazovor joylari bilan virtual tanishish imkonini beradi.

Tahlillarga ko‘ra, 2025 yilda Buxoro viloyatiga sayyohlar soni 6,1 million kishiga yetishi kutilmoqda.

Buxoroga investitsiya dasturlari doirasida umumiy qiymati 106,4 million dollar bo‘lgan 44 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan, shundan 20 million dollari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalardir. Bu loyihalar qatorida 37 ta mehmonxona, 1 ta hostel, 3 ta motel, 1 ta restoran, ekoturizm markazi va yirik turistik savdo majmuasi barpo etiladi. Bunday yirik xorijiy investorlarni jalb qilish nafaqat turizm infratuzilmasini yaxshilashga, balki mehmonxona va restoran biznesiga ilg‘or texnologiyalarni joriy etishga ham hissa qo‘shadi.

Mazkur loyihalarning amalga oshirilishi katta iqtisodiy samaralar, jumladan, yangi ish o‘rinlari yaratilishi va turizm xizmatlari eksportidan tushadigan daromadlarning oshishiga olib keladi. Turistlar oqimining ko‘payishi va infratuzilma 2025 yilga borib turizmdan tushadigan daromadlarning 550 million dollargacha oshishiga sabab bo‘ladi.

Tashabbuslarning amalga oshirilishi sayyohlarning mamlakatda o‘rtacha bo‘lish muddatini 4 kundan 5,5 kunga oshirishga, qariyb 10 ming yangi ish o‘rni yaratilishiga, turizm sanoati va unga aloqador tarmoqlarda 80 ming kishini ish bilan ta’minlashiga olib keladi.

Umuman olganda, puxta o‘ylangan strategiya va turizm infratuzilmasini rivojlantirishga kompleks yondashuv tufayli bugungi kunda Buxoro xalqaro sayyohlik markazi sifatidagi mavqeini ishonch bilan mustahkamlamoqda.

Abdulaziz RUSTAMOV, O‘zA